|
19. "Maryam"
| |
MoniKa | Дата: Шанба, 09.05.2009, 10:02:47 | Сообщение # 1 |
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
| MARYAM SURASI To‘qson sakkiz oyatdan iborat bo‘lgan bu sura Makkada nozil qilingan. Bu surada ham bir qancha payg‘ambarlar qissalari zikr qilinadi. Boshlab Zakariyo va uning keksalik chog‘ida ko‘rgan farzandi Yahyo haqida so‘zlanib, so‘ngra eng ajib va g‘arib qissa — Maryam va uning beota dunyoga kelgan va beshikda yotgan chog‘idayoq tilga kirib o‘zining kimligini aytgan farzandi Iysoning qissasi hikoya qilinadi va Yaratgan nazdida bu oson ish ekanligi ta’kidlanadi. Suraning Maryam deb nomlanishiga ham sabab shudir. Yana bu surada Alloh taoloning payg‘ambarlaridan Ibrohim, Ishoq, Ya’qub, Muso, Horun, Ismoil, Idris va Nuhlarning nomlari ham zikr qilinib, ularning barchalari bir zanjirning halqalari ekanliklari, ya’ni Yagona Allohning diniga da’vat etganliklari yana bir bor eslatib o‘tiladi. Shuningdek, bu surada qiyomatning ayrim manzaralari, u kunning dahshatlari — jahannamga tashlanishlarini kutib, tiz cho‘kib turgan kofirlarning ahvoli ilohiy qalam bilan chizib beriladi. Lekin U zotning yolg‘iz Allohga bandalik qiladigan kishilarga bu dunyoda ham, u dunyoda ham rahm-shafqatli ekanligi ta’kidlanib, suraning bir necha o‘rinlarida Alloh kalimasining o‘rniga Rahmon-Mehribon so‘zi qo‘llanadi. Sura nihoyasida Alloh taoloning farzand va sherikdan pok — tengi yo‘q zot ekani yana bir karra uqtirib o‘tiladi. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Kof, Ho, Yo, Ayn, Sod. I z o h.Bu sura ham yuqorida o‘tgan va quyida keladigan ayrim suralar kabi «xurufi muqatta’ot», ya’ni ma’nodan uzilgan yolg‘iz-yolg‘iz harflar bilan boshlandi. 2. (Ey Muhammad, ushbu) Parvardigoringiz O’z bandasi Zakariyoga qilgan marhamatining zikri-qissasidir. 3-4. Eslang, Parvardigoriga xufyona duo-iltijo qilib, degan edi: «Parvardigorim, darhaqiqat mening suyaklarim mo‘rtlashdi, keksalikdan boshim — sochim oqardi. Parvardigorim, men senga duo qilib (hech qachon) noumid bo‘lgan emasman. 5-6. Men ortimda qoladigan qarindosh-urug‘larim (mening dinimni zoe qilib yuborishlari)dan xavfdaman. Xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan. Endi Sen (menga) o‘z dargohingdan menga va (bobom) Ya’qub xonadoniga merosxo‘r bo‘ladigan bir do‘st (ya’ni farzand) hadya etgin va uni (O’z nazdingda) rozi bo‘linadigan (solih) kishilardan qilgin». 7. (Alloh aytdi): «Ey Zakariyo, Biz senga bir farzand xushxabarini berurmizki, uning ismi Yahyo bo‘lib, ilgari unga biron (kimsani) otdosh qilgan emasmiz». 8. (Zakariyo) dedi: «Parvardigorim, xotinim tug‘mas bo‘lib qolgan, o‘zim esa keksalikning (umrimning) nihoyasiga yetib qolgan bo‘lsam, mendan qanday farzand (bunyod) bo‘lsin?» 9. (Alloh) aytdi: «Shunday, Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. (Axir) Men ilgari hech narsa bo‘lmagan paytingda seni (ham) yaratgan edim-ku (ya’ni yo‘qdan bor qilgan edim-ku)!» 10. «Parvardigorim, men uchun (kampirim homilali bo‘lganiga) biron belgialomat qilsang», dedi u (Zakariyo). (Alloh) aytdi: «Senga belgi shuki, soppasog‘ bo‘lgan holingda uch kungacha odamlarga gapira olmaysan». 11. Bas, (Zakariyo) mehrobdan qavmining oldiga chiqib, ularga ertayu kech (Allohni) poklab — ibodat etishni ishora qildi. I z o h. Darhaqiqat, Zakariyo alayhis-salom uch kungacha tasbeh o‘girish va Tavrot tilovat qilishdan boshqa narsaga tillari aylanmay qoladi va ibodatxonaga kelgan kishilarga ham faqat imo-ishora bilan pand-nasihat qiladilar. So‘ng vaqti-soati yetib, Yahyo alayhis-salom dunyoga kelgach, Alloh taolo unga go‘daklik chog‘idayoq vahiy yuboradi. Quyidagi oyatlarda shu haqda hikoya qilinadi. 12. (Biz unga): «Ey Yahyo, Kitobni (ya’ni Tavrotni) mahkam ushlagin», (dedik) va unga go‘daklik chog‘idayoq hikmat-ma’rifat ato etdik. 13. Yana unga O’z dargohimizdan mehr va poklik (ato etdik). U taqvoli bo‘ldi. 14. U ota-onasiga mehribon bo‘lib, jabru sitam qiluvchi, quloqsiz emas edi. 15. Unga tug‘ilgan kunida ham, vafot etadigan kunida ham, qayta tiriladigan (qiyomat) kunida ham tinchlik-omonlik bo‘lur (ya’ni u tug‘ilish mashaqqatidan, o‘lim azobidan va qiyomat kunida do‘zaxga tushish xavfidan xolidir). 16-17. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda (ya’ni Qur’onda) Maryamni zikr qiling: U o‘z ahli-oilasidan chetga – kun chiqar tomonga borib, ulardan berkinib olgan paytida, Biz unga o‘z ruhimiz - (ya’ni Jabroil)ni yubordik. Bas u (Maryamga) bus-butun (ro‘y-rost) odam bo‘lib ko‘rindi. 18. (Maryam unga): «Men Rahmonga (ya’ni Allohga) sig‘inib, sendan panoh berishni iltijo qilurman. Agar (Allohdan) qo‘rquvchi bo‘lsang (menga ziyon yetkazmagin),» dedi. 19. (Jabroil) aytdi: «(Qo‘rqmagin), men faqat senga bir pokiza o‘g‘il hadya qilish uchun (kelgan) Parvardigoringning elchisidirman, xolos». 20. (Maryam) dedi: «Menga odamzod tegmagan bo‘lsa, buzuq ayol bo‘lmasam menda qayoqdan farzand bo‘lsin?!»
Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa U bandaga janozayu, kafan hayf.
|
|
| |
MoniKa | Дата: Шанба, 09.05.2009, 10:03:02 | Сообщение # 2 |
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
| 21. (Jabroil) aytdi: «Shunday. Parvardigoring ayturki, bu (ish) Menga osondir. Biz u (bolani) odamlar uchun oyat-mo‘‘jiza va O’z tomonimizdan bo‘lgan rahmat-marhamat qilurmiz. Bu bitgan ishdir. 22. Bas, (Maryam) unga homilador bo‘lib, u bilan birga yiroq bir joyga ketdi. 23. Bas, to‘lg‘oq azobi uni bir xurmo daraxtining shoxiga olib bordi (va u shoxga osilgan holda ko‘zi yorigach), dedi: «Qani, mana shu (kundan) ilgari o‘lib ketsam-u, butunlay unutilib ketsam edi». I z o h. Bibi Maryam o‘sha fursat ochiqqan, chanqagan va nihoyatda qiynalgan edilar. Suv yo‘q, yemish yo‘q, ruhlari tushkun edi. 24. Shunda (xurmo daraxtining) ortidan (Jabroil) nido qildi: «G’amgin bo‘lma, Parvardigoring (oyoq) ostingdan bir ariq oqizib qo‘ydi. 25. (Mana shu qurib qolgan) xurmo shoxini silkitgin, u senga yangi xurmo mevalarini tashlar. 26. Endi sen yeb-ichgin, shod-xurram bo‘lgin. Bas, agar odamzoddan birontasini ko‘rib qolsang (va u sendan bu bolaning otasi haqida so‘rasa) u holda: «Men Rahmon yo‘lida ro‘za tutmoqni nazr (ahd) qilganman, bas, bugun biron insonga so‘zlamayman», degin. 27. So‘ng (Maryam bolasini) ko‘targan holda qavmiga kelganida ular: «Ey Maryam, sen hech kim qilmagan ishni qilding-ku! 28. Ey Horunning singlisi, sening otang yomon odam emas, onang ham fohisha emas edi-ku!» dedilar. 29. Shunda (Maryam og‘iz ochmasdan bolasiga) ishora qildi (ya’ni uning o‘zidan so‘ranglar, dedi). Ular aytdilar: «Beshikdagi go‘dak bilan qanday so‘zlashurmiz?!» 30. (Shu payt chaqaloq, ya’ni Iyso tilga kirib) dedi: «Men Allohning bandasidirman. U zot menga Kitob — Injil ato etdi va meni payg‘ambar qildi. 31. Yana meni qaerda bo‘lsam, xayru-barakotli qildi va modomiki hayot ekanman, namozni (ado etishni) va zakotni (ato etishni) amr qildi. 32. Shuningdek, (Alloh) meni onamga mehribon qildi va meni sitamkor badbaxt qilmadi. 33. Menga tug‘ilgan kunimda ham, vafot bo‘ladigan kunimda ham, qayta tiriladigan kunimda ham tinchlik-omonlik bo‘lur». 34. Ular (ya’ni yahudiy va nasroniylar) shak-shubha qilayotgan Iyso binni Maryam (ya’ni uning haqidagi Allohning) Haq so‘zi mana shudir. I z o h. Yuqorida mazkur bo‘lgan va quyida zikr qilinadigan oyatlarda Iyso binni Maryam Alloh taoloning «Bo‘l», degan amri bilan otasiz dunyoga kelgan bir banda va payg‘ambar ekanliklari to‘g‘risidagi Haq taoloning so‘zi bayon qilinadi va Iyso haqidagi «U valadi zino» deydigan yahudiylarning so‘zi ham, «U xudoning o‘g‘li» deydigan nasroniylarning so‘zi ham botil — nohaq so‘zlar ekani ta’kidlanadi. 35. Alloh uchun hech qanday bola tutish joiz emas — U zot (bunday nuqsondan) pokdir. U biron ishni qilmoqni istasa faqat unga «Bo‘l», der. Bas (o‘sha ish) bo‘lur.
Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa U bandaga janozayu, kafan hayf.
|
|
| |
MoniKa | Дата: Шанба, 09.05.2009, 10:03:18 | Сообщение # 3 |
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
| 36. (Iyso aytdi): «Albatta Alloh Parvardigorim va Parvardigoringizdir. Bas, Unga bandalik qilingiz! Mana shu haq yo‘ldir». 37. So‘ng (yahudiy va nasroniy) firqalar (Iyso xususida) o‘zaro ixtilof qildilar. Bas, kofir bo‘lgan kimsalarga ulug‘ Kun — Qiyomatga guvoh-hozir bo‘lganlarida halokat bo‘lgay. 38. Ular Bizga keladigan kunda juda ham (aniq) ko‘radigan va eshitadigan bo‘lib qolurlar. Lekin u zolimlar bugun ochiq zalolatdadirlar. 39. (Ey Muhammad), siz ularni (ya’ni Makka mushriklarini) barcha ish bitirilib, (ya’ni jannat axli jannatga, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilinib), ular hasratnadomat qilib qoladigan Kundan — Qiyomatdan qo‘rqiting! (Bugun) ular g‘aflatdadirlar, (shu sababdan) ular iymon keltirmaydilar. 40. Shak-shubhasiz Biz O’zimiz bu yerga va undagi bor jonzotga merosxo‘r bo‘lurmiz (ya’ni barcha jonzot o‘tar, yolg‘iz Bizgina qolurmiz). Va faqat Bizgagina qayturlar. 41. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Ibrohim (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat, u juda rostgo‘y payg‘ambar edi. 42. Eslang, u otasiga: «Ey ota, nega sen eshitmaydigan, ko‘rmaydigan va senga biron foyda yetkaza olmaydigan butga ibodat qilursan? 43. Ey ota, darhaqiqat senga kelmagan ilm-ma’rifat menga keldi. Bas, sen menga ergashgin, seni haq yo‘lga hidoyat qilurman. 44. Ey ota, sen shaytonga ibodat-qullik qilmagin. Chunki shayton Rahmonga osiy bo‘lgandir. 45. Ey ota, haqiqatan men senga Rahmon tomonidan azob yetib, (do‘zaxda) shaytonga do‘st-yaqin bo‘lib qolishingdan qo‘rqurman», deganida. 46. (Otasi) aytdi: «Sen mening xudolarimdan yuz o‘giruvchimisan, ey Ibrohim?! Qasamki, agar sen (mening xudolarimni so‘kishdan) to‘xtamasang, albatta, seni toshbo‘ron qilurman va (yoki) meni butunlay tark et!» 47. (Ibrohim) dedi: «Omon bo‘l. Endi Parvardigorimdan seni mag‘rifat qilishini so‘rarman. Shak-shubhasiz U menga mehribon bo‘lgan zotdir. 48. Men sizlardan ham, sizlar Allohni qo‘yib iltijo qilayotgan butlaringizdan ham chetlanurman va (yolg‘iz) Parvardigorimga iltijo qilurman. Parvardigorimga iltijo qilganim sharofatidan (sizlar kabi) badbaxt bo‘lib qolmasman, deb umid qilurman». 49. Bas, qachonki (Ibrohim) ulardan va Ular Allohni qo‘yib sig‘inayotgan butlaridan chetlangach, Biz unga (farzandlari) Ishoq va Ya’qubni hadya etdik va barchalarini payg‘ambar qildik. 50. Shuningdek, ularga O’z fazlu-marhamatimizdan in’om etdik va ular uchun rost, yuksak - maqtovlarni (barqaror) qildik. 51. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Muso (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat u tanlab olingan elchi-payg‘ambar edi. 52. Biz unga Tur (tog‘ining) tomonidan nido qildik va uni munojot qilgan holida (O’zimizga) yaqin etdik. I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom Madyan shahridan Misrga qarab yo‘lga tushib, Alloh taologa munojot qilib ketayotganlarida, o‘ng tomonlaridagi Tur tog‘idagi bir daraxtdan ovoz keladi va o‘sha joyda Alloh taolo bilan bevosita so‘zlashadilar. 53. Biz unga O’z fazlu-marhamatimiz bilan payg‘ambar bo‘lmish og‘asi Horunni hadya etdik. 54. (Ey Muhammad), ushbu Kitobda Ismoil (qissasini) zikr qiling! Darhaqiqat u va’dasi rost elchi-payg‘ambar edi. 55. U o‘z axli-ummatini namoz va ro‘zaga buyurar edi. U Parvardigori nazdida rozi bo‘lingan kishi edi. 56. Yana ushbu Kitobda Idris (qissasini) zikr qiling! Darhahiqat u juda rostgo‘y payg‘ambar edi. 57. Va Biz uni yuksak martabaga ko‘tardik. 58. Ana o‘sha Odam zurriyotidan bo‘lgan (Idris kabi), Biz Nuh bilan birga (kemada) ko‘tarib (to‘fon balosidan najot bergan) kishilardan (ya’ni ularning farzandlaridan bo‘lgan Ibrohim kabi), Ibrohim zurriyotidan bo‘lgan (Ismoil, Ishoq, Ya’qub kabi), Isroil-Ya’qub (zurriyotidan bo‘lgan Muso, Horun, Zakariyo, Yahyo va Iyso kabi) va Biz hidoyat qilgan va tanlab olgan kishilardan bo‘lgan payg‘ambarlardan iborat Allohning in’omiga sazovor bo‘lgan zotlarga qachon Rahmon oyatlari tilovat qilinsa, sajda qilgan va yig‘lagan hollarida yiqilurlar.
Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa U bandaga janozayu, kafan hayf.
|
|
| |
MoniKa | Дата: Шанба, 09.05.2009, 10:03:35 | Сообщение # 4 |
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
| I z o h. Mazkur oyat ham sajda oyati bo‘lib, uni tilovat qiluvchiga ham, tinglaguvchiga ham bir marta sajda qilish vojibdir. 59. So‘ng ularning ortidan namozni zoe qiladigan va shahvatlarga beriladigan kimsalar o‘rinbosar bo‘ldilar. Endi u (o‘rinbosarlar) albatta yomonlikka (ya’ni yomon jazoga) yo‘liqurlar. 60. Magar iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlargina (azobga duchor qilinmaslar). Bas, ular jannatga kirurlar va ularga biron zulm qilinmas. 61. Ular Rahmon g‘oyibda (ya’ni bandalar ko‘ziga ko‘rinmay) turgan holida O’z bandalariga va’da qilgan mangu (yashaladigan) jannatlarga (kirurlar). Albatta U zotning va’dasi amalga oshgusidir. 62. U joyda ular biron behuda so‘z eshitmaslar, magar (ahli jannat tomonidan) salom (eshiturlar xolos). U joyda ular uchun ertayu-kech rizqlari hozirdir. 63. U – Biz bandalarimizdan taqvodor bo‘lgan kishilarga meros qilib beradigan jannatdir. 64. «(Ey Muhammad), biz yolg‘iz Pardigoringizning amri farmoni bilangina nozil bo‘lurmiz. Oldimizdagi (oxirat) ham, ortimizdagi (dunyo) ham, (dunyo va oxirat) o‘rtasidagi barcha ish-amallar ham yolg‘iz Uningdir. Parvardigoringiz unutguvchi emasdir. 65. U osmonlar, yer va ularning orasidagi bor narsalarning hojasidir. Bas, siz Unga ibodat qiling va bu ibodatda sabr-toqatli bo‘ling! Uning uchun biron «teng»ni bilurmisiz?! (Yo‘q! Bilmassiz!)» I z o h. Ushbu ikki oyat Jabroil alayhis-salomning so‘zlaridir. Paygambar alayhis-salomga bir muddat vahiy kelishi to‘xtab qolganidan so‘ng Jabroil kelganida payg‘ambar alayhissalom: «Nega kelmay qoldingiz?» — deb so‘raganlarida, u Allohning amri bilan yuqoridagi so‘zlarni aytgan ekan. 66. (Kofir) inson: «O’lganimdan so‘ng yana tirik holda qabrimdan chiqarilurmanmi?!» der. 67. Axir o‘sha inson Biz uni ilgari o‘zi hech narsa bo‘lmagan paytida yaratganimizni (ya’ni yo‘qdan bor qilganimizni) eslamasmi?! 68. Bas (ey Muhammad), Parvardigoringizga qasamki, albatta, Biz ularni (yo‘ldan ozdirgan) shaytonlari bilan birga to‘plarmiz, so‘ngra (barchalarini) jahannam atrofida tiz cho‘kkan hollarida hozir qilurmiz. 69. Keyin har bir guruhdan qaysi kimsa Rahmonga qattiqroq osiy bo‘lgan bo‘lsa (o‘shani) sug‘urib olurmiz (va jahannamga oturmiz). I z o h. Ulamolar uqtirishlaricha, «Rahmonga qattiqroq osiy bo‘lgan» kimsalar xalqni Haq yo‘lidan ozdirib, boshi berk ko‘chalarga boshlagan dohiylardir. 70. Hech shak-shubha yo‘qqi, Biz o‘zimiz unga (jahannamga) kirishga loyiqroq bo‘lgan kimsalarni yaxshiroq bilguvchidirmiz. 71. Sizlardan har biringiz unga tushguvchidirsiz. (Bu) Parvardigoringiz (amriga binoan) vojib bo‘lgan hukmdir. 72. So‘ng taqvodor bo‘lgan zotlarni (undan) qutqarurmiz va zolim kimsalarni tiz cho‘kkan hollarida (jahannamda) qoldirurmiz. 73. Qachon ularga (ya’ni insonlarga) ochiq-ravshan bo‘lgan oyatlarimiz tilovat qilinsa, kofir bo‘lgan kimsalar iymon keltirgan zotlarga: «Qaysi guruh yaxshiroq martaba va go‘zalroq majlisda?» deydilar. (Ya’ni boy-badavlat mushriklar faqir va miskin mo‘minlarning ustidan kuladilar). 74. Holbuki Biz ulardan ilgari qancha mato’ va suratlari chiroyli bo‘lgan avlodlarni halok qilgandirmiz!
Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa U bandaga janozayu, kafan hayf.
|
|
| |
MoniKa | Дата: Шанба, 09.05.2009, 10:03:51 | Сообщение # 5 |
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
| 75. (Ey Muhammad), ayting: «Kim zalolatda bo‘lsa, bas Rahmon unga muddat — umr bersin. Toki o‘zlariga (ya’ni yo‘ldan ozganlarga) va’da qilgan) azobini yoki qiyomat qoyim bo‘lishini ko‘rgan vaqtlarida, albatta kimning martabasi yomonroq va lashkari ojizroq ekanini bilurlar. 76. Alloh haq yo‘ldagi kishilarga yana hidoyatni ziyoda qilur. Parvardigoringiz nazdida abadiy qolguvchi yaxshi amallar savob jihatidan ham, oqibat jihatidan ham ortiqroqdir». 77. (Ey Muhammad), Bizning oyatlarimizga kofir bo‘lgan va: «Qasamki, albatta (oxiratda ham) menga mol-mulk va bola-chaqa ato etilur», degan kimsani ko‘rdingizmi? 78. U g‘oyibdan xabardor bo‘ldimikin yoki Rahmon dargohidan axdu paymon oldimikin?! 79. Yo‘q! Albatta Biz uning aytayotgan so‘zini yozib qo‘yurmiz hamda uning uchun azobni ziyoda qilurmiz. 80. U aytayotgan (mol-dunyoga) Biz merosxo‘r bo‘lurmiz va u huzurimizga yolg‘iz holda kelur. 81. Ular (ya’ni Makka mushriklari) Allohni qo‘yib, o‘zlariga kuch-qudrat bo‘lishi uchun «xudolar» tutdilar — butlarga sig‘indilar. 82. Yo‘q! (Qiyomat kunida butlari ularni shafoat qilmaydi, balki) ular qilgan ibodatlarni inkor qilurlar va ularga zid – dushman bo‘lurlar. 83. (Ey Muhammad), Biz kofirlarga ularni (gunoh-ma’siyatlarga) qo‘zg‘atadigan shaytonlarni yuborganimizni ko‘rmadingizmi? 84. Bas, siz ular ustida shoshqaloqlik qilmang (ya’ni nega azobga giriftor bo‘la qolmayaptilar, deb hayron bo‘lmang)! Hech shak-shubhasiz Biz ularning (qolgan oy, kunlarini ham, qilayotgan gunoxlarini ham) aniq hisob-kitob qilib tururmiz. 85. Biz taqvodor zotlarni otliq hollarida Rahmon dargohiga to‘playdigan, 86. Va jinoyatchi-kofirlarni jahannamga tushishlari uchun haydaydigan kunni (eslang)! 87. (U kunda) faqat Rahmon nazdida ahdu-paymon olgan, (Allohni bir bilib zimmalaridagi farzlarni ado etgan) kishilargina shafoat qilishga ega bo‘lurlar. 88. (Mushriklar): «Rahmonning bolasi bor», dedilar. 89. (Ey mushriklar), sizlar shunday og‘ir gap aytdingizki, 90-91. Uning (og‘irligidan) — Rahmonning bolasi bor, degan (gapning og‘irligidan) osmonlar yorilib, yer bo‘linib, tog‘lar parchalanib qulab ketishga yaqin bo‘lur. I z o h. Ushbu oyatlarni diqqat va insof bilan o‘qigan kishi darhaqiqat ularni osmonu zaminni ham, tog‘u toshlarni ham yaratgan egasi nozil qilganiga iymon keltiradi. Chunki yerlik odamning xayoliga yer yorilishidan o‘zga narsa kelishi amri mahol. 92. Rahmon uchun bola tutish loyiq emasdir (ya’ni U zot bolaga muhtoj emas). 93. Osmonlar va yerdagi bor jonzot (qiyomat kunida) Rahmon (huzuriga) bo‘yinsungan holda kelur. 94. U zot ularni sanab-aniqlab qo‘ygandir. 95. Ularning barchasi qiyomat kunida yolg‘iz holda U zotning huzuriga kelguvchidir.
Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa U bandaga janozayu, kafan hayf.
|
|
| |
Copyright MyCorp © 2024 |
|
| |
|