Чоршанба, 18.12.2024, 6:57:44

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 28. "Qasas" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
28. "Qasas"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:38:21 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
QASAS SURASI
Qur’oni Karim matnida yigirma sakkizinchi tartibda kelgan bu sura Makka suralaridan bo‘lib, sakson sakkiz oyatni tashkil etadi. Sura o‘z ma’no-mohiyati e’tibori bilan «Shuaro» va «Naml» suralarining davomidir. Bu surada insonlar ibrat olishlari uchun ikki zolim kimsaning qilgan kirdikorlari va topgan oqibat-halokatlari haqida hikoya qilinadi. Ulardan biri qo‘l ostidagi hukmu-saltanat sababli o‘zidan ketib, hatto o‘zini xudo deb atashgacha borib yetgan zolim va mustabid podshoh Fir’avn bo‘lsa, ikkinchisi topgan molu-davlatiga mast bo‘lib, dinu-diyonatni unutgan Qorundir, Qur’on ulardan birini suv, ikkinchisini esa yer yutgani haqida xabar beradi. Bu surada Alloh taoloning suyukli payg‘ambarlaridan Muso alayhis-salomning tug‘ilishlaridan tortib, qanday payg‘ambar bo‘lganlari va ko‘rgach-kechirgan ibratli sarguzashtlari boshqa suralarga nisbatan mufassal va mukammal so‘ylangani sababli uni «Qasas-Qissa» deb atalgandir. Sura ikki dunyo saodati bo‘lmish iymon-e’tiqodga da’vat qilish bilan xotimalanadi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. To, Sin, Mim.

2. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.

3. (Ey Muhammad), iymon keltiradigan qavm (o‘qib, ibrat olishlari) uchun sizga Muso va Fir’avn xabaridan haqqi-rost tilovat qilib (so‘ylab) berurmiz.

4. Darhaqiqat Fir’avn (Misr) yerida tug‘yonga tushib, uning aholisini bo‘lakbo‘ lak qildi. U ulardan bir toifani (ya’ni Bani Isroil qavmini) xorlab o‘g‘illarini so‘yar, ayollarini tirik qoldirar. Albatta u buzg‘unchi kimsalardan bo‘ldi.

5. Biz esa u yerda xorlangan kishilarga marhamat qilishni, ularni (xorbechoralikdan chiqarib, barchaga peshvo zotlarga aylantirishni va ularni (Fir’avn mulkining) vorislari qilishni istaymiz.

6. Yana ularni o‘sha yerda barqaror qilib, Fir’avn va (uning vaziri) Homonga hamda ikkovining lashkarlariga (Bani Isroil) tomonidan o‘zlari qo‘rquvchi bo‘lgan narsani (ya’ni mulku-davlatlari qo‘llaridan ketib, hukmu-saltanat Bani Isroil qavmining qo‘liga o‘tishini) ko‘rsatib qo‘yishni (istaymiz).

7. Biz Musoning onasiga (Musoni tug‘ib, uni ham Fir’avn odamlari kelib o‘ldirishlaridan qo‘rqib turgan paytida) vahiy qildikki: «Uni emizavergin. Bas qachon (Fir’avn odamlari o‘g‘il ko‘rganingni bilishib qolib, uni o‘ldirib ketishlaridan) qo‘rqsang, uni daryoga tashlagin va qo‘rqmagin ham, qayg‘urmagin ham. Zero Biz uni senga (ya’ni tirik holida) qaytarguvchidirmiz va uni payg‘ambarlardan qilguvchidirmiz».

8. Bas uni Fir’avn xonadoni (o‘sib-ulg‘aygach) o‘zlariga dushman va g‘amtashvish bo‘lishi uchun tutib oldilar. Albatta Fir’avn, Homon va ularning lashkarlari xato qilguvchi bo‘ldilar.

9. Fir’avnning xotini (unga): «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko‘z quvonchidir. Uni o‘ldirmanglar. Shoyadki, uning bizlarga nafi tegsa yoki uni bola qilib olsak», dedi. Ular (o‘zlarining halokatlari shu go‘dak qo‘lida ekanini) sezmagan hollarida (uni bola qilib oldilar).

10. Muso (daryoda oqib ketgach), onasining qalbi bo‘m-bo‘sh bo‘lib qoldi. Agar Biz («Musoni o‘zingga qaytarurmiz», degan va’damizga) iymon keltirguvilardan bo‘lishi uchun uning ko‘nglini xotirjam qilmaganimizda, albatta, u (Muso o‘zining o‘g‘li ekanini) ochib qo‘ygan bo‘lur edi.

11. Va (Musoning) onasiga: «Uning (ortidan) tushgin», dedik. Bas u (Fir’avn xonadonidagilar) sezmagan hollarida (Musoni) uzoqdan kuzatib turdi.

12. Biz avval (Musoga barcha) emizguvchi ayollarni harom kildik (bas u biron ayolni emmadi), shunda (uning opasi kelib): «Men sizlarga unga kafil bo‘lib (emizadigan) va unga xolis (tarbiya beradigan) bir oilani ko‘rsataymi?» dedi.

13. Shunday qilib, Biz (Musoning onasining) ko‘zlari shodlanishi va g‘am chekmasligi uchun hamda Allohning va’dasi haq ekanini bilishi uchun uni onasiga qaytardik. Lekin ko‘p (odamlar Allohning va’dasi xaq ekanini) bilmaydilar.

14. Qachonki u voyaga yetib, (aqli) to‘lgach, Biz unga hikmat va bilim ato etdik. Biz chiroyli amal qilguvchi kishilarni mana shunday mukofotlarmiz.

15. (Kunlardan birida Muso) shaharga uning aholisi g‘aflatda bo‘lgan (peshin) paytida kirgan edi, unda ikki kishi urushayotganini ko‘rdi. (Ulardan) biri o‘z guruhidan (ya’ni Bani Isroil qavmidan) va biri dushmanidan (ya’ni Qibtiylardan) edi. (Bas Musoning) guruhidan bo‘lgan kishi undan dushman tomondan bo‘lgan kimsaga qarshi yordam so‘radi. Shunda Muso bir musht urib uni o‘ldirib ko‘ydi. (So‘ng qilib qo‘ygan ishidan pushaymon bo‘lib), dedi: «Bu shaytonning ishidandir. Albatta u yo‘ldan urguvchi ochiq dushmandir»,



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:38:35 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
16. (Keyin Allohga iltijo qilib), dedi: «Parvardigorim, darhaqiqat men o‘z jonimga jabr qilib qo‘ydim. Endi O’zing meni mag‘firat qilgin». Bas (Alloh) uni mag‘firat qildi. Albatta Uning O’zigina mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

17. U (yana) dedi: «Parvardigorim, Sen menga qilgan in’oming haqqi-hurmati endi hargiz jinoyatchi kimsalarga yordam qilguvchi bo‘lmasman».

18. Bas u erta tongda shaharda qo‘rquvga tushib, (biron kori holga) ko‘z tutgan holda ketayotgan edi, banogoh kecha undan yordam so‘ragan (Bani Isroil qavmidan bo‘lgan) kimsa yana (bir Qibtiy bilan urushayotganini va yana) uni yordamga chaqirayotganini (ko‘rdi). Muso unga dedi: «Darhaqiqat sen aniq gumrohdirsan».

19. Endi u o‘zlariga dushman bo‘lgan kimsani (ya’ni Qibtiyni) ushlamoqchi bo‘lgan edi, (Muso endi meni urmoqchi shekilli, deb gumon qilgan Bani Isroildan bo‘lgan kimsa): «Ey Muso, kecha bir jonni o‘ldirganing kabi (bugun) meni ham o‘ldirmoqchimisan?! Sen faqat yer yuzida jabru zulm qilguvchi bo‘lmoqchisan. Sen isloh qilguvchilardan bo‘lishni istamaysan», dedi.

I z o h . Naql qilinishicha, Muso alayhis-salom o‘rtaga tushib Qibtiy bilan Isroiliyni ajratib qo‘ygach, bir kun ilgari o‘ldirilgan qabiladoshining qotili Muso ekanidan xabar topgan Qibtiy borib Fir’avn va uning odamlariga bu haqda so‘zlab beradi. Shunda Fir’avn Muso alayhis-salomni qatl qilishga amr qilib, uni topib kelishi uchun odamlarni yuboradi. Lekin Qibtiylar orasidagi bir diyonatli kishi kelib, Musoni bu haqda ogohlantirib qo‘yadi. Quyidagi oyatda shu to‘g‘risida hikoya qilinadi.

20. Shaharning narigi tarafidan bir kishi shoshgancha kelib: «Ey Muso, (Fir’avn) odamlari seni o‘ldirish uchun til biriktirmoqdalar. Bas sen (bu shahardan) chiqib ketgin. Albatta men senga xolis bo‘lgan kishilardandirman», dedi.

21. Bas u qo‘rquvga tushib, (ortidan yetib kelib qolishlariga) ko‘z tutgan holda u yerdan chiqib, dedi: «Parvardigorim, O’zing menga bu zolim qavmdan najot bergin».

22. Va qachonki Madyan (shahri) tomonga yuzlangach, dedi: «Shoyad Parvardigorim meni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilsa».

23. Qachonki Madyanning suvi - qudug‘iga yetib kelgach, u joyda bir to‘p odamlar (chorvalarini) sug‘orayotganlarini ko‘rdi va ulardan quyiroqda ikki ayol (o‘z qo‘ylarini quduqdan) to‘sib turganlarini ko‘rib: «Sizlarga ne bo‘ldi (ya’ni nega qo‘ylaringizni sug‘ormay turibsizlar)?» dedi. Ular: «Biz to podachilar (mollarini) qaytarmaguncha sug‘ora olmaymiz. Otamiz esa qari chol (ya’ni qo‘ylarimizni sug‘organi kela olmas)», dedilar.

24. Shunda (Muso) ularga (qo‘ylarini) sug‘orib berdi. So‘ngra (bir chetdagi daraxt) soyasiga borib (o‘tirib), dedi: «Parvardigorim, men O’zing men uchun nima yaxshilik (ya’ni rizq) tushirsang, o‘shanga muhtojdirman».

I z o h . Mufassirlar yozishlaricha, hazrati Muso alayhis-salom Fir’avn qavmidan yolg‘iz, bechora, och va dahshatga tushgan holda qochib chiqqanlarida aytdilarki: «Parvardigor, yolg‘izman, xastaman, bechoraman!» Shunda u kishiga javob bo‘ldi: «Ey Muso! Mendek do‘sti bo‘lmagan kishi yolg‘izdir, Mendek tabibi bo‘lmagan odam xastadir, Men bilan aloqasini uzgan kimsa bechoradir». Darhaqiqat, Alloh taolo O’z do‘stlarini yolg‘izlatib qo‘ymasligi haqida quyidagi oyatlarda hikoya qilinadi. Muso alayhis-salom qo‘ylarini sug‘orib bergan ikki qiz Shu’ayb payg‘ambarning qizlari edi. Keksayib qolgan Shu’ayb alayhis-salom qizlarining har kungi odatlaridan ertaroq qaytib kelganlaridan hayron bo‘lib, buning sababini so‘raganlarida, ular bir notanish yigit qo‘ylarini sug‘orib berganini aytadilar. Shunda u zot qizlaridan birini Musoni chaqirib kelish uchun yuboradilar.

25. Bas ulardan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam seni bizlarga (qo‘ylarimizni) sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Bas qachonki (Muso Shu’aybning huzuriga) kelib, unga o‘z qissasini so‘ylab bergach, u: «Qo‘rqmagin. Sen u zolim qavmdan najot topding», dedi.

26. (Qizlardan) biri: «Ey ota, uni (ishga) yollagin. Zero, sen yollagan eng yaxshi kishi kuchli, ishonchli kishidir», dedi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:39:00 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
27. (Shu’ayb) aytdi: «(Ey Muso, agar rozi bo‘lsang), menga sakkiz yil ishlab berishing badaliga men senga mana shu ikki qizimdan birini nikohlab bermoqchiman. Endi agar o‘n yilni to‘latsang (ya’ni to‘la o‘n yil ishlab bersang), sen tomoningdan (bizga marhamat bo‘lur). Men seni qiynashni istamayman. Insha Alloh, sen mening solih kishilardan ekanligimni ko‘rursan».

28. (Muso) dedi: «Mana shu sen bilan mening o‘rtamizdagi (bitimdir). Ikki muddatdan qay birini ado qilsam bas, menga zo‘rlik qilinmas. Alloh aytayotgan so‘zimizga guvohdir».

29. Endi qachonki Muso (kelishilgan) muddatni o‘tab, ahli-oilasi bilan (Misr tomon) yo‘lga tushgach, Tur (tog‘i) tarafdan bir olovni ko‘rib qoldi. U ahlioilasiga: «Sizlar kutib turinglar. Aniqki men bir olovni ko‘rib qoldim. Shoyad sizlarga biron xabar yoki isinib olishlaringiz uchun u olovdan cho‘g‘ olib kelsam», dedi.

30. Endi qachonki uning oldiga yetib kelgach u muborak joydagi vodiyning o‘ng tarafidan — daraxtdan unga nido qilindi: «Ey Muso, albatta, Men barcha olamlarning Parvardigori Allohdirman.

31. Asoingni (erga) tashlagin!» Bas qachon (Muso) uni ilondek qimirlaganini ko‘rgach, ortiga qaramay qochdi. «Ey Muso, kel, qo‘rqmagin. Zero sen (xavfuxatardan) omonda bo‘lguvchi kishilardandirsan.

32. Qo‘lingni cho‘ntagingga solgin, biron ziyon-dardsiz oppoq bo‘lib chiqur va qanotingni (ya’ni qo‘lingni) qo‘rquvdan (ya’ni agar bu mo‘‘jizalardan qo‘rqib ketsang qo‘ltig‘ingga) qisib olgin (u yana o‘z holiga qaytur). Bas shu ikkisi (ya’ni aso bilan qo‘l) Parvardigoring tomonidan Fir’avn va uning odamlariga ikki hujjatdir. Darhaqiqat ular fosiq qavm bo‘ldilar».

33. (Muso) dedi: «Parvardigorim, men ulardan bir jonni o‘ldirib qo‘yganman. Va ular meni o‘ldirishlaridan qo‘rqurman.

34. Og‘am Horun mendan ko‘ra tili go‘yoroqdir. Bas uni men bilan birga meni tasdiqlaydigan yordamchi qilib yuborgin. Chunki meni ular yolg‘onchi qilishlaridan qo‘rqurman».

35. (Alloh) aytdi: «Biz seni og‘ang bilan quvvatlantirurmiz va ikkingiz uchun saltanat (ya’ni g‘alaba ato) qilurmiz. Bas ular sizlarga (biron ziyon) yetkaza olmaslar. Bizning oyat-mo‘jizalarimiz bilan sizlar ham, sizlarga ergashgan kishilar xam g‘olib bo‘lguvchidirlar».

36. Endi qachonki Muso ularga Bizning aniq-ravshan oyat-mo‘‘jizalarimizni keltirgach, ular: «Bu hech narsa emas, magar uydirma-sehrdir. Bizlar bu narsani o‘tgan ota-bobolarimiz (zamoni)da bo‘lganini ham eshitgan emasmiz», dedilar.

37. Muso aytdi: «Parvardigorim kim O’zining huzuridan hidoyat keltirganini ham, oxirat diyoridagi oqibat kimning foydasiga bo‘lishini ham juda yaxshi bilguvchidir. Albatta zolim kimsalar najot topmas».

38. Fir’avn: «Ey odamlar, men sizlar uchun o‘zimdan boshqa biron iloh borligini bilgan emasman. Bas, sen, ey Homon, loyni pishirib, (g‘isht quyib) men uchun bir baland qasr bino qil, shoyadki men (uning ustiga chiqib) Musoning xudosini ko‘rsam. Albatta men uni yolg‘onchi kimsalardan deb o‘ylamoqdadirman», dedi.

39. U (Fir’avn) ham, uning lashkarlari xam (iymon keltirmasliklari bilan) yer yuzida nohaq kibru-havo qildilar va o‘zlarini Bizga qaytarilmaydilar, deb gumon qildilar.

40. Bas Biz uni va lashkarlarini ushladik-da, dengizga tashladik. Endi siz u zolim kimsalarning oqibati qanday bo‘lganini ko‘ring.

41. Va ularni, (dinsiz kimsalarni) do‘zaxga chorlab turadigan peshvolar qilib qo‘ydik. Qiyomat kunida ham ularga yordam berilmas.

42. Biz bu dunyoda ham ularga la’natni ergashtirdik. Qiyomat kunida ham ular (Bizning rahmatimizdan) yiroq qilinguvchi kimsalardandirlar.

43. Aniqki Biz avvalgi asr-avlodlarni (kofirliklari sababli) halok kilganimizdan keyin Musoga odamlar uchun nur, xidoyat va rahmat bo‘lgan Kitob ato etdik. Shoyad ular eslatma-ibrat olsalar.

44. (Ey Muhammad), Biz Musoga ishni (ya’ni payg‘ambarlikni) hukm qilgan paytda siz (Tur tog‘ining) g‘arb tomonida (Biz Muso bilan va’dalashgan joyda turgan) emas edingiz va guvohlardan ham bo‘lgan emas edingiz.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:39:16 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
45. Lekin Biz (Muso zamonidan so‘ng, ko‘p) asrlarni paydo qildik, bas ularga umr-zamon cho‘zilib ketdi (va ular Musoga yuborilgan hukmlarni unutib yubordilar. Shunda Biz hukmu farmonlarimizni odamlarga haqqi-rost yetkazishingiz uchun sizni payg‘ambar qilib yubordik). Siz Madyan ahli orasida turguvchi ham, ularga Bizning oyatlarimizni tilovat qilguvchi ham bo‘lgan emasdingiz. Lekin Biz (sizni) payg‘ambar qilib yuborguvchi bo‘ldik, (bas siz Bizning vahiylarimiz vositasida Muso to‘g‘risida ham, Madyan shahrining ahli haqida ham xabardor bo‘ldingiz).

46. Biz (Musoga) nido qilgan paytda siz Turning yonida bo‘lgan emas edingiz. Lekin (siz) Parvardigoringiz tomonidan rahmat bo‘lib, sizdan ilgari biron ogoxlantirguvchi kelmagan bir qavmni ogohlantirish uchun (payg‘ambar qilindingiz). Shoyad ular eslatma-ibrat olsalar.

47. Agar ularga o‘z qilmishlari sababli biron musibat-balo yetganida: «Parvardigoro, bizlarga payg‘ambar yuborganingda edi, Sening oyatlaringga ergashar va iymon keltirguvchilardan bo‘lur edik», deyishmasa edi (Biz sizni ularga payg‘ambar qilib yubormas edik).

48. Endi qachonki ularga Bizning huzurimizdan haq (payg‘ambar) kelgach esa, ular: «Unga (ya’ni Muhammadga) ham Musoga berilgan mo‘‘jizalar berilganida edi (bizlar unga ergashgan bo‘lardik)», dedilar. Axir ular ilgari Musoga berilgan mo‘‘jizalarga ham kofir bo‘lmaganmidilar?! Ular: «(Tavrot va Qur’on) bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan ikki sehrdir», dedilar, va: «Bizlar (bu ikki kitobdan) har biriga kofirdirmiz», dedilar.

49. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «U holda agar rostgo‘y bo‘lsanglar, sizlar Alloh huzuridan u ikki (Kitobdan) ko‘ra to‘g‘riroq bo‘lgan biron kitob keltiringlar, men unga ergashurman».

50. Endi agar ular sizga javob bera olmasalar, bas, bilingki ular faqat havoyi nafslarigagina ergashurlar. Alloh tomonidan hidoyatlanmagan holda o‘z havoi nafsiga ergashgan kimsadan ham yo‘ldan ozganroq kim bor?! Albatta Alloh bunday zolim qavmni xidoyat qilmas.

51. Aniqki, Biz eslatma-ibrat olishlari uchun ularga So‘zni — Qur’onni ulab (ya’ni paydar-pay nozil qildik).

52. Biz (Qur’ondan) ilgari Kitob (ya’ni Tavrot, Injil) ato etgan zotlar (ya’ni yahudiy va nasroniylar orasidagi mo‘minlar) unga (ya’ni Qur’onga) iymon keltirurlar.

53. Qachonki ularga (Qur’on) tilovat qilinsa ular: «Bizlar unga iymon keltirdik. Albatta, u Parvardigorimiz tomonidan bo‘lgan Haqiqatdir. Shak-shubhasiz, bizlar (Qur’on nozil bo‘lishidan) ilgari ham musulmonlar (ya’ni Allohni yagona bilib bo‘yinsunuvchilar) edik», derlar.

54. Ana o‘sha zotlarga (dinu-iymon yo‘lida) sabr-toqat qilganlari sababli ajrmukofotlari qayta-qayta ato etilur. Ular yaxshilik (ya’ni sabr-toqat) bilan yomonlikni (ya’ni kofirlarning ozorlarini) daf’ qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan infoq-ehson qilurlar.

55. Qachon behuda (so‘z yo ishni) eshitsalar undan yuz o‘girurlar va: «Bizlarning amallarimiz o‘zimiz uchun, sizlarning amallaringiz ham o‘zlaringiz uchundir. Omon bo‘linglar. Bizlar nodon kimsalar bilan (hamsuhbat) bo‘lishni istamaymiz», derlar.

56. (Ey Muhammad), aniqki, siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmassiz, lekin Alloh O’zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. U hidoyat topguvchi zotlarni yaxshiroq bilguvchidir.

I z o h. Ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salomning amakilari Abu Tolib haqida nozil bo‘lgandir. Ma’lumki, Abu Tolib Muhammad alayhis-salomni bolalik chog‘laridan boshlab o‘z otalig‘iga olib to umrining oxirigacha ham u zotga homiylik qilgan bo‘lsa-da, o‘zi Islomga kirmagan edi. Abu Tolib payg‘ambarimizni o‘z o‘g‘lidek yaxshi ko‘rar va u zotni mudom boshqa mushriklarning xurujlaridan himoya qilib kelar edi. Shuning uchun ham unga o‘lim soati yaqinlashganida, payg‘ambar alayhis-salom uni kofir holda o‘lib ketishini istamay: «Ey amaki, «La iloha illalloh» deng, men qiyomat kunida sizni mo‘min holda vafot qilgan deb guvohlik beray», deganlarida, u: «Men sening yo‘ling haq ekanligini bilaman, ammo odamlar: «Abu Tolib o‘limdan qo‘rqib iymon keltirdi», deyishlarini xohlamayman», deb javob bergan ekan. Shunda, o‘zining suyukli amakisi dunyodan beiymon ko‘z yumayotganidan behad g‘am-g‘ussaga to‘lgan payg‘ambariga Haq taolo yuqoridagi oyatni nozil qilgan.

57. Ular (ya’ni Quraysh kofirlari): «(Ey Muhammad), agar bizlar sen bilan birga to‘g‘ri yo‘lga ergashsak, o‘z yerimizdan ajralurmiz», dedilar. Axir Biz ularga tinch-osoyishta Haramni makon qilib bermadikmi?! Barcha narsaning mevahosillari Bizning dargohimizdan rizqu ro‘z bo‘lgan holda o‘sha joyga yig‘iladiku! Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaslar.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:39:30 | Сообщение # 5
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
58. Biz qancha maishati haddan oshgan qishloq-shaharni halok qildik. Bas o‘shalarning maskanlari ulardan keyin kamdan-kam maskan qilindi. (Ularning barchalari halok bo‘ldilar) va (ularni mulku-diyorlariga) Biz O’zimiz voris bo‘lib qoldik.

59. Parvardigoringiz to barcha qishloq-shaharlarning markazlariga Bizning oyatlarimizni ularga tilovat qiladigan bir payg‘ambarni yubormagunicha, (u qishloq-shaharlarni) halok qiluguvchi bo‘lmadi. Biz qishloq-shaharlarni faqat ularning aholisi zolim — kofir bo‘lgan holdagina halok qilguvchi bo‘ldik.

60. Sizlarga berilgan narsalar faqat hayoti dunyoning mato va ziynatlaridir. Alloh huzuridagi (ajru-mukofot) esa yaxshiroq va boqiyroqdir. Axir aql yurgizmaysizlarmi?!

61. Axir Biz go‘zal va’da (jannat) va’da qilgan, bas unga erishgan kishi, Biz hayoti dunyo matosidan ozgina foydalantirib, so‘ngra qiyomat kunida (mangu azobga) duchor qilinguvchilardan bo‘lgan kimsa kabi bo‘lurmi?!

62-63. (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: «Sizlar (bor deb) gumon qilguvchi bo‘lgan «sheriklarim» qaerda qolishdi?» deganida, ustlariga So‘z – azob tushishi haq-muqarrar bo‘lgan kimsalar (ya’ni odamlarni Haq yo‘lidan ozdirgan dohiylar): «Parvardigoro, ana u bizlar yo‘ldan ozdirgan kimsalarni ham xuddi o‘zimiz yo‘ldan ozgan kabi yo‘ldan ozdirgandirmiz (ya’ni bizlar ham, barchamiz o‘z ixtiyorimiz bilan ozgandirmiz). Bizlar Senga (ya’ni ularning yo‘ldan ozishlariga aybdor emasmiz) oqdirmiz. Ular bizlarga ibodat qilguvchi bo‘lmaganlar, (balki o‘z havoi nafslariga ibodat qilganlar)», derlar.

64. Ularga: «Butlaringizga iltijo qilinglar, (mana endi sizlarga yordam bersinlar)», deyilib, ularga iltijo qilinganlarida (butlar) javob qilmaslar va ular azobni ko‘rurlar. Agar ular hidoyat topsalar edi (bunday azobni ko‘rmagan bo‘lur edilar).



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:39:43 | Сообщение # 6
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
65. (Alloh) ularga nido qilib: «Payg‘ambarlarimga nima javob qilgan edinglar?» deydigan kunda,

66. O’sha kunda ularga xabarlar (ya’ni o‘zlarini oqlaydigan bahonayu sabablar) ko‘rinmay qolur, bas (dahshat va qo‘rquvga tushib) bir-birlaridan ham so‘rasha olmaslar.

67. Endi kim tavba qilib, iymon keltirib, yaxshi amal qilib o‘tgan bo‘lsa, shoyadki ana o‘sha (kishi) najot topguvchilardan bo‘lur.

68. Parvardigoringiz O’zi xohlagan narsani yaratur va (O’zi xoxlagan ishni) ixtiyor qilur. Ular uchun ixtiyor yo‘qdir. Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir.

69. Parvardigoringiz ularning dillari yashirgan narsalarni -sirlarni ham, oshkor qilgan narsalarini – so‘zlarini ham bilur.

70. U (yolg‘iz) Allohdir. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zigina bordir. Avvalu-oxirda (ya’ni dunyoyu-oxiratda) hamdu-sano (yolg‘iz) Uning uchundir. Hukm Uning (hukmidir). Va (barchalaringiz) yolgiz Unga qaytarilursizlar.

71. (Ey Muhammad), ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh sizlarga biron yorug‘lik keltira olur?! Axir anglamaysizlarmi?»

72. Ayting: «Xabar beringiz-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha ustingizda mangu qilib qo‘ysa, Allohdan o‘zga qaysi bir iloh sizlarga orom oladigan kechani keltira olur?! Axir ko‘rmaysizlarmi?!

73. (Alloh) sizlar uchun kecha va kunduzni unga (ya’ni kechada) orom olishlaringiz, (kunduzi esa) Uning fazl-rizqidan istashlaringiz va shukr qilishlaringiz uchun paydo qilib qo‘ygani Uning rahmat — Marhamatidandir.

74. (Eslang, Alloh qiyomat kunida) ularga nido qilib: «Sizlar (bor deb) gumon qilguchi bo‘lgan «sheriklarim» qaerda qolishdi?!» der.

75. Biz (u kunda) har bir ummatdan bir guvohni (ya’ni payg‘ambarni) chiqarib, (ularga «Alloh yolg‘iz emas», deb keltirgan shirklaringiz haq bo‘lsa qani) hujjat-dalillaringizni keltiringlar-chi», dedik. Bas ular (xudolik) haqqi-huquqi (yolg‘iz Allohniki ekanini) bildilar va o‘zlari to‘qib olgan «xudolari esa ulardan g‘oyib bo‘ldi.

76-77. Albatta Qorun o‘zi Muso qavmidan edi. Bas u (qavmdoshlariga) kibruhavo qildi. Biz unga xazina-dafinalardan kalitlari(ni ko‘tarib yurishning o‘zi) kuch-quvvat egalari bo‘lgan bir jamoatga ham og‘irliq qiladigan narsalarni ato etgan edik. O’shanda qavmdoshlari unga: «Xovliqmagin, Chunki Alloh hovliqma kimsalarni suymas. Va Alloh senga ato etgan mol-davlat bilan (avvalo) oxirat (obodligini) istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (Allohning bandalariga) infoq-ehson qil. Yerda (zulmu-zo‘ravonlik bilan) buzg‘unchilik kilishga urinma. Chunki Alloh buzg‘unchi kimsalarni suymas», deganlarida.

78. U: «Menga (bor molu-davlatim) faqat o‘zimdagi bilim sababligina ato etilgandir, (bas, hech kim uni mendan tortib ololmas»), dedi. Axir u o‘zidan avvalgi asrlar-avlodlardan, undan ko‘ra quvvatliroq va jamg‘armasi ham ko‘proq (qanchadan-qancha) kimsalarni Alloh halok qilganini bilmasmi?! U jinoyatchi kimsalardan gunohlari haqida so‘ralmas ham, (balki ular hech qanday so‘roq-savolsiz do‘zaxga tashlanurlar)!

79. So‘ng, (Qorun) qavmi oldiga yasan-tusan qilib chiqqan edi, hayoti dunyoni istaydigan kimsalar: «Ex, qani edi bizlar uchun ham Qorunga ato etilgan moludavlat bo‘lsa edi. Darhaqiqat u ulug‘ nasiba egasidir», dedilar.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 11:39:58 | Сообщение # 7
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
80. Ilm-ma’firat ato etilgan kishilar esa: «O’lim bo‘lsin sizlarga! Iymon keltirgan va yaxshi amal qilgan kishi uchun Alloh beradigan ajr-savob yaxshiroq-ku! U (savobga) faqat sabr-qanoatli kishilargina erishurlar», dedilar.

81. Bas, Biz (Qorunni) ham, uning hovli-joyini ham (erga) yutdirdik. So‘ng uning uchun Allohdan yordam beradigan o‘zga biron jamoat bo‘lmadi va uning o‘zi xam g‘oliblardan bo‘lmadi.

82. Va kuni kecha uning martabasini orzu qilgan kimsalar: «Voajab, Alloh bandalaridan O’zi xohlagan kishilarning rizqini keng qilib (O’zi xohlagan bandalarining rizqini) tang qilib berar ekan-da. Agar Alloh bizlarga marhamat qilmaganida, bizlarni ham (erga) yutdirgan bo‘lur edi. Voajab, kofir bo‘lgan kimsalar najot topmas ekan-da», deb qoldilar.

83. Biz o‘sha oxirat diyorini yer yuzida zulmu-zo‘ravonlik va buzg‘unchilik qilishni istmaydigan kishilar uchun qilurmiz. Oqibat taqvo qilguvchi kishilarnikidir.

84. Kim yaxshilik bilan kelsa, bas uning uchun (qilgan yaxshiligidan) yaxshiroq (mukofot bo‘lur). Kim yomonlik bilan kelsa, bas, yomonliklar qilgan kimsalar faqat o‘zlari qilgan yomonliklari bilangina jazolanadilar.

85. (Ey Muhammad), albatta sizga (ushbu) Qur’onni (ya’ni uni tilovat qilishni unga amal qilishni va uni ummatlaringizga (etkazishni) farz qilgan zot, shakshubhasiz sizni bir qaytadigan joyga (Makkaga) qaytarguvchidir. (Mushriklarga) ayting: «Parvardigorim, hidoyat keltirgan kishilarni ham, ochiqravshan zalolatdagi kimsalarni ham juda yaxshi bilguvchidir».

I z o h. Mufassirlar yozishlaricha ushbu oyat payg‘ambar alayhis-salom Makkadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida, yo‘lda Juhfa degan joyga qo‘nib, o‘zlari tashlab chiqib keayotgan vatanlari Makkani qo‘msagan vaqtlarida nozil bo‘lgan ekan.

86. Siz o‘zingizga Kitob – Qur’on tushirilishidan umidvor ham bo‘lgan emasdingiz. Faqat Parvardigoringiz tomonidan rahmat-marhamat bo‘lib (sizga Quron nozil qilindi). Bas siz hargiz kofir kimsalarga yordamchi bo‘lmang!

87. Va sizga Allohning oyatlari nozil qilinganidan so‘ng hargiz (u oyatlarga amal qilishingizdan) to‘smasinlar! Siz (odamlarni ham yolg‘iz) Parvardigoringizga (ibodat qilishga) chorlang va mushrik kimsalardan bo‘lmang!

88. Alloh bilan birga boshqa biron «iloh»ga iltijo qilmang! Hech qanday iloh yo‘q magar Uning O’zigina bordir. Barcha narsa halok bo‘lguvchidir, magar Uning O’zigina (mangudir). Hukm Uning (hukmidir), Va (barchalaringiz) yolg‘iz Unga qaytarilursizlar.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024