DUXON SURASI
Bu sura ham Makkada nozil qilingan bo‘lib, ellik oyatdir. Sura Qur’oni Karimning muborak Qadr kechasida nozil bo‘lgani haqida xabar berish bilan boshlanadi, So‘ngra bu aziz Kitobdan shak-shubhada bo‘lgan mushriklar osmondan «tutun»— g‘ubor yog‘iladigan kun bilan ogohlantiriladilarki, suraning «Duxon-Tutun» deb nomlanishi shundandir. Bu surada Tangri taoloning payg‘ambarlaridan Muso alayhis-salomning Fir’avn qavmiga yuborilishlari va u zotga iymon keltirgan kishilarga qanday najot berilib, inkor etganlar qanday halokatga yo‘liqqanlari batafsil bayon qilinadi. Sura kofirlar tushadigan do‘zax dahshatlari va mo‘minlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat manzaralarini tasvirlash bilan nihoyasiga yetadi. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).
1. Ho, Mim.
2-3. Ochiq-ravshan Kitobga — Qur’onga qasamki, albatta Biz uni bir muborakbarakotli kechada nozil qildik. Darhaqiqat Biz (insonlarni ushbu Qur’on bilan oxirat azobidan) ogohlantirguvchi bo‘ldik.
I z o h . Ko‘pchilik ulamolarning aytishlaricha bu kecha Ramazon oyidagi Qadr kechasi bo‘lib, Qur’oni Karim o‘sha kechada nozil bo‘la boshlagandir. Uning «muborak-barakotli kecha deyilishiga sabab esa, jaholat zulmatlarida qolib, o‘z yo‘lini yo‘qotib qo‘ygan insoniyat olami o‘sha kechada osmon bilan bog‘lanib, undan o‘zi uchun to qiyomat dasturul-amal bo‘ladigan ilohiy yul-yo‘riqlar ola boshlaganidir. Bu kechaning yana boshqa xislatlari ham borki, u haqda quyidagi oyatlarda bayon qilinadi.
4. U (kecha)da barcha puxta-aniq ish(lar) ayrilur (belgilanur).
I z o h . Ibn Abbos (Alloh undan rozi bo‘lsin) aytadilarki, Alloh taolo bu kechada to kelgusi sananing shu kechasigacha bo‘ladigan, bandalarga taalluqli barcha ishlar haqida hukm qilur.
5. (Bu kechada taqdir qilinadigan barcha ishlar) Bizning huzurimizdan bo‘lgan Ishdir. Darhaqiqat Biz (bashariyatga payg‘ambarlar) yuborguvchi bo‘ldikki,
6. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan rahmat-mehribonlikdir. Albatta Uning O’zigina (barcha narsani) eshitguvchi, bilguvchidir.
7. Agar haqiqiy ishonguvchi bo‘lsangizlar, (o‘sha sizlarning Parvardigoringiz) osmonlar va yerning hamda ularning o‘rtasidagi bor narsalarning ham Parvardigoridir.
8. Hech qanday iloh yo‘q, magar Uning O’zi bordir. Hayot va o‘lim beradigan ham Uning O’zidir. Sizlarning Parvardigoringiz ham, avvalgi otabobolaringizning Parvardigori ham (Uning O’zidir).
9. Yo‘q, ular (ya’ni mushriklar qayta tirilish xususida) shak-shubhada bo‘lib, (Allohning payg‘ambarlarining ustidan masxara qilib) o‘ynarlar.
10. Bas, (ey Muhammad), siz osmon ochiq (ya’ni barchaga ko‘rinadigan) tutunni keltiradigan Kunga ko‘z tuting!
11. U (tutun barcha) odamlarni o‘rab olur. Bu alamli azobdir.
I z o h . Imom Buxoriy rivoyat qilishlaricha, qurayshliklar o‘z kufru isyonlaridan qaytishmagan, u zot Alloh taolodan Yusuf payg‘ambar zamonlarida bo‘lib o‘tgan qahatchilik kabi balo yuborishni so‘ragan ekanlar. Shunda bir necha yil davomida shunday qurg‘oqchilik va qahatchilik bo‘libdiki, odamlar qo‘llariga tushgan narsani yeya boshlabdilar va qurib-qaqshab ketgan yerdan ko‘tarilgan chang-to‘zon ularning ko‘zlariga tutundek ko‘rina boshlabdi. Ana endi ular Alloh taologa yolvorib duo-iltijo qilishga tutinadilar.
12. «Parvardigor, O’zing bizlardan bu azobni aritgin. Albatta bizlar iymon keltirguvchidirmiz».
13-14. (Lekin) ular uchun qayoqdan ham (boshlariga tushgan bu baloofatlardan) eslatma-ibrat olish bo‘lsin?! Holbuki ularga ochiq payg‘ambar (ya’ni Muhammad alayhis-salom) keldi, so‘ngra undan yuz o‘girdilar va: «(Unga Qur’on birovlar tomonidan) o‘rgatib qo‘yilgan, (u) majnun», dedilar-ku?! (Bas, ochiq-ravshan mo‘jiza — Qur’onni keltirgan payg‘ambarga iymon keltirmay, undan yuz o‘girgan kimsalar boshqa biron narsadan pand-nasihat olarmidilar?!)
15. Albatta Biz bu azobni (sizlardan) bir oz (vaqtgacha) aritguvchidirmiz, sizlar ham shak-shubhasiz (o‘z kufru isyonlaringizga) qaytuvchidirsizlar.
16. Biz dahshatli ushlash bilan ushlaydigan kunda (ya’ni Badr jangida yoki Qiyomat kunida Biz ulardan intiqom olurmiz). Zero Biz intiqom olguvchidirmiz.
17. Aniqki, Biz Ulardan ilgari Fir’avn qavmini ham imtihon qilganmiz va Ularga bir ulug‘ payg‘ambar (ya’ni Muso alayhis-salom) kelgandir.
18. (U ularga dedi): «Sizlar menga Allohning bandalarini (ya’ni Bani Isroil qavmini) topshiringlar! Albatta men sizlar uchun ishonchli payg‘ambardirman».