Чоршанба, 18.12.2024, 11:55:24

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 49. "Hujurot" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
49. "Hujurot"
MoniKaДата: Якшанба, 10.05.2009, 0:25:57 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
HUJUROT SURASI
Bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, o‘n sakkiz oyatdir. U nisbatan qisqa sura bo‘lishiga qaramasdan, o‘z ichiga Islomiy odob-axloqqa oid juda ko‘p qonun-qoidalarni qamrab olgandir. Sura dastlab mo‘minlarni Alloh va Uning payg‘ambari izni-ruxsatisiz biron ish yo so‘z qilmaslikka buyurish bilan boshlanib, so‘ngra payg‘ambarga nisbatan muomala odobi bayon etiladi. Shuningdek, bu surada jamiyat intizomini saqlash uchun zarur bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p yo‘lyo‘ riqlar ko‘rsatiladi. Sura mo‘minlarni birovlarni masxara qilib kulishdan, bir-birlariga turli laqablar taqishdan, g‘iybat, ayg‘oqchilik qilish va asossiz o‘zgalardan badgumon bo‘lish kabi illatlardan saqlanishga chaqiradi. Sura nihoyasida tillarida iymon keltirdik, deydigan, ammo dillariga iymon nuri kirmagan kimsalar to‘g‘risida xabar berilib, haqiqiy mo‘minlar ega bo‘lishi lozim bo‘lgan sifatfazilatlar bayon etiladi. Bu surada payg‘ambar alayhis-salomning jufti halollari bo‘lmish onalarimiz istiqomat qiladigan hujralar haqida zikr qilingan oyati karima ham mavjud bo‘lgani sababli u «Hujurot — Hujralar» deb nomlangandir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey mo‘minlar, sizlar Alloh va Uning payg‘ambari oldida (ya’ni ikkisining iznisiz biron so‘z yoki ishga) qadam bosmanglar! Va Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh eshitguvchi, bilguvchidir.

2. Ey mo‘minlar, (toki qilgan yaxshi) amallaringiz o‘zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo‘lib qolmasligi uchun sizlar (payg‘ambar bilan so‘zlashgan paytlaringizda) ovozlaringizni payg‘ambarning ovozidan yuqori ko‘tarmanglar va unga bir-birlaringizga ochiq (dag‘al so‘z) qilgandek ochiqdag‘ al so‘z qilmanglar!

3. Albatta Allohning payg‘ambari huzurida ovozlarini past qilgan zotlar – ana o‘shalar Alloh dillarini taqvo uchun imtihon qilgan (ya’ni taqvo imtihonidan o‘tgan) zotlardir. Ular uchun mag‘firat va ulug‘ ajr-mukofot bordir.

4. (Ey Muhammad), albatta (sizni chaqirib, bezovta etmasdan) sabr qilganlarida, albatta o‘zlari uchun yaxshiroq bo‘lur edi. Alloh mag‘firatli, mehribondir.

6. Ey muminlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!

7. Va bilinglarki, oralaringizda Allohning payg‘ambari bor. Agar u ko‘p ish(lar) dan sizlarga (iymoni komil bo‘lmagan johil kimsalarga) bo‘yinsunsa, (ya’ni Alloh tomonidan vahiy nozil bo‘lishini kutmasdan sizlar keltirgan xabarlarga ishonadigan bo‘lsa), albatta sizlar balo-musibatlarga duchor bo‘lur edingizlar. Lekin Alloh sizlarga (iymoni komil, taqvo imtihonidan o‘tgan zotlarga iymonni suyukli qildi va uni dillaringizga chiroyli ko‘rsatdi hamda sizlarga kufrni, (Alloh va payg‘ambarga) itoatsizlikni va isyonni yomon ko‘rsatib qo‘ydi. Ana o‘shalargina (ya’ni iymon yo‘lida sobitqadam bo‘lib, kufr-isyonni yomon ko‘rgan kishilargina), To‘g‘ri yo‘lga yurguvchi zotlardir.

8. (Bu) Alloh tomonidan bo‘lgan fazlu marhamat va ne’matdir. Alloh bilim va hikmat sohibidir.

9. (Ey mo‘minlar), agar mo‘minlardan bo‘lgan ikki toifa (bir-birlari bilan) urushib qolsalar, darhol ularning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar! Endi agar ulardan birovi ikkinchisining ustiga tajovuz qilsa, bas to (tajovuzkor toifa) Allohning amriga qaytgunicha, sizlar tajovuz qilgan (toifa) bilan urushinglar! Endi agar u (toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning o‘rtasini adolat bilan o‘nglab qo‘yinglar. (Mudom) adolat qilinglar! Zero Alloh adolat qilguvchilarni suyur.

10. Mo‘minlar hech shak-shubhasiz og‘a-inilardir. Bas, sizlar ikki og‘ainingizning o‘rtasini o‘nglab qo‘yinglar! Allohdan qo‘rqinglar — shoyad U zot tomonidan bo‘ladigan rahmatga erishsangizlar.

11. Ey mo‘minlar, (sizlardan bo‘lgan) bir qavm (boshqa) bir (mo‘min) qavmdan masxara qilib kulmasin — ehtimolki, (o‘sha masxara qilingan qavm) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. Yana (sizlardan bo‘lgan) ayollar ham (boshqa mo‘mina) ayollarga (masxara qilib kulmasinlar) ehtimolki, (o‘sha masxara qilingan ayollar) ulardan yaxshiroq bo‘lsalar. O’zlaringizni (ya’ni, bir-birlaringizni) mazax qilmanglar va bir-birlaringizga laqablar qo‘yib olmanglar! Iymondan keyin fosiqlik bilan nomlanish (ya’ni mo‘min kishining yuqorida man’ qilingan fosiqona ishlar bilan nom chiqarishi) naqadar yomondir. Kim tavba qilmasa, ana o‘shalar zolim kimsalarnitsg o‘zidirlar


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Якшанба, 10.05.2009, 0:29:04 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
12. Ey mo‘minlar, ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ayrim gumon(lar) gunohdir! (O’zgalarning ayblari ortidan) josuslik qilib yurmanglar va ayrimlaringiz ayrimlarni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biron kishi o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi?! Ana yomon ko‘rdingizmi?! (Bas, gunohi bundan-da ortiq bo‘lgan g‘iybatni ham yomon ko‘ringiz)! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir.

I z o h. Mazkur oyati karimada mo‘minlar jamiyatdagi tartib-intizomni izdan chiqaradigan va mehr-oqibat yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladigan uch illatdan qaytarildilar. Bulardan birinchisi, o‘zgalar haqida yomon gumon qilish, ikkinchisi, birovlarning ayblarini axtarib topish uchun orqalaridan josuslik-ayg‘oqchilik qilib yurishdir. Shariati Islomiyada shaxsning zohirda qilayotgan ish-amali va aytgan so‘zi mo‘‘tabardir. Ya’ni, masalan bir kishining muayyan bir ayb yo jinoyatga daxldor ekanligiga aniq hujjat bo‘lmas ekan, uning o‘sha ayb yo jinoyatda gumon qilinishi haromdir. Faqat uning munofiqligi yoki xoinligi aniq bo‘lib qolgan taqdirdagina u haqda yomon gumon qilish va undan hazar qilish vojibdir, Chunki Payg‘ambar alayhis-salom aytganlaridek: «Mo‘min kishi bir teshikdan (ya’ni unda yashirinib yotgan ilon yo chayondan) ikki marta chaqilmaydi». Yuqoridagi oyatda yana g‘iybatdan qaytarildi. G’iybat o‘zi nima? Bu to‘g‘rida payg‘ambarimiz shunday deganlar: «G’iybat — birodaringning ortidan o‘zi eshitib qolsa xafa bo‘ladigan ayb-nuqsonini aytishingdir». Demak bir mo‘minning ortidan unda bo‘lmagan ayblarni unga nisbat berish g‘iybat emas, balki uning haqiga bo‘xton va tuhmat bo‘lar ekan, unda bo‘lgan ayblarni ortidan aytish esa uni sifatlash emas, balki g‘iybat qilish bo‘lar ekin. Endi g‘iybatning naqadar og‘ir gunoh ekanligi xususida mazkur oyatda Alloh taolo tomonidan keltirilgan misol ibratlidir. Chunki aql-hushi joyida bo‘lgan biron inson boshqa bir insonning go‘shtini yeyishni istamaydi. Endi agar o‘sha inson o‘zining birodari bo‘lsachi, yana kamiga o‘lgan holda bo‘lsa-chi! Uning go‘shtini yeyish dunyodagi eng vahshiy hayvon ham hazar qiladigan bir jinoyatdir! Bir mo‘minning ortidan g‘iybat qilish ana o‘shandan-da og‘irroq jinoyatdir! Shuning uchun ham payg‘ambar alayhis-salom: «G’iybat qilish (birovni nohaq) o‘ldirishdan-da yomonroqdir», deganlar.

13. Ey insonlar, darhaqiqat Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishinglar (do‘st-birodar bo‘lishinglar) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatliragingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta Alloh bilguvchi va ogohdir.

I z o h . Ushbu oyatda Islom dinining insoniyat olamiga nisbatan bo‘lgan ko‘z qarashi bayon etilgandir: Birinchidan, barcha insonlar bir ota-onaning farzandlaridir. Ikkinchidan, insonlarning turli el-urug‘larga bo‘linishlari bir-birlari bilan yer yoki moldunyo talashib urush-janjal bilan umr o‘tkazishlari uchun emas, balki bir-birlari bilan tanishib, hamkorlik qilishlari va birgalikda o‘zlari xalifa bo‘lgan zaminni obod qilishlari uchundir. Va nihoyat uchinchidan odamlarning Alloh taolo huzurida obro‘-e’tiborli bo‘lishlari mol-dunyo yoki oliynasab bilan emas, balki Allohdan qo‘rqish va U zot nozil qilgan amr-farmonlarga itoat etish bilan bo‘lur.

14. A’robiylar: «Iymon keltirdik», dedilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Sizlar iymon keltirganlaringiz yo‘q, lekin sizlar «Bo‘yinsundik», denglar, (chunki hali-hanuz) iymon dillaringizga kirgan emasdir. Agar sizlar Allohga va Uning payg‘ambariga itoat etsangizlar, U zot sizlarga (qilgan yaxshi) amallaringizdan (ya’ni ularning savobidan) biron narsani kamitmas. Albatta Alloh mag‘firatli, mehribondir».



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Якшанба, 10.05.2009, 0:29:55 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
15. Haqiqiy mo‘minlar faqat Alloh va Uning payg‘ambariga iymon keltirib, so‘ngra (hech qanday) shak-shubha qilmagan va molu jonlari bilan Alloh yo‘lida kurashgan zotlardir. Ana o‘shalargina (o‘z iymonlarida) sodiq bo‘lgan zotlardir.

16. Ey Muhammad, u a’robiylarga ayting: «Sizlar Allohga dininglarni (iymonlaringai haqiqiy ekanligini) bildirmoqchimisizlar?! Holbuki Alloh osmonlardagi va yerdagi bor narsani bilur. Alloh barcha narsani bilguvchidir!»

17. Ular sizga musulmon bo‘lganlarini minnat qilurlar. Ayting: «Sizlar menga musulmon bo‘lganlaringizni minnat qilmanglar. Balki agar (iymoninglarda) sodiq bo‘lsangizlar, Alloh sizlarni iymonga hidoyat qilganini minnat qilur.

18. Albatta Alloh osmonlar va Yerdagi g‘ayb-sirlarni bilur. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir».


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024