Чоршанба, 18.12.2024, 2:00:16

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 04. "Niso" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
04. "Niso"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:48:37 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
NISO SURASI
Bu sura ham Madinada nozil bo‘lgan uzun suralardan bo‘lib, bir yuz yetmish olti oyatdan tashkil topgan. U musulmonlarning ichki va tashqi ish faoliyatlariga doir shariat ahkomlari bilan to‘la bir suradir. Unda ayol, uy, oila, davlat, jamiyatga aloqador bo‘lgan muhim masalalarga javob beriladi hamda birovlarning qaramog‘idagi yetim-esirlar va ularning haq-huquqlari to‘g‘risida so‘z boradi. Bu surada shuningdek, meros hukmlari ham batafsil bayon qilindi. Bulardan tashqari, er-xotin o‘rtasidagi aloqalar — ularning bir-birlari oldidagi huquq va burchlari hamda er oilada boshliq ekani va bu huquqdan u qanday foydalanishi lozimligi haqida yo‘l-yo‘riqlar beriladi. So‘ngra oila doirasidan jamiyat miqyosiga chiqib, jamiyat mustahkam bo‘lishi uchun kishilar o‘rtasida birdamlik va mehr-shafqat, xolislik va bag‘rikenglik barqaror bo‘lishi zarurligi o‘ziga xos uslubda uqtiriladi. Bu surada boshqalardagiga nisbatan ayollarga oid shariat hukmlari ko‘p va batafsil bayon etilganligi sababli unga «Niso» nomi berilgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey insonlar! Sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratgan va undan juftini (Havvoni) vujudga keltirgan hamda u ikkovidan ko‘p erkak va ayollarni tarqatgan Parvardigoringizdan qo‘rqingiz! Yana oralaringizdagi savoljavoblarda o‘rtaga nomi solinadigan Allohdan qo‘rqingiz va qarindoshurug‘ laringiz (bilan ajralib ketishdan saqlaningiz)! Albatta Alloh ustingizda kuzatuvchi bo‘lgan zotdir.

2. (Voyaga yetganlaridan keyin qo‘l ostingizdagi) yetimlarga mollarini beringiz va siz uchun nopok bo‘lgan (etimlarning mollarini o‘zingizning haqqingiz bo‘lgan) pok narsaga almashtirib olmangiz! Va ularning mollarini o‘zingizning molingizga qo‘shib yemangiz! Zero, bu katta gunoh bo‘lgan ishdir.

3. Agar yetim qizlarga adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun nikohi halol bo‘lgan ayollarga ikkita, uchta, to‘rttadan uylanaveringlar. Endi agar (ular orasida) adolat qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, bir ayolga (uylaning) yoki qo‘l ostingizdagi cho‘ri bilan (kifoyalaning). Mana shu jabru zulmga o‘tib ketmasligingizga yaqinroq ishdir.

I z o h. Ulamolar mazkur oyatni kuyidagicha tafsir qiladilar: shariat hukmicha, otaonadan ajrab, yetim bo‘lib qolgan qizni o‘z qaramog‘iga olgan odam u qizga uylanishga haqqi bor. Lekin odatda bunday hollarda ko‘pincha qizning haqqi-mahrini to‘la-to‘kis qilib bermay, arzon-garov uylanib olish payiga tushiladi. Shuning uchun Qur’on: «Yetim qizlarning haqini ado qila olmaslikdan qo‘rqsangiz, sizlar uchun nikohi halol bo‘lgan ayollarga ikkita, uchta, to‘rttadan uylanavering», deb ruxsat beradi va darhol u xotinlar o‘rtasida adolat qilish shart ekanini ta’kidlaydi. Qolaversa, Islomdagi bu qonun Qur’on nozil bo‘lgan davrda keng tarqalgan ko‘pxotinlilikni tartibga solish uchun joriy qilingandir. Chunki Islom kelishidan ilgari bir erkak qo‘l ostida o‘nlab ayollar har qanday haq-huquq, adolat va hurmat-e’tibordan mahrum bo‘lgan holda kun ko‘rar edilar. Islom kelgach, bu sanoq eng ko‘pi bilan to‘rtta bo‘lishi mumkinligi va albatta o‘rtada adolat barqaror bo‘lishi shart ekanligi qonun qilindi. Lekin baribir haqli suratda shunday savol tug‘iladi: modomiki adolat murod ekan, nima sababdan bir erkakka faqat birgina ayol bilan turmush qilish amr etilmadi? Islom ulamolari bu savolga shunday javob qiladilar; ma’lumki, Islom — voqeiy dindir. Ya’ni u insonlarni pokiza hayot kechirishga da’vat qilishda g‘ayrivoqeiy yo‘llarni tutmaydi. Binobarin, bu qonunda ham voqeiy insoniy hayot nazarda tutilgan. Birinchidan, asrlar davomidagi tajribalar ko‘rsatishicha, o‘g‘il boladan ko‘ra qiz bola ko‘proq tug‘iladi. Ikkinchidan, ayol kishi erkak kishidan ko‘ra uzunroq umr ko‘rishi ham voqeiy haqiqatdir. Uchinchidan, turli fojealar, xususan, urush va to‘qnashuvlarda asosan erkaklar halok bo‘ladilar. Mana shu va yana boshqa ko‘p sabablar natijasida insoniyat olamida mudom ayollarning sanog‘i erkaklarnikidan ortiq bo‘ladi. Demak, bir erkak faqat bir ayolga uylanishi mumkin deyilsa, erkaklar sanog‘idan ortib qolgan ayollarga zulm qilingan bo‘lur edi. Ya’ni, bu ayollar o‘zlarining turmush qurish va ona bo‘lish xuquqlaridan mahrum bo‘lib qolar edilar. Natijada jamiyatda nopoklik va maishiy buzuqliklar yuzaga keladi. Shuning uchun Islom moddiy imkoniyatlari bo‘lgan kishilarga agar adolat qila olishning uddasidan chiqsalar birdan ortiq ayol bilan turmush qurishga ruxsat beradi va shu yo‘l bilan birga ayollar o‘rtasida adolat qilmay, faqat shahvoniy nafsini qondirish uchungina ko‘p xotin olishga ruju’ qo‘ygan kimsalar uchun oxiratda ashaddiy azob borligi haqida ogohlantiradi.

4. Xotinlaringizga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan, mamnunlik bilan) beringiz! Agar o‘zlari sizlar uchun u mahrdan biron narsani ixtiyoriy ravishda kechsalar, sizlar uni pok va muborak bilib yeyaveringlar.

5. (Qo‘l ostingizdagi) aqlsiz kimsalarga (ya’ni yosh, nodon yetimlarga) Alloh sizlar uchun turmush vositasi qilib qo‘ygan mollaringizni (ya’ni qo‘llaringizdagi ularning mollarini) berib qo‘ymangiz, balki ularni o‘sha mollardan yediribkiydiring va ularga yaxshi so‘zlar bilan muomala qiling!

6. Yetimlarni to balog‘at yoshiga yetgunlaricha imtihon qilib (tekshirib) turinglar. Agar ularning es-hushlari joyida ekanini ko‘rsangiz, mollarini o‘zlariga topshiringlar. U mollarni isrof qilib va (egalari) katta bo‘lib qolmasin, deb shoshilib yeb qo‘ymanglar. (Yetimni otaliqqa olgan kishi) agar boy bo‘lsa, (etimning molidan) parhez qilsin. Bordiyu kambag‘al bo‘lsa, yaxshilik bilan (ya’ni qilgan xizmatiga yarasha) olib yesin. Mol-mulklarini o‘zlariga qaytarganingizda esa guvoh keltiringlar. Allohning o‘zi yetarli hisob-kitob qilguvchidir.

7. Erkaklar uchun ota-onalar va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Ayollar uchun ham ota-onalari va qarindosh-urug‘lari qoldirib ketgan merosdan ulush bordir. Bu ulushlar ozmi-ko‘pligidan (qat’iy nazar) farz qilingan haqlardandir.

8. Meros taqsimida uzoq qarindoshlar, yetim va miskinlar ham hozir bo‘lsalar, ularni ham shu merosdan bahramand qilib, yaxshi so‘zlar aytinglar.

9. (Birovning o‘limiga hozir bo‘lgan) kishilarning o‘zlari ojiz-notavon farzandlarini qoldirib vafot qilib ketsalar, ulardan xavotir olganlari kabi (o‘zgalarning yetimlari haqidan ham) qo‘rqsinlar. Bas, Allohdan qo‘rqib (o‘lim oldidagi kishiga) haq so‘zni aytsinlar!

I z o h. Bu oyat o‘lim soatlari yaqinlashib qolgan paytida topgan mol-mulkini farzandlariga qoldirmasdan begonalarga xayr-ehson qilib yuborishni yoki shar’an meros olish huquqi bo‘lmagan kimsalarga vasiyat qilib ketishni mo‘ljallagan kishilarning bunday noma’qul niyatlaridan xabardor bo‘lib qolgan odamlar haqida nozil qilingan bo‘lib, ularga yetimlarning haqlaridan qo‘rqish va o‘lim oldidagi kishiga to‘g‘ri so‘zlarni aytib, uni bu adolatsiz ishdan qaytarish buyuriladi!

10. Yetimlarning mollarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shakshubhasiz qorinlariga olov yegan bo‘lurlar. Va albatta do‘zaxga kirajaklar!



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:48:54 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
11. Alloh farzandlaringizga (tegishli meros) haqida bir o‘g‘il uchun ikki qiz ulushi barobarida meros berishni amr qilur. Agar merosxo‘rlar ikkidan ortiq ayol bo‘lsa, ularga er qoldirgan narsaning uchdan ikkisi, agar yakka qiz bo‘lsa, unga (merosning) yarmi tegur. Agar marhumning farzandi bo‘lsa, otaonasining har biriga qoldirgan merosidan oltidan biri tegur. Endi agar farzand bo‘lmay, faqat ota-onasi (merosxo‘r) bo‘lsa, u holda onasiga uchdan bir tegur (qolgani otasiga qoladi). Agar uning aka-ukalari bo‘lsa, onasiga oltidan bir tegur (qolgan qismi otasiga tegadi, zero, marhumning aka-ukalarini yediribkiydirish va uylab-joylash otaning zimmasidadir. Bu taqsimotlar) marhum qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilganidan keyin bo‘lur. Ota-onalaringiz va farzandlaringizning qaysi birlari sizlar uchun foydasi teguvchiroq ekanini bilmaysizlar. (Binobarin o‘zingizga qolsa, meros taqsimotini ham adolat bilan hal qila olmaysiz. Shu boisdan kimga qancha meros tegishi) Alloh tomonidan qatiy farz qilib qo‘yildi. Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

12. Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan merosdan — agar ulardan farzand qolmagan bo‘lsa — yarmi tegur. Endi agar ularning farzandlari qolgan bo‘lsa, sizlarga ularning merosidan to‘rtdan bir tegur. (Bu taqsimotlar) marhuma qilgan vasiyat va uning qarzlari ado etilgandan keyin bo‘lur. Ularga (xotinlaringizga) sizlar qoldirgan merosdan — agar sizlardan farzand qolmagan bo‘lsa — to‘rtdan bir tegur. Endi agar sizlarning farzandingiz qolgan bo‘lsa, ularga sizning merosingizdan sakkizdan bir tegur. (Bu taqsimotlar) sizlar qilgan vasiyat va qarzlaringiz ado qilingandan keyin bo‘lur. Agar merosi qolayotgan erkak yoki ayolning na ota va na onasi bo‘lmay, (ona tomonidan) bir aka yoki ukasi yoxud bir opa yoki singlisi qolgan bo‘lsa, ularning ikkovidan har biriga oltidan bir tegur. Endi agar ular birdan ortiq bo‘lsalar, ular merosning uchdan bir hissasiga teng sherik bo‘lurlar. (Bu taqsimotlar) merosxo‘rlarga zarar yetkazmaydigan holda qilingan vasiyat va qarzlar ado qilingandan keyin bo‘lur. (Bu hukmlar) Alloh tomonidan bo‘lgan amrfarmondir. Alloh bilguvchi va haliymdir.

13. Mana shu Allohning (belgilab qo‘ygan) hadlaridir. Kim Alloh va uning payg‘ambariga itoat etsa, uni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritib, o‘sha joyda abadiy hayot baxsh etar. Va bu katta zafardir.

14. Kim Alloh va Uning payg‘ambariga itoatsizlik qilib Allohning belgilab qo‘ygan hadlaridan tajovuz qilsa, uni abadiy qoladigan joyi bo‘lmish do‘zaxga kiritur. Va uning uchun xor qilguvchi azob bordir.

15. Xotinlaringizdan qaysi bir ayol fohishalik qilsa, unday ayollarning ustida o‘zlaringizdan bo‘lgan to‘rt kishini guvoh qiling. Agar ular guvohlik bersalar, to bu ayollarga o‘lim kelguncha yoki Alloh biror yo‘lga solguncha ularni uylarida saqlangiz!

I z o h. Bu va quyidagi oyatdagi hukmlar zinokor ayollar va bachchavoz erkaklar uchun buyurilgan muvaqqat jazo edi. Keyinroq nozil bo‘lgan «Nur» surasida bu mavzuga keng o‘rin berilgan va zino qiluvchi erkak va ayolni agar oilasiz bo‘lsa, yuz darra urish, oilali bo‘lsa, toshbo‘ron qilish hukmi qat’iy, doimiy qilib belgilab qo‘yilgan.

16. Sizlardan ikki erkak shunday qilsa (ya’ni bachchavozlik yoki fohishabozlik qilsa) ularni urib-so‘kish bilan ta’zirlarini beringiz. Agar tavba qilib, o‘zlarini tuzatsalar, ularni tinch qo‘yinglar. Albatta Alloh tavbalarni qabul qilguvchi va mehribon bo‘lgan zotdir.

17. Albatta Allohning tavbalarni qabul qilishi faqat bironta gunohni nodonlik bilan qilib qo‘yib, so‘ngra darhol tavba qilgan kishilar uchundir. Alloh ana shunday kishilarning tavbasini qabul qilur. Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

18. Na gunoh ishlarni mudom qilib yurib, qachonki, birovlariga o‘lim kelganida «endi tavba qildim» deydigan va na kofir holda o‘lib ketadigan kimsalarning tavbalari qabul qilinmas. Ular uchun alamli azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

19. Ey mo‘minlar, sizlar uchun xotinlarni majburiy xolda meros qilib olish durust emasdir.

I z o h. Islom kelishidan ilgari biron ayolning eri o‘lsa, marhum egalaridan biri u ayolni majburiy holda xotin qilib olishi lozim edi. Islom bu nomaqbul odatni man’ qildi. Va (agar birga yashash niyatingiz bo‘lmasa) bergan mahrlaringizning bir qismini qaytarib olish uchun xotinlaringizni (boshqa erga tegishdan) to‘sib turib olmanglar! Magar ular ochiq buzuqlik qilsalar (u holda bergan mahringizni qaytarib olishingiz mumkin). Ular bilan tinch-totuv yashanglar. Agar ularni yomon ko‘rsangizlar ham (sabr qilib inoq holda yashayveringlar). Zero, sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh ko‘p yaxshiliklarni qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

I z o h. Islomdan ilgari biron ayolning eri yomon ko‘rib, ko‘ngilsiz bo‘lib qolsa, u ayolga turli tazyiqlar o‘tkazib, jonidan to‘yg‘izar, lekin talog‘ini bermas edi. Qachonki u eridan olgan mahrini yo hammasini, yoki bir qismini qaytarib bersagina taloq qilar edi. Islom bu odatga ham barham berdi.

20. Agar bir xotinni qo‘yib, boshqa xotinga uylanmoqchi bo‘lsangizlar, avvalgisiga sanoqsiz molu dunyoni (mahr qilib) bergan bo‘lsangiz-da, undan biron narsani qaytarib olmangizlar! Uni bo‘hton va ochiq gunoh bilan olasizmi?

21. Axir bir-biringiz bilan qo‘shilib, ular (ya’ni xotinlaringiz) sizlardan qat’iy ahd-paymon olganlaridan so‘ng qanday qilib uni (ya’ni maxrni) qaytarib olasiz?!

22. Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir.

23. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari (mana shu sanab o‘tilgan ayollarga uylanish harom qilindi) — agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlarga uylansangiz) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) hamda opasingil- almashlaringiz (ya’ni birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishlaringiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan zotdir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:49:13 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
BESHINCHI JUZ’

24. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir.

I z o h . O’sha davrning odatiga ko‘ra urushda asir tushgan erkaklar qulga, ayollar esa cho‘riga aylantirilar edi. Bu oyatda garchi asira bo‘lgan ayolning o‘z vatanida eri qolgan bo‘lsa-da, ma’lum muddat idda saqlagach, hojasi uchun halol bo‘lib qolishi uqtirilmoqda. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni ular o‘z ixtiyorlari bilan haqqi mahrlaridan kechib yuborishlarida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

25. Sizlardan kimda-kim ozod mo‘mina ayollarga uylanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa, qo‘llaringizdagi mo‘mina cho‘rilardan biriga uylanaversin. Alloh iymonlaringizni juda yaxshi bilguvchidir. Birovingiz birovingizdandirsiz (ya’ni hammangizning aslingiz bittadir). Bas, ulardan o‘zlarini saqlagan, fohishalik qilmagan va maxfiy o‘ynashlar tutmaganlariga hojalarining izni bilan uylanaveringlar va mahrlarini to‘kis qilib beringlar! Endi erga tekkach, agar buzuqlik qilsalar, ularga ozod ayollarga beriladigan azobning yarmi berilur. Bu (ya’ni cho‘rilarga uylanish ruxsati) orangizdagi buzilib ketishdan qo‘rqqan kishilar uchundir. Sabr qilib (uylanmay turishlaringiz) o‘zingiz uchun yaxshiroqdir. Alloh mag‘firatli va mehribondir.

26. Alloh sizlarga shariat hukmlarini bayon qilishni, sizlarni ilgari o‘tgan (haq yo‘ldagi) zotlarning yo‘llariga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul qilishni istaydi. Alloh bilim va hikmat egasidir.

27. Alloh tavbalaringizni qabul qilishni istaydi, hoyu havasga berilgan kimsalar esa (haq yo‘ldan) butunlay ogib ketishingizni istaydilar.

28. Alloh sizlardan (yukingizni) yengillatishni istaydi. (Zotan), inson ojiz qilib yaratilgandir.

29. Ey mo‘minlar, mollaringizni o‘rtalaringizda nohaq (ya’ni o‘g‘rilik, qaroqchilik, sudxo‘rlik, poraxo‘rlik, qimor kabi) yo‘llar bilan yemangiz! Balki o‘zaro rizolik bilan bo‘lgan savdo-sotiq orqali mol-dunyo kasb qilingiz. Hamda bir-birlaringizni o‘ldirmangiz! Albatta Alloh sizlarga mehribon bo‘lgan zotdir.

30. Kim haddan oshib, zo‘ravonlik bilan shunday ishlarni qilsa, biz uni do‘zaxga kiritajakmiz. Bu Alloh uchun oson bo‘lgan ishdir.

31. Agar sizlar man etilgan gunoxlarning kattalaridan saqlansangizlar, qilgan kichik gunohlaringizni o‘chirurmiz va sizlarni ulug‘ manzil — jannatga kiriturmiz.

32. Alloh biron ne’mat bilan biringizni biringizdan ortiq qilib qo‘ygan bo‘lsa, sizlar uni (hasad-adovat bilan) orzu qilmang! Erkaklar ham o‘z mehnatlaridan nasiba olurlar, ayollar ham o‘z mehnatlaridan nasiba olurlar. Sizlar (birovlarga berilgan ne’matlarga ko‘z olaytirish o‘rniga) Allohning fazlu marhamatini so‘ranglar. Albatta Alloh hamma narsani bilguvchi bo‘lgan zotdir.

33. Har bir inson uchun ota-ona va qarindoshlar qoldirib ketgan merosdan (bahramand bo‘lguvchi) merosxo‘rlar qilib qo‘ydik. Kimlar bilan ahd-paymon qilgan bo‘lsangiz, bas, ularga o‘z hissalarini beringiz! Albatta Alloh hamma narsaga guvoh bo‘lgan zotdir.

I z o h . Islomdan oldin o‘rtalarida qarindosh-urug‘chilik bo‘lmagan odamlar ham o‘zaro ahd-paymon qilishib do‘st bo‘lishgach, bir-birlaridan meros olar edilar. Islomning avvalgi davrlarida bu odat bekor qilinmagan edi. So‘ng boshqa bir oyat bilan u man’ etilgan.

34. Erkaklar xotinlari ustida rahbardurlar. Bunga sabab Alloh ularning birovlarini birovlaridan (ya’ni erkaklarni ayollardan) ortiq qilgani va erkaklar (xotinlari va oilalari uchun) o‘z mol-mulklaridan sarf-xarajat qilganlaridir. Bas, ibodat-itoatli va erlari yo‘qligida Allohning hifzu himoyati bilan (erlarining molmulklarini va o‘z iffatlarini) saqlovchi xotinlar — yaxshi xotinlardir. Xotinlaringizning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga pand-nasihat qilinglar, so‘ng (ya’ni nasihatlaring kor qilmasa) ularni yotoqlarda tark qilingiz (ular bilan bir joyda yotmang, yaqinlashmang), so‘ngra (ya’ni shunda ham sizlarga bo‘yinsunmasalar) uringlar. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo‘l axtarmanglar. Albatta, Alloh eng yuksak va buyuk bo‘lgan zotdir.

I z o h . Ushbu oyatda oiladagi er bilan xotinning o‘rni belgilab berilgan. Shariat hukmicha, er avvalo oilaning barcha moliyaviy va ma’naviy taraflariga javobgar bo‘lgan, uni chetdan bo‘ladigan har qanday xurujlardan himoya qiladigan shaxsdir. Mana shular evaziga va erkak kishi uchun fazilat hisoblanmish og‘ir-bosiqlik, oila tebratishdagi tadbirkorlik kabi sifatlar sababli u oilaning boshlig‘i sanaladi. Yaxshi xotin esa diyonatli, erning uyini obod qiladigan va unga bir umr sadoqatli bo‘lgan ayoldir. Agar xotin tomonidan oilaning yo er-xotinning tinch-totuvligiga rahna soladigan biron fe’l sodir bo‘lsa, erning vazifasi avvalo unga yaxshilik bilan tushuntirish, tushunmasa mehru muhabbatini darig‘ tutish bilan o‘z noroziligini bildirishdir. Bu ishlar foyda bermagan taqdirdagina xotinga (uni urib rohatlanish uchun emas, balki to‘g‘ri yo‘lga solish maqsadida) qo‘l ko‘tarishga ruxsat beriladi. Lekin, tabiiyki, erga itoat qilishni o‘zi uchun burch deb bilgai ayol va o‘zidan qudratliroq bo‘lgan zot — Alloh ko‘rib turganiga iymoni komil bo‘lgan er bu oxirgi choragacha yetib kelmaydilar.

35. Agar er-xotinning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangizlar, er tomonidan bir hakam, xotin tomonidan bir hakam chaqiringiz. Agar ular isloh qilishni istasalar Alloh er-xotin orasiga ittifoqlikni solur. Albatta Alloh bilguvchi va habardor bo‘lgan zotdir.

36-37. Allohga bandalik qilinglar va Unga hech narsani sherik qilmanglar! Otaonangizga hamda qarindosh-urug‘, yetim va miskinlarga, qarindosh qo‘shni va begona qo‘shniga, yoningizdagi hamrohingizga, yo‘lovchi musofirga va qo‘llaringizdagi qullaringizga yaxshilik qilingiz! Albatta Alloh o‘zlari baxillik qiladigan va o‘zga odamlarni ham baxillikka chaqiradigan hamda Alloh fazlu karamidan bergan ne’matlarni yashiradigan mutakabbir va maqtanchoq bo‘lgan kimsalarni sevmaydi. Biz bunday kofirlar uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

38. Yana mollarini odamlar ko‘rsin, deb ehson qiladigan, o‘zlari esa na Allohga va na oxirat kuniga iymon keltirmaydigan kimsalarni ham (Alloh sevmaydi). Kimga shayton do‘st bo‘lsa, u eng yomon do‘st bo‘lur.

39. Agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirsalar va Alloh rizq qilib bergan narsalaridan ehson qilsalar, ularga qanday zarar bo‘lar edi? Alloh ularning (qilgan amallarini) bilguvchi bo‘lgan zotdir.

40. Shubhasiz, Alloh birovga bir zarra vaznicha zulm qilmas. Agar zarracha yaxshilik bo‘lsa, uni bir necha barobar qilur va o‘z huzuridan ulug‘ ajr ato qilur.

41. (Ey Muhammad), biz har bir ummatdan (o‘sha ummatning payg‘ambarini) guvoh keltirganimizda va Sizni ana ularga qarshi guvoh qilganimizda ularning holi ne kechur?!

42. U kunda kofir bo‘lgan va payg‘ambarga itoatsizlik qilgan kimsalar yer bilan yakson bo‘lib ketishni orzu qiladilar va lekin Allohdan biron gapni yashira olmaydilar.

43. Ey mo‘minlar, toki gapirayotgan gaplaringizni bilishingiz uchun mast holingizda namozga yaqin kelmanglar. Va yana safarda bo‘lmasangiz to cho‘milmaguningizcha junub holingizda (namozga yaqin kelmang). Agar betob yo safarda bo‘lsangizlar, yoki sizlardan biron kishi hojatxonadan chiqqan bo‘lsa, yoxud xotinlaringiz bilan yaqinlashgan bo‘lsangiz va (mazkur xolatlarda) suv topa olmasangiz pokiza tuproq bilan tayammum qilib, yuz va qo‘llaringizga surtinglar. Albatta Alloh afv etuvchi va mag‘firatli bo‘lgan zotdir.

I z o h. Bu ichkilik xususida nozil bo‘lgan ikkinchi oyatdir. Agar birinchi oyatda (Baqara surasi, 219-oyat) ichkilikda ko‘p foyda va zararlar bor, ammo uning zarari foydasidan ko‘proq, deyilgan bo‘lsa, bu yerda musulmonlar uchun eng ulug‘ maqom bo‘lgan namoz o‘qish paytida («Namoz mo‘minning me’rojidir» — hadisi sharifdan) mast holda bo‘lmaslikka buyurish bilan Qur’on uning harom narsa ekanligiga ishora qilib, unga nisbatan mo‘minlarda nafrat uyg‘otmoqda. Navbatdagi ichkilik to‘g‘risida keladigan oyatda uni harom, deb e’lon qilinadi. Shariatning barcha hukmlari ana o‘sha so‘nggi oyatga asoslanadi. Junub — erkak va ayolning yaqinlashuvi yoki har qanday suratda erkak yo ayoldan shahvat suvi chiqishi natijasida o‘sha erkak yo ayol junub (nopok) bo‘ladi. Tayammum — suv topa olmagan yoki topsa ham qandaydir sabab bilan uni ishlatishga qodir bo‘lmagan kishining pok tuproqqa qo‘l urib, yuz va qo‘llariga surtish bilan pok bo‘lishidir. Bu amalni qilishda tahoratni yoki g‘usl (cho‘milish)ni ham niyat qilinadi. Har ikkisini qo‘shib niyat qilish ham mumkin.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:49:34 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
44. (Ey Muhammad), kitobdan (ya’ni, Tavrotdan) nasibador bo‘lgan kimsalarning gumrohlikni sotib olayotganlarini va sizlar ham haq yo‘ldan toyishingizni istayotganlarini ko‘rmadingizmi?

45. Holbuki, Alloh dushmanlaringizni juda yaxshi bilguvchi, Allohning o‘zi yetarli do‘st, Allohning o‘zi yetarli yordamchidir.

46. Yahudiy bo‘lganlar orasida shundaylari borki, ular (Tavrot kitobida bo‘lgan Muhammad alayhis-salom haqidagi) Allohning so‘zini o‘z o‘rnidan o‘zgartiradilar va tillarini burib, dinga jarohat yetkazish g‘arazida: «Tingladik va bosh tortdik. Quloq sol, eshitmay qolgur! (roino) Bizga boq», deydilar. Agar ular «Tingladik va bo‘yinsundik. Bizni ham tinglab (unzurno), bizga ham nazar qilib tur», deganlarida o‘zlari uchun yaxshiroq va to‘g‘riroq bo‘lur edi. Lekin ular kufrlari sababli Allohning la’natiga duchor bo‘lganlar, Bas, ularning kamdan-kamlari iymon keltiradilar.

I z o h. Bu oyatdagi «roino va «unzurno» so‘zlarining ma’no va sharxlari Baqara surasining 104-oyatida mazkurdir.

47. Ey Kitob berilgan kimsalar, yuzlarini buzib teskarisiga aylantirib yuborishimizdan ilgari yoki ularni «Shanba egalarini» la’natlaganimizdek la’natlashimizdan (ya’ni maymun va to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘yishimizdan) ilgari sizlardagi narsa (Tavrot)ni tasdiqlagan holda nozil qilgan Kitobimiz (Qur’on)ga iymon keltiringiz. Allohning amr-farmoni shubhasiz ado qilingusidir.

48. Albatta Alloh O’ziga (biron narsaning) sherik qilinishini kechirmas. Shundan boshqa gunohlarni O’zi xohlagan bandalari uchun kechirur. Kim Allohga (biror kimsa yoki narsani) sherik keltirsa, bas, u buyuk gunohni to‘qib chiqaribdi.

49. (Ey Muhammad), o‘zlarini pok qilib ko‘rsatayotganlarni ko‘rmadingizmi? Yo‘q! Faqat Alloh O’zi xohlagan zotlarni poklaguvchidir. Va ularga qilchalik zulm qilinmas.

50. Ularning («Biz Allohning suyukli bolalarimiz») deb Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiyotganlarini ko‘ring. Mana shuning o‘zi yetarli ochiq gunohdir.

51. Kitobdan nasibador bo‘lgan kimsalarning but va sanamlarga sig‘inayotganlarini hamda kofir kimsalar haqida: «O’shalar iymon egalari bo‘lgan musulmonlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldalar», deyayotganlarini ko‘rmadingizmi?

52. Ular Alloh la’natlagan kimsalardir. Kimniki Alloh la’natlar ekan, bas, hech qachon uning uchun biron yordamchini topa olmaysiz.

53. Yoki ularning mol-mulklari bormi? Shunday bo‘lgan taqdirda ham odamlarga zig‘irchalik muruvvat qilmagan bo‘lur edilar!

54. Yoki odamlarga (ya’ni Muhammad alayhis-salomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya’ni payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi? Axir Biz ilgari ham Ibrohim sulolasiga (ya’ni Muso, Dovud, Sulaymon kabi zotlarga) Kitob va Hikmat (payg‘ambarlik) berib, ularni ulug‘ mulku davlatga ega qilgan edik-ku?!

55. Bas, ularning ichida unga (ya’ni Muhammadga) iymon keltirganlar ham bor, undan yuz o‘girganlar ham bor. (Bularga) jahannam o‘ti bas kelur.

56. Bizning oyatlarimizni inkor qilgan kimsalarni albatta do‘zaxga kiritajakmiz. Qachonki terilari kuyib bitishi bilan haqiqiy azobni totib ko‘rishlari uchun o‘rniga boshqa terilarni almashtiramiz. Albatta, Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

57. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlarni esa ular abadiy yashaydigan, ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga doxil qilajakmiz. Ular uchun u joylarda pok juftlar bordir. Ularni quyuq soyali joylarga kiriturmiz.

58. Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga va odamlar orasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishga buyuradi. Albatta, Alloh sizlarga eng yaxshi pand-nasihatlar qilur. Albatta, Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchi bo‘lgan zotdir.

59. Ey mo‘minlar, Allohga itoat qilingiz, va payg‘ambarga hamda o‘zlaringizdan bo‘lgan (ya’ni musulmon) hokimlarga bo‘yinsuningiz! Bordiyu biron narsa haqida talashib qolsangiz,— agar haqiqatan Allohga va oxirat kuniga ishonsangiz — u narsani Allohga va payg‘ambariga qaytaringiz! Mana shu yaxshiroq va chiroyliroq yechimdir.

60. (Ey Muhammad), o‘zlarini sizga nozil kilingan narsaga (Qur’onga) va sizdan ilgari nozil qilingan narsalarga iymon keltirgan deb hisoblaydigan (ayrim) kimsalarning shaytonga hukm so‘rab borishni istayotganlarini ko‘rmadingizmi? Holbuki, ularga unga ishonmaslik buyurilgan edi. (Chunki) shayton ularni butunlay yo‘ldan ozdirishni istaydi.

61. Qachon ularga «Alloh nozil qilgan Kitobga va payg‘ambar o‘gitlariga kelinglar», deyilsa, u munofiqlarning sizdan qattiq yuz o‘girganlarini ko‘rasiz.

62. Endi o‘zlarining qilmishlari sababli ularga biron musibat yetsa, shundan keyin sizning huzuringizga kelishib: «Biz faqat yaxshilikni va orani o‘nglashni istagan edik, xolos», deb qasam ichishlari qandoq bo‘ldi?

63. Unday kimsalarning dillaridagi narsani Alloh yaxshi bilur. Bas, siz ularning (kirdikorlariga) boqmang va ularga pand-nasihat qilib, o‘zlari haqida yetuk so‘zlarni ayting!

64. Biz qay bir payg‘ambarni yuborgan bo‘lsak, faqat Allohning izni-irodasi bilan unga itoat qilinsin, deb yuborganmiz. Agar ular (shaytondan hukm so‘rab borishlari bilan) jonlariga jabr qilgan paytlarida darhol sizning oldingizga kelib, Allohdan mag‘firat so‘raganlarida va payg‘ambar ham ular uchun mag‘firat so‘raganida edi, Allohning tavbalarni qabul qilguvchi, mehribon ekanligani topgan bo‘lur edilar.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:49:53 | Сообщение # 5
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
65. Yo‘q, Parvardigoringizga qasamki, to ular o‘z o‘rtalarida chiqqan kelishmovchiliklarda sizni hakam qilmagunlaricha va keyin siz chiqargan hukmdan dillarida hech qanday tanglik topmay, to‘la taslim bo‘lmagunlarichabo‘ yinsunmagunlaricha zinhor mo‘min bo‘la olmaydilar.

66. Agar Biz ularga (bani Isroilga buyurganimiz kabi) «bir-biringizni o‘ldiring va o‘z diyorlaringizdan chiqing», deb buyurganimizda edi, ulardan juda oz qismi bu buyruqni bajargan bo‘lur edi. Agar ular qilingan pand-nasihatlarga amal qilganlarida, o‘zlari uchun yaxshiroq va iymonlarini mustahkam qilguvchiroq ish bo‘lur edi.

67. Va u holda Biz ham ularga o‘z huzurimizdan ulug‘ mukofot bergan bo‘lardik.

68. Hamda ularni haq yo‘lga hidoyat qilgan bo‘lardik.

69. Kimda-kim Alloh va payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Alloh in’omlariga sazovor bo‘lgan zotlar — payg‘ambarlar haq-rost iymon egalari, shahidlar va faqat yaxshi amallar bilan o‘tgan kishilar bilan birga bo‘lurlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir.

70. Bu Alloh tomonidan bo‘lgan fazlu-marhamatdir. Allohning o‘zi yetarli bilguvchidir.

71. Ey mo‘minlar, dushmandan ehtiyot choralaringizni ko‘rib, jangta guruhlarga bo‘linib yoki hammangiz to‘planib chiqinglar.

72. Shubhasiz oralaringizda (jangga chiqishdan) ketda qoladigan, agar sizlarga biron musibat yetsa, «Alloh yorlaqab ular bilan birga bo‘lmadim», (aks holda halok bo‘lur edim) deydigan kimsalar ham bor.

73. Bordiyu sizlarga Allohdan fazlu marhamat yetsa (ya’ni g‘alabaga erishsangiz), u go‘yo (ilgari) sizlar bilan o‘zining orasida hech qanday tanishlik bo‘lmagandek «koshkiydi, men ham o‘shalar bilan birga bo‘lib, ulug‘ zafar (va o‘ljalar)ga erishsam edi», deyishi aniqdir.

74. Alloh yo‘lida bu hayoti dunyo evaziga oxiratni sotib oladigan zotlar jang qilsinlar. Kim Alloh yo‘lida jang qilib o‘ldirilsa yoki g‘alaba qilsa, unga ulug‘ mukofot ato etajakmiz.

75. (Ey mo‘minlar), sizlarga nima bo‘ldiki, Alloh yo‘lida va «Parvardigoro, bizni egalari zolim bo‘lgan bu shahardan ozod qil va bizga o‘z huzuringdan bir do‘st bergin, bizga o‘z huzuringdan bir yordamchi qilgin», deyayotgan erkaklar, ayollar hamda bolalardan iborat bo‘lgan bechoralar (ni ozod qilish) yo‘lida jang qilmayapsizlar?!

76. Iymon egalari Alloh yo‘lida jang qiladilar, kofir kimsalar esa shayton yo‘lida jang qiladilar. Bas, shaytonning do‘stlariga qarshi jang qilingiz! Shubhasiz, shaytonning makri zaif bo‘lguvchidir.

I z o h . Ushbu oyatlarda islomiy g‘azot haqida so‘z yuritildi. Islomiy gazot mustamlakachilik yoki mol-dunyo to‘plash uchun, ya’ni shayton yo‘lida emas, balki Alloh yo‘lida, kufr-zulm istibdodi ostida ezilayotgan bechoralarni (ular qaysi dinga mansub bo‘lishlaridan qat’iy nazar) o‘sha zulm changalidan ozod qilish uchun bo‘lishi lozim ekan.

77. (Ey Muhammad), mana bu kimsalarni ko‘rmadingizmiki, ularga (ilgari Makkada turgan paytlarida kofirlarga qarshi jang qilishga talabgor bo‘lganlarida) «O’zingizni bosing va namozingizni o‘qib, zakotingizni ado etib turinglar», deyilgan edi. Endi jang farz qilinganida esa banogoh ulardan bir to‘pi odamlardan Allohdan qo‘rqqandek, balki undan-da qattiqroq qo‘rqmoqdalar. Va (hatto) «Parvardigor, nega bizga jangni farz qilding? Bizlarga bu ajalni bir oz keyinroq yuborganingda edi», dedilar. Ularga ayting: «Dunyo matosi ozginadir. Allohdan qo‘rqqan kishiga oxirat yaxshiroqdir. Sizlarga qilchalik zulm qilinmas».

78. Qaerda bo‘lsangiz, hatto mustahkam qal’alar ichida bo‘lsangiz ham o‘lim sizlarni topib olur. Agar ularga (munofiqlarga) biron yaxshilik yetsa, «Bu Allohning huzuridan», deydilar. Bordiyu biron yomonlik yetib qolsa, «Bunga sen sababsan», deydilar. Ayting: «Hamma narsa Allohdandir». Nega bu qavm kishilari hech gap anglamaydilar-a?!

79. (Ey inson), senga yetgan har qanday yaxshilik faqat Allohdandir. Senga yetgan har qanday yomonlik esa o‘zingning qilmishingdandir. (Ey Muhammad), sizni Biz odamlarga payg‘ambar qilib yubordik. Bunga Allohning o‘zi yetarli guvohdir.

80. Kimki payg‘ambarga itoat etsa, demak, Allohga itoat etibdi. Kimki yuz o‘girsa (buning sizga zarari yo‘qdir).

81. Ular «Itoat etamiz», deydilaru huzuringizdan chiqqanlaridan keyin esa ulardan bir toifasi siz aytgan gaplarning aksiga xufyona til biriktiradilar. Alloh esa ularning xufyona kelishuvlarini yozib qo‘yur. Bas, siz ulardan yuz o‘girib, Allohga tavakkul qiling. Allohning o‘zi yetarli vakildir


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:50:09 | Сообщение # 6
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
82. Axir ular Qur’on haqida fikr yuritmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqa birov tomonidan bo‘lsa edi, unda ko‘p qarama-qarshiliklarni topgan bo‘lar edilar-ku?!

83. Qachon ularga (jangga ketgan musulmon askarlar haqida) tinchlik yoki xavf-xatar (ya’ni g‘alaba yoki mag‘lubiyat) xabari kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar (ular o‘zlariga kelgan xabarni har kimga yoyib yurmasdan)payg‘ambarga va o‘zlaridan bo‘lgan boshliqlargagina yetkazganlarida edi, uni (ya’ni mana shu xabarning haqiqatini) bilmoqchi bo‘lgan kishilar o‘shalardan bilgan bo‘lar edilar. Agar sizlarga Allohning fazlu marhamati bo‘lmasa edi, (ya’ni Alloh o‘z marhamati bilan sizlarni iymonda ustivor qilmasa edi) ayrim kishilardan tashqari hammangiz shaytonga ergashib ketar edingiz.

84. Bas (ey Muhammad), Alloh yo‘lida jang qiling. Zotan, siz faqat o‘zingiz uchun javobgarsiz. (Demak, yolg‘iz qolsangiz ham jang qiling) va mo‘minlarni ham targ‘ib qiling! Shoyad Alloh kofir bo‘lgan kimsalarning shiddatini daf qilsa, Alloh quvvati ortiq, azobi qattiq zotdir.

85. Kim (odamlar orasida) chiroyli — haq taraf olish bilan taraf olsa, o‘ziga ham uning savobidan bir ulush tegur. Kim nohaq taraf olish bilan taraf olsa, o‘zi uchun uning gunohidan bir ulush tegur. Alloh hamma narsaga qodir bo‘lgan zotdir.

86. Qachon sizlarga biron ibora bilan salom berilsa, sizlar undan chiroyliroq qilib alik olinglar yoki (hech bo‘lmasa) o‘sha iborani qaytaringlar. Albatta Alloh hamma narsani hisobga olguvchi bo‘lgan zotdir.

87. Yolg‘iz Allohdan o‘zga hech qanday iloh yo‘qdir. U sizlarni hech shakshubhasiz bo‘lgan qiyomat kunida to‘playdi. Allohdan ko‘ra rostgo‘yroq kim bor?!

88. (Ey mo‘minlar), nega sizlar munofiqlar to‘g‘risida ikki guruhga bo‘linib oldingiz? Axir, Alloh ularni o‘z qilmishlari sababli (kufr va nifoqqa) qaytardiku?! Yoki Alloh adashtirgan kimsalarni to‘g‘ri yo‘lga solmoqchimisizlar? Kimniki Alloh adashtirib qo‘ygan bo‘lsa, uning uchun hargiz yo‘l topa olmaysiz!

I z o h . Ushbu oyat sahobalar bilan birga Makkadan Madinaga hijrat qilib, so‘ngra payg‘ambar alayhis-salomga turli uzr-bahonalar ko‘rsatib, yana orqalariga — Makkaga qaytib ketgan bir qavm haqida nozil bo‘lgan. Mo‘minlarning ayrimlari ularni munofiq deyishsa, ayrimlari ularning yonini oladilar. Shunda Alloh taolo ularni haqiqiy munofiqlar ekanliklarini mo‘minlarga ushbu oyat orqali ma’lum qiladi.

89. Ular o‘zlari kofir bo‘lganlari kabi sizlar ham kofir bo‘lib, ular bilan barobar bo‘lib qolishlaringizni istaydilar. Bas, Sizlar to Alloh yo‘lida hijrat qilmagunlaricha ularni do‘st tutmanglar! Agar yuz o‘girsalar, ularni topgan joyingizda tutib o‘ldiringiz va ulardan na bir do‘st va na bir yordamchi olmangiz!

90. Ammo (u munofiqlardan) oralaringizda ahdu paymon bo‘lgan qavmga kelib qo‘shilgan yoki xoh sizlar bilan, xoh o‘zlarining qavmi bilan urushish joniga tegib oldingizga kelgan kimsalarga tegmangiz! Agar Alloh istasa edi, ularni sizlardan ustun qilib qo‘ygan bo‘lar edi va ular sizlarga qarshi jang qilar edilar. Bas, agar sizlardan chetlanib, sizlarga qarshi jang qilmay sulh tuzishni taklif qilib kelsalar, Alloh sizlar uchun ularning ustiga hech qanday yo‘l bermaydi.

91. (U munofiqlardan) boshqa bir toifasining esa sizlardan ham, o‘z qavmlaridan ham tinch-xotirjam bo‘lishni ko‘zlayotganlarini ko‘rasizlar.

I z o h. Ya’ni ular Madinaga kelganlarida o‘zlarini mo‘min qilib ko‘rsatadilar, o‘z qavmlariga qaytgach esa yana kofirlikka qaytib, sizlar bilan qilgan ahd-paymonlarini buzadilar. Qachonki fitnaga (ya’ni kufrga) qaytishga to‘g‘ri kelsa, o‘zlarini unga tashlaydilar. Bas, agar ular sizlardan chetlanmas, sizlarga sulh taklif qilmas va qo‘llarini tiymas ekanlar, ularni topgan joyingizda tutib o‘ldiringiz. Mana, biz bunday kimsalarga qarshi (hujum qilishingiz uchun) sizlarga ochiq hujjat berib qo‘ydik.

92. Mo‘min mo‘minni faqat bilmagan holdagina o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Kim bir mo‘minni bilmay o‘ldirib qo‘ysa, u bir mo‘min qulni ozod qilishi va marhumning egalariga — agar kechib yubormasalar — xun to‘lashi vojibdir. Agar marhum o‘zi mo‘min bo‘lib, sizlarga dushman qavmdan bo‘lsa, faqat bir mo‘min qulni ozod qilishi vojib. Agar u sizlar bilan sulh tuzgan qavmdan bo‘lsa, uning egalariga xun to‘lash va bir mo‘min qulni ozod qilish lozim. Bas, kim (ozod qilish uchun bir qul) topishga qodir bo‘lmasa, Allohga tavba qilib muttasil ikki oy ro‘za tutmog‘i lozim. Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

93. Kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib, o‘sha joyda abadiy qolajak. Va u Allohning g‘azabi va la’natiga duchor bo‘lgan, Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir.

94. Ey mo‘minlar, qachon Alloh yo‘lida jihod uchun safarga chiqsangiz (dushmanlaringizni) aniq tanib olinglar va bu hayoti dunyoning narsasini istab sizlarga salom bergan kishiga: «Sen mo‘min emassan!» demanglar! Zero, Allohning huzurida behisob o‘ljalar bordir.

I z o h . Rivoyat qilishlaricha, bir necha sahoba ketayotganlarida oldilaridan qo‘y boqib yurgan bir kishi chiqib, ularga salom bsribdi. Shunda ular o‘zlaricha: «Bu bizdan qutulish uchun o‘zini musulmon qilib ko‘rsatib salom beryapti», deydilar va haligi odamga hujum qilib o‘ldirib, qo‘ylarini o‘lja qilib payg‘ambar alayhis-salomning oldilariga haydab keladilar. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi. Ilgari sizlar ham shunday edingiz (ya’ni kofirlar qo‘l ostida musulmonligingizni yashirib yurishga majbur edingiz). Endi Alloh sizlarni (Islom davlatida yashash ne’mati bilan) mamnun qildi. Bas, (dushmanlaringizni) aniq tanib olinglar. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lgan zotdir.

95-96. Mo‘minlardan o‘zlari beshikast bo‘lib turib (jihodga chiqmay) o‘tirib olgan kishilar bilan Alloh yo‘lida mol va jonlari ila kurashgan zotlar barobar bo‘lmaydi. Alloh molu jonlari bilan kurashgan zotlarni (biron uzr sababli jihodga chiqmay) o‘tirib olgan kishilardan ham bir daraja afzal qildi va barchalariga go‘zal oqibatni (ya’ni jannatni) va’da qildi. Hamda Alloh jihod qilguvchilarni o‘tirib oluvchilardan ulug‘ mukofot — O’z tomonidan bo‘lajak yuksak darajalar, mag‘firat va marhamat bilan afzal qildi. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

97. Albatta musulmonlar bilan birga hijrat qilmasdan kofirlar qo‘l ostida yashashga rozi bo‘lish bilan o‘z jonlariga jabr qilgan qimsalarning jonlarini olish chog‘ida farishtalar ularga: «Qanday holda yashadingiz?» — deganlarida: «Biz bu yerda chorasiz bechoralar edik», dedilar. (Shunda farishtalar); «Hijrat qilsanglar Allohning yeri keng edi-ku?! (Nega dinu iymonlaringiz yo‘lida bu yurtdan hijrat qilmadinglar?)» — deyishdi. Bundaylarning joylari jahannamdir. Kanday yomon joydir u!

98-99. Faqat biron chora topishga qodir bo‘lmay, hijrat yo‘lini istab topa olmay chorasiz qolgan kishilar, ayollar va bolalar borki, bundaylarni shoyad Alloh avf etsa. Zotan, Alloh afv etguvchi, mag‘firat qilguvchi bo‘lgan zotdir.
100. Kim Alloh yo‘lida hijrat qilsa, yer yuzida ko‘p panoh bo‘lgudek joylarni va kengchilikni topgay. Kim uyidan Alloh va Uning payg‘ambari sari muhojir bo‘lib chiqib, so‘ng (shu yo‘lda) unga o‘lim yetsa, muhaqqaqki uning ajri — mukofoti Allohning zimmasiga tushar. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.


Сообщение отредактировал MoniKa - Шанба, 09.05.2009, 7:50:34
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:50:54 | Сообщение # 7
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
101. Safar qilib boshqa yerlarga borganingizda agar kofirlar fitnasidan qo‘rqsangiz, namozingizni qasr (qisqa) qilib o‘qishingizning gunohi yo‘qdir. Chunki kofirlar sizlarga ochiq dushman bo‘lgan kimsalardir.
I z o h . «Qasr» namoz deb to‘rt rakaatli farz namozlarni ikki rakaat qilib qisqartirib o‘qishni aytiladi. Qasr namoz o‘qish uchun piyoda yurilsa kamida uch kechayu uch kunduzda bosib o‘tish mumkin bo‘lgan masofani niyat qilib safarga chiqqan bo‘lish kerak. Bu masofani ulamolar 80-100 chaqirim deb belgilaganlar.

102. (Ey Muhammad), qachon siz (jang maydonida) mo‘minlar orasida bo‘lib, ularga imom bo‘lgan holda namoz o‘qimoqchi bo‘lsangiz, ulardan bir toifasi qurollangan hollarida siz bilan namozga tursinlar. Bas, qachon sajda qilishgach (ya’ni namozning bir rakaatini o‘qib bo‘lishgach), orqalaringga borib, (sizlarni qo‘riqlab) tursinlar va hali namoz o‘qimagan boshqa toifa kelib siz bilan birga namoz o‘qisinlar. Ular ham ehtiyot choralarini ko‘rib, qurollanib olsinlar. Kofirlar sizlar qurol-yarog‘ va asbob-anjomlaringizdan g‘aflatda bo‘lgan paytingizda ustingizga birdaniga hamla qilishni istaydilar. Agar yog‘ingarchilikdan aziyat cheksangizlar yoki bemor bo‘lsangizlar, kurollaringizni yechib qo‘yishingiz gunoh emas. Ammo ehtiyot chorangizni ko‘rib qo‘yinglar. Albatta Alloh kofirlar uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘ygandir.

103. Namozni ado qilib bo‘lganingizdan keyin ham turgan, o‘tirgan va yonboshlagan paytlaringizda doim Allohni yod etingiz! Bas, qachon xotirjam bo‘lgach, namozni to‘kis ado etingiz! Albatta, namoz mo‘minlarga (vaqti) tayinlangan farz bo‘ldi.

104. Bu kofir qavmni quvishda sustkashlik qilmangiz! Agar qiynalayotgan bo‘lsangizlar, ular ham sizlar qiynalganingizdek qiynalmoqdalar. (Shu bilan birga) sizlar Alloh tomonidan ular umid qilmagan narsani (ya’ni savobni, shahidlik ne’matiga muyassar bo‘lishni, qolaversa, g‘alaba qozonishni) umid qilmoqdasizlar-ku?! Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

105. Albatta, Biz sizga ushbu Haq Kitobni (Qur’onni) odamlar orasida Alloh qo‘rsatgan yo‘l bilan hukm etishingiz uchun nozil qildik. Siz xoinlarni himoya qilguvchi bo‘lmang.

106. Allohdan mag‘firat qilishni so‘rang! Albatta Alloh mag‘firat qilguvchi va mehribon bo‘lgan zotdir.

107. Siz o‘zlariga xiyonat qiladigan (jinoyatkor) kimsalarning yonini olmang! Albatta Alloh xoin va jinoyatchi bo‘lgan kimsalarni sevmaydi.

I z o h . Bu oyat madinalik To‘ma binni Ubayriq sha’niga nozil bo‘lgan. U qo‘shnisining sovutini o‘g‘irlab, o‘g‘riligi oshkor bo‘lish xavfi tug‘ilganda u sovutni boshqa bir odamning uyiga olib borib berkitadi. Shundan keyin To‘‘maning qabiladoshlari payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelishib, uni oqlab gapiradilar. Ularga ishonib payg‘ambar alayhissalom To‘‘mani odamlar oldida himoya qiladilar va uni o‘g‘ri deganlarga qarshi gapiradilar.

108. Ular (o‘zlarining jinoyatlarini) odamlardan yashira oladilar, ammo Allohdan yashira olmaydilar. U O’zi rozi bo‘lmaydigan gaplarning rejasini xufyona tuzayotgan paytlarida ham ular bilan birga bo‘lur. Alloh ularning qilayotgan amallarini ihota qilguvchi bo‘lgan zotdir.

109. Hoy sizlar, bu dunyoda-ku, ularning yonini oldingiz. Endi qiyomat kunida kim ularni Allohdan himoya qilib yonlarini olur yoki kim ularning ustida vakil bo‘lib turar?!

110. Kim biron bir yomon ish qilsa yoki o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohni mag‘firat qilguvchi va mehribon ekanini topar - ko‘rar.

111. Kimki biron gunoh qilsa, faqat o‘ziga zarar qilgan bo‘ladi. Alloh Bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

112. Kimki biron xato yoki gunohni qilib qo‘yib, so‘ng uni bir pok odamga tuhmat qilib otsa, muxaqqaqki, u bo‘hton va ochiq gunohni o‘z zimmasiga olibdi.

113. (Ey Muhammad), agar sizga Allohning fazlu marhamati bo‘lmaganda edi, ulardan bir toifasi sizni yo‘ldan ozdirishga urinib qolgan edi. Lekin ular faqat o‘zlarini adashtiradilar, xolos. Sizga esa biron ziyon yetkaza olmaydilar. (Zero) Alloh sizga Kitob va Hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga qilgan fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi.

114. Ularning ko‘p maxfiy suhbatlaridan — agar sadaqa berishga yo biron yaxshilik qilishga yoki odamlar o‘rtasini isloh qilishga buyurgan bo‘lmasalar — hech qanday foyda yo‘qdir. Kim Alloh rizosini istab bu ishlarni qilsa, unga ulug‘ mukofot berajakmiz.

115. Kim haq yo‘lni aniq bilganidan keyin payg‘ambarga xilof ish qilsa va mo‘minlarning yo‘llaridan boshqa yo‘lga ergashib ketsa, biz uni ketganicha qo‘yib beramiz. So‘ngra jahannamga dohil qilamiz. Naqadar yomon joydir u!

116. Albatta Alloh o‘ziga (biron narsa yo kimsaning) sherik qilinishini kechirmaydi. Shundan boshqa gunohlarni o‘zi xohlagan bandalari uchun kechiradi. Kimki Allohga shirk keltirsa, demak, juda qattiq yo‘ldan ozibdi.

117. Ular (ya’ni Allohga shirk keltirgan kimsalar) Allohni qo‘yib, faqat (Lot, Uzzo, Manot kabi) sanamlarga sig‘inadilar va faqat itoatsiz shaytonga sig‘inadilar.

118. Alloh uni la’natladi. (Shunda) u dedi: «Qasamki, bandalaring orasidan o‘zimga tegishli nasibani albatta olaman.

119. Va ularni yo‘ldan ozdiraman, xomxayollarga mubtalo qilaman, buyursam ular chorvalarining quloqlarini kesadilar, buyursam Alloh yaratgan narsalarni o‘zgartirib-buzadilar». Kimki Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutsa, bas, u ochiqdan-ochiq ziyon qilibdi.

I z o h . Islomdan ilgari arablar tuyalarning beshinchi bolasi erkak tug‘ilsa, qulog‘ini kesib yoki teshib, o‘zlari sig‘inadigan butlariga qurbonlik qilib bo‘sh qo‘yib yuborar ekanlar. «Allohning yaratgan narsalarini o‘zgartirish»laridan murod — qullarni bichish, ayollarning ziynat uchun qosh terishlari, soch ulashlari kabi narsalarni o‘z asliy holatidan soxta-sun’iy holatga o‘zgartirish nazarda tutiladi. Qur’on bunday yaramas ishlar, shaytonga bo‘ysunish, deb uqtiradi.

120. (Shayton) ularga va’dalar berur, xomxayollarga mubtalo qilur. Oxiroqibatda shayton bergan va’dalar faqat yolg‘on-sarob bo‘lib chiqar.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:51:13 | Сообщение # 8
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
121. Unday kimsalarning joylari jahannam bulib, undan qochib qutula olmagaylar.

122. Iymon keltirib, yaxshi amallarni qilgan zotlarni esa ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritajakmiz – ular u yerda abadiy yasharlar. Bu Allohning haq va’dasidir. Allohdan ko‘ra rostgo‘yroq kim bor?!

123. Sizlarning xomxayollaringiz ham, ahli kitobning xomxayollari ham haq emas — kimki yomon amal qilsa, jazosini olur va o‘zi uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir madadkor topmas.

124. Xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin — kimda-kim mo‘min bo‘lgan holida yaxshi amallardan qilsa, ana o‘sha kishilar jannatga kirurlar va ularga zarracha zulm qilinmas.

125. Haqiqiy musulmon bo‘lgan holida o‘zini Allohga topshirgan va haq yo‘ldagi Ibrohimning diniga ergashgan kishining dinidan ham go‘zalroq din bormi?! (Axir) Ibrohimni Alloh O’ziga do‘st tutgan.

126. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Alloh hamma narsani ihota qilguvchi bo‘lgan zotdir.

127. (Ey Muhammad), sizdan ayollar haqida fatvo so‘raydilar. Ayting: «Ular to‘g‘risida sizlarga Alloh va Kitobda (Qur’onda) tilovat qilinadigan oyatlar fatvo berur. Yana (qaramog‘ingizdagi) yetim ayollarni (agar go‘zal bo‘lsalar) ular uchun farz qilingan mahrlarini bermasdan (nikohingizga olishingizni) va (agar xunuk bo‘lsalar) nikohingizga olishdan yuz o‘girib (ulardan qoladigan merosga tama qilib to o‘lgunlaricha boshqa birovga turmushga chiqarmay saqlashlaringizni sizlarga harom qiladi). Yana nochor bolalar haqida fatvo berib, bunday yetimlar xususida adolat bilan turishingizni amr qilur. Sizlar nima yaxshilik qilsangiz, albatta Alloh uni bilib turguvchi bo‘lgan zotdir.

128. Agar biron ayol eri tomonidan ko‘ngilsizlik yoki yuz o‘girib ketish sodir bo‘lishidan qo‘rqsa, u ikkovi o‘zaro bir sulhga kelishib olishlari zararsizdir. Sulh (ajralib ketishdan) yaxshiroqdir. Nafslar qizg‘anishga hoziru nozir bo‘lib turadilar. Agar ayollaringizga chiroyli muomala qilsangiz va Allohdan qo‘rqsangiz (o‘zingizga yaxshidir). Zero, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lgan zotdir.

129. Har qancha urinsangizlar ham xotinlaringiz o‘rtasida adolat qilishga qodir bo‘lmaysizlar. Bas, butunlay (suygan xotinlaringiz tomonga) og‘ib ketib (ko‘ngilsiz bo‘lib qolgan) xotiningizni muallaqa kabi tashlab qo‘ymangiz!

I z o h . Muallaqa ayol — eri biron-bir sabab bilan bedarak ketgan ayoldir. U erim bor, desa — eri yo‘q, bevaman, deyin, desa — eri taloq bermay ketgan. Agar o‘zlaringizni o‘nglab Allohdan qo‘rqsangizlar, albatta Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

130. Bordiyu er-xotin ajralib ketsalar, Alloh ikkalasini ham O’zining keng karami bilan behojat qilib qo‘ygay. (Ya’ni har ikkisiga ham avvalgi turmushidan yaxshiroq er yoki xotin nasib etishi mumkin). Alloh fazlu karami keng va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

131. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Biz sizlardan ilgari Kitob berilgan zotlarga ham, sizlarga ham Allohdan qo‘rqinglar, deb amr qildik. Agar kofir bo‘lib ketsangizlar (Allohga hech bir zarar yetkaza olmaysizlar). Zero, Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Va Alloh behojat va maqtovga sazovor bo‘lgan zotdir.

132. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Allohning O’zi yetarli vakildir. Ya’ni yer va osmonlardagi barcha ishlarni kuzatib, saqlab turuvchi zotdir.

133. Agar xohlasa, ey odamlar, sizlarni ketkazib, boshqalarni keltirur. Alloh bunga qodir bo‘lgan zotdir.

134. Kim bu dunyoning savobini istasa, bilsinki, Allohling huzurida ham bu dunyoning, ham oxiratning savobi bordir. Alloh eshitguvchi, ko‘rguvchi bo‘lgan zotdir.

135. Ey mo‘minlar, adolat bilan turguvchi hamda o‘zlaringning yoki ota-ona va qarindosh-urug‘larning zarariga bo‘lsa-da, Alloh uchun to‘g‘ri guvohlik berguvchi bo‘linglar! U (ya’ni guvohlik beriluvchi) boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, har ikkisiga ham Allohning O’zi (sizlardan ko‘ra) yaqinroqdir. Bas, adolat qilmasdan nafsi havoga ergashib ketmanglar. Agar tillaringni burib (noto‘g‘ri guvohlik bersanglar) yoki (guvohlik berishdan) bosh tortsanglar, albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor bo‘lgan zotdir.

136. Ey mo‘minlar, Allohga, uning payg‘ambariga va shu payg‘ambariga nozil qilgan Kitobiga hamda ilgari nozil bo‘lgan Kitoblariga iymoningiz komil bo‘lsin. Kimki Allohga, farishtalarga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga ishonmasa, demak, u juda qattiq adashibdi.

137. Albatta iymon keltirib, so‘ng kufrga qaytgan, keyin yana iymonga kelib, so‘ngra yana kofir bo‘lgan, keyin esa kufrlari yanada zyyoda bo‘lgan kimsalarni Alloh hargiz mag‘firat qilmaydi va ularni zinhor haq yo‘lga hidoyat qilmaydi.

138. Bunday munofiqlarga ular uchun alamli azob borligidan «xushxabar» berib qo‘ying!

139. Ular mo‘minlarni qo‘yib kofirlarni do‘st tutadilar. Ular o‘sha kofirlar oldidan kuch-qudrat izlaydilarmi?! (Ovora bo‘ladilar!) Zero, bor kuch-qudrat Allohnikidir.

140. Axir Alloh sizlarga Kitobda: «Qachonki Allohning oyatlari inkor qilinayotganini va masxara qilinayotganini eshitsangizlar, to boshqa gapga o‘tmagunlaricha unday kimsalar bilan birga o‘tirmanglar», degan so‘zlarni nozil qilgan edi-ku?! (Modomiki, ular bilan o‘tirgan ekansiz), demak, sizlar ham shak-shubhasiz ularning o‘zisiz. Albatta, Alloh barcha munofiq va kofirlarni jahannamga jamlaguvchidir.

141. Ular (ya’ni munofiqlar) sizlarga ko‘z tikib turadilar. Agar sizlarga Alloh tomonidan fathu zafar bo‘lsa: «Biz ham sizlar bilan bir dindamiz-ku», deydilar. Agar g‘alaba kofirlarga nasib bo‘lsa: «Biz sizlardan ustun bo‘lgan va sizlarni mo‘minlardan himoya qilgan emasmidik?» — deyishadi. Endi qiyomat kunida Alloh o‘rtalaringda hakamlik qilur. Va Alloh hargiz kofirlar uchun mo‘minlar ustiga yo‘l bermagay.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:51:48 | Сообщение # 9
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
142. Albatta munofiqlar Allohni aldamoqchi bo‘ladilar, holbuki, Alloh ularni «aldab» qo‘yguvchidir. Va qachon namozga tursalar dangasalik bilan, xo‘jako‘rsinga turadilar va Allohni kamdan-kam yodga oladilar.

143. Ular na uyoqlik, na buyoqlik bo‘lmay ikki orada sarson holda qolganlar. Kimniki Alloh yo‘ldan ozdirsa siz unga biron yo‘l topib bera olmaysiz.

144. Ey mo‘minlar, mo‘minlarni qo‘yib, kofirlarni do‘st tutmanglar! Alloh uchun o‘z zararlaringizga ochiq hujjat qilib berishni istaysizmi?

145. Albatta, munofiqlar do‘zaxning eng tuban joyida bo‘lurlar. Va ular uchun biron madadkor topa olmaysiz!

146. Magar tavba kilib o‘zlarini o‘nglagan va Allohga bog‘lanib, dinlarini Alloh uchun xolis qilgan zotlar – ana o‘shalargina mo‘minlar bilan birga bo‘lurlar. Yaqinda Alloh mo‘minlarga ulug‘ ajr ato etajak!

147. Agar shukr qilib, iymonli bo‘lsangizlar, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Axir Alloh (bandalarining toat-ibodatlariga savob ato etish bilan) shukr qilguchi va bilguvchi bo‘lgan zot-ku?!

OLTINCHI JUZ’

148. Alloh yomon so‘zlarning (ya’ni duoibadning) oshkora aytilishini suymaydi. Magar mazlum tomonidan bo‘lsa (joizdir), Alloh eshitguvchi, bilguvchi bo‘lgan zotdir.

149. (Ey mo‘minlar), xoh oshkora, xoh yashirincha biron yaxshilik qilsangiz yoki biron yomonlikni afv qilib yuborsangiz (Alloh suygan bandalardan bo‘lursiz). Zero, Alloh qudrat egasi bo‘lgani holda afv qilishda barqaror bo‘lgan zotdir.

150-151. Albatta, Alloh va payg‘ambariga ishonmaydigan, Alloh bilan payg‘ambarlarining oralarini ajratishni istaydigan (ya’ni Allohta ishonib, payg‘ambarlarini inkor qiladigan) va «ayrim payg‘ambarlarga ishonamiz, ayrimlariga ishonmaymiz», deydigan hamda ora yo‘lni tutishni istaydigan kimsalar — ana o‘shalar haqiqiy kofirdirlar. Bunday kofirlar uchun xor qilguvchi azobni tayyorlab qo‘yganmiz.

152. Alloh va payg‘ambarlariga iymon keltirgan hamda ulardan birontasini ajratib qo‘ymagan zotlarga esa yaqinda (Alloh) munosib mukofotlarini ato etajak. Alloh mag‘firatli, mehribon bo‘lgan zotdir.

153. (Ey Muhammad), ahli Kitob sizdan ko‘kdan bir Kitob tushirishingizni so‘raydi. Musodan bundan ham kattaroq narsani so‘ragan edilar: «Bizga Allohni ochiq ko‘rsat», deyishgan edi. Shunda zolimliklari sababli ularni chaqmoq urgan edi. So‘ngra ularga aniq-ravshan hujjatlar kelganidan keyin buzoqni xudo qilib olishdi. Buni ham afv etdik va Musoga ochiq hujjat ato etdik.

154. Ahdni buzganlari sababli ustlariga Tur tog‘ini ko‘tardik va ularga: «Bu darvozadan sajda qilgan holingizda kiringiz», dedik. Yana ularga: «Shanba kunlari (baliq ovlash bilan) haddingizdan oshmang», dedik hamda ulardan qattiq ahd-paymon oldik.

155. So‘ngra ahdu paymonlarini buzganliklari, Allohning oyatlarini inkor qilganliklari, payg‘ambarlarni nohak o‘ldirganliklari va: «Dillarimiz qulf», deganliklari sababli (Biz ularni la’natladik). Yo‘q! Balki kufrlari sababli Alloh ularning dillarini muhrlab qo‘ygandir. Bas, kamdan-kamlari iymon keltiradilar.

156-157. Yana kofirliklari va Maryam xususida ulug‘ bo‘hton qilganliklari sababli hamda Allohning payg‘ambari bo‘lgan al-Masih Iyso binni Maryamni «bizlar o‘ldirganmiz», degan so‘zlari sababli (Biz ularni la’natladik). Holbuki, ular uni o‘ldirganlari ham, osganlari ham yo‘q. Faqat ular uchun (boshqa birov Iysoga) o‘xshatib qo‘yildi, xolos. Albatta, Iyso haqida talashib-tortishgan kimsalar uning (o‘ldirilgan-o‘ldirilmagani) haqida shubhada qolganlar. U haqda faqat gumonlarga beriladilar, xolos. Uni o‘ldirmaganlari aniqdir.

158. Balki uni Alloh o‘z huzuriga ko‘targandir. Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

159. Har bir axli Kitob o‘limi oldidan unga (ya’ni Iysoga) albatta iymon keltirur. Qiyomat kunida esa u bularning zarariga guvoh bo‘lur.

160—161. Yahudiy bo‘lgan kimsalarning zolimliklari va ko‘p kishilarni Alloh yo‘lidan to‘sganlari sababli, yana man’ etilgan bo‘lsalar-da, sudxo‘rlik qilganlari va odamlarning mollarini nohaq yeganlari sababli ularga oldin halol qilingan narsalarni harom qilib qo‘ydik. Va ulardan kofir bo‘lgan kimsalar uchun alamli azobni tayyorlab qo‘ydik.

I z o h. Yahudiylar uchun ilgari Isroil, ya’ni Ya’qub payg‘ambar o‘ziga harom qilib olgan tuya go‘shti va sutidan boshqa hamma taomlar halol edi. Keyin o‘z payg‘ambarlariga itoat qilmay zulm-tajovuzkorlik yo‘llariga o‘tishgach, ular uchun Tavrotda ko‘p narsalar, jumladan, qo‘y-mollarning yog‘lari ham harom qilindi. Bu haqda boshqa suralardagi oyatlarda yana tafsilotlar keladi.

162. Lekin ularning orasidan ilmda mustahkam bo‘lgan zotlar hamda sizga nozil qilingan narsaga va sizdan ilgari nozil qilingan narsalarga iymon keltiradigan mo‘minlar, xususan namozni barpo qiluvchilar, zakotni ado qilguvchilar va Alloh va oxirat kuniga iymon keltiruvchilar — ana o‘shalarga ulug‘ mukofot ato etajakmiz.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:52:32 | Сообщение # 10
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
163. (Ey Muhammad), albatta Biz Nuhga va undan keyingi payg‘ambarlarga vahiy yuborganimiz kabi sizga ham vahiy yubordik. Yana Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Ya’qub va uning urug‘-avlodi, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymon payg‘ambarlarga ham vahiy yuborganmiz. Dovudga Zaburni ato etdik.

164. Ayrim payg‘ambarlar haqida sizga ilgari hikoya qildik, ayrim payg‘ambarlarni esa sizga hikoya qilganimiz yo‘q. Muso bilan Allohning O’zi (bevosita) gaplashdi.

165. Toki bu payg‘ambarlar o‘tganlaridan keyin odamlar uchun Allohga qarshi hujjat bo‘lib qolmasligi uchun payg‘ambarlarni (mo‘minlarga jannat haqida) xushxabar eltuvchi va (kofirlarni do‘zax azobidan) qo‘rqituvchi qilib yubordik. Alloh qudrat va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

166. Lekin Alloh sizga o‘z bilimi bilan nozil qilgan narsaga guvohlik berur. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Allohning O’zi yetarli guvohdir.

167. Albatta, kofir bo‘lgan va Allohning yo‘lidan to‘sgan kimsalar qattiq adashgandirlar.

168. Albatta, kufr yo‘liga kirib, jabru zulm qilgan kimsalarni Alloh hargiz kechirmaydi va zinhor haq yo‘lga hidoyat qilmaydi.

169. Magar ularni jahannam yo‘liga ravona qilur va ular u joyda abadiy qolajaklar. Bu Allohga osondir.

170. Ey odamlar, bu payg‘ambar sizlarga Parvardigoringizdan haq dinni keltirdi. Bas, iymon keltiringiz, o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Agar inkor qilsanglar (o‘zingizga zarar qilasiz, xolos). Zero, Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Allohnikidir. Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan zotdir.

171. Ey ahli Kitob, (Iysoni xudo deyish bilan) diningizda haddingizdan oshmangiz! Alloh sha’niga esa faqat haq gapni aytingiz! Albatta, al-Masih Iyso binni Maryam faqat Allohning payg‘ambari va Uning Maryamga yetkazgan so‘zi hamda uning tomonidan bo‘lgan ruh (sohibidir), xolos. Bas, Alloh va Uning payg‘ambarlariga iymon keltiringiz! «(Tangri) uchta (ya’ni, Alloh, Maryam va Iyso uchalalari ham tangrilardir)», demangiz! (Bunday botil e’tiqoddan) to‘xtangiz, shunda o‘zingiz uchun yaxshi bo‘lur. Hech shak-shubhasiz Alloh yakka-yagonadir. U farzandlik bo‘lishdan pok bo‘lgan zotdir. Osmonlardagi va Yerdagi bor narsa Unikidir. Allohning O’zi yetarli vakildir.

172. Masih ham, Allohga yaqin qilingan farishtalar ham Allohga banda bo‘lishdan zinhor or qilmaydilar. Kimki Unga bandalik qilishdan or qilsa va kibru havo qilsa, bas, ularning barchasini O’z huzuriga jam’ qilajak.

173. Ana o‘shanda iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan kishilarning mukofotlarini komil qilib berib, yana O’z fazlu karamidan qo‘shimcha ham qilur. Ammo or qilgan, kibru havo qilgan kimsalarni esa alamli azob bilan azoblaydi va ular o‘zlari uchun Allohdan o‘zga na bir do‘st va na bir madadkor topolmaslar.

174. Ey odamlar, sizlarga Parvardigoringizdan hujjat keldi. Va Biz sizlarga ravshan nurni nozil qildik.

175. Allohga iymon keltirib, Unga bog‘langan zotlarni o‘z tomonidan bo‘lgan rahmat va fazlu marhamatga (ya’ni jannatga) doxil qilur. Va ularni O’zining to‘g‘ri yo‘liga yo‘llagay.

176. (Ey Muhammad), Sizdan fatvo so‘raydilar. Ayting: «Alloh sizlarga na ota va na bolasi bo‘lmagan odam to‘g‘risida fatvo berur: agar farzandsiz bo‘lgan yolg‘iz bir erkak o‘lsa, (agar) uning singlisi bo‘lsa (akasi), qo‘yib ketgan merosning yarmini olur. Agar singlisining farzandi bo‘lmasa, aka unga merosxo‘r bo‘lur. Agar singillar ikkita bo‘lsa, ular uchun aka qoldirgan narsadan uchdan ikkisi tegur. Agar merosxo‘rlar aka-singillar bo‘lsa, bir erkak uchun ikki ayol hissasi berilur. Adashib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (O’z hukmlarini) bayon qilur. Alloh hamma narsani bilguvchidir».


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024