Чоршанба, 18.12.2024, 1:43:45

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 05. "Moida" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
05. "Moida"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:55:20 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
MOIDA SURASI
Qur’onning eng so‘nggi suralaridan sanaluvchi bu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, bir yuz yigirma oyatdan iboratdir. Unda shariat ahkomlari batafsil bayon etilishi bilan birgalikda, e’tiqod mavzui va ahli kitob haqida ham so‘z yuritiladi. Ushbu surada kishilar o‘rtasidagi aqd (bitim, kelishuv) muomalalari; go‘shti halol bo‘lgan hayvonlarni so‘yish masalalari; ov haqidagi hukmlar: haj va umra kabi ibodatlar uchun shart bo‘lgan ihrom bayoni; ahli kitoblardan bo‘lgan ayollarga uylanish joizligi xususidagi xukmlar; tahorat qoidalari; o‘g‘rilik, zo‘ravonlik va buzg‘unchilik jinoyatlarining jazolari; ichkilik va qimor to‘g‘risidagi so‘nggi-qat’iy xukm va shariati islomiyyaning yana boshqa ko‘pdan-ko‘p hukm va qonunlari haqida mufassal ma’lumot beriladi. Bundan tashqari bu surada bizlarga pand-nasihat va ibrat bo‘ladigan qissalar hikoya qilinadi. Shunday qissalardan biri Bani Isroilning o‘z payg‘ambarlari Muso alayhis-salom bilan bo‘lgan mojarolari bo‘lib, unda yahudiylar iymonsiz va qo‘rqoqliklari sababli payg‘ambar so‘ziga kirmay, oqibatda qirq yillab cho‘lu sahrolarda sarson-sargardon bo‘lib yurganlari aytiladi. Yana bir qissada esa Odamning ikki farzandi — Qobil va Hobil o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mujodala — Qobil o‘z birodari Hobilni nohaq o‘ldirgani to‘g‘risida xabar berilib, bu qissa orqali yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi doimiy kurash tasvirlanadi. Bu fojea yer yuzidagi nohaq qon to‘kilish fojealarining birinchisi edi. Yana Iyso payg‘ambarga berilgan mo‘‘jizalardan biri — osmondan moida (dasturxon) tushgani voqeasi ham borki, suraning «Moida» deb atalishining boisi shudir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Ey mo‘minlar, aqdlarga (o‘zaro kelishgan bitimlarga) vafo qilingiz! Sizlar uchun — ihromda turib ov ovlashni halol qilib olmagan holingizda — (quyidagi oyatlarda haromligi) tilovat qilinadigan narsalardan boshqa chorva hayvonlari halol qilindi. Albatta, Alloh O’zi istagandek hukm qilur.

I z o h. Bu oyatni shunday tushunmoq lozim. Mo‘minlar uchun shu suraning uchinchi oyatida tilovat qilinadigan harom o‘lgan hayvon, qon, to‘ng‘iz go‘shti va boshqa narsalardan tashqari tuya, mol, qo‘y kabi chorva hayvonlarini so‘yib iste’mol etish halol etilgandir. Lekin haj ibodatini ado qilish niyatida ihrom bog‘lagan — ya’ni maxsus libos kiygan kishi uchun har qanday jonivorni ovlash yoki so‘yish haromdir.

2. Ey mo‘minlar, Alloh buyurgan udumlarni buzishni, urush harom qilingan oyda jang qilishni, Alloh yo‘lida hadya etilgan hayvonlarni o‘ldirishni va ularga osib qo‘yilgan hadyalik belgilarini uzib tashlashni hamda Parvardigorlaridan fazlu marhamat va rizolik tilab Baytul-haromni (Ka’bani) maqsad qilib ketayotgan kishilarga qarshi (jang qilishni) halol qilib olmangiz! (Ihromdan chiqib) halol bo‘lgach ov qilaveringiz. (Sizlarni Ka’badan to‘sganlari sababli) biron qavmni yomon ko‘rishingiz haddingizdan oshishingizga tortmasin! Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qilingiz, gunoh va haddan oshish yo‘lida hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Shubhasiz, Allohning azobi qattiqdir.

3. Sizlarga o‘laksa, qon, to‘ng‘iz go‘shti, Allohdan boshqa birovning yo‘lida so‘yilgan narsa, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, baland joydan qulab o‘lgan, (boshqa biron hayvon bilan) suzishib o‘lgan va yirtqich hayvon tishlab o‘ldirgan jonivorlar harom qilindi. Magar (bu jonivorlarni joni chiqmasdan turib) so‘yib yuborishga ulgurib qolgan bo‘lsangiz, haloldir. Yana butlarga atab so‘yilgan hayvonlar (go‘shtini iste’mol qilish) va (fol) cho‘plardan qismatingizni so‘rashingiz (ham sizlarga harom qilindi). Zotan bu ishlaringiz itoatsizlikdir.

I z o h . Islom kelishidan ilgari arablar har turli fol ochishlarga juda berilgan edilar. Shulardan biri — ularning doimo yonlarida uchta bir xil cho‘pni olib yurishlari edi. U cho‘plarning biriga: «Qilgin», yana biriga «Qilmagin», deb belgi qo‘yilgan, uchinchisiga esa hech narsa yozilmagan bo‘lardi. Qachon biron ishni ado etmoqchi bo‘lsalar, o‘sha cho‘plardan fol so‘rardilar. Islom bunday xurofotlarni man’ qildi. Bugun endi kofir bo‘lgan kimsalarning sizlarni diningizdan (chiqarishdan) umidlari uzildi. Bas, ulardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz! Bugun sizlarga diningizni komil qildim, ne’matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun (faqat) Islomni din qilib tanladim. Bas, kimki ocharchilikda, gunoh tomonga og‘magan holida (mazkur harom qilingan narsalarni yeyishga) majbur bo‘lsa (Alloh kechirar). Zero, Alloh mag‘firatli, mehribondir.

4. (Ey Muhammad, mo‘minlar) Sizdan o‘zlari uchun nimalar halol qilinganini so‘raydilar. Ayting: «Sizlar uchun barcha pokiza narsalar va yana sizlarning ta’limingizni olgan jonivorlarning – Alloh sizlarga bildirgan narsalardan bildirib qo‘lga o‘rgatgan jonivorlarning (tutib keltirgan ovlari) halol qilindi. Bas, ular sizlar uchun ushlab keltirgan narsalarni yeyaveringlar va (ularni ovga qo‘yib yuborayotganlaringda) Allohning nomini zikr qilinglar! Allohdan qo‘rqinglar! Albatta Alloh juda tez hisob-kitob qilguvchi zotdir.

5. Bugun sizlar uchun barcha pokiza narsalar halol qilindi. Kitob berilgan kimsalarning taomlari sizlar uchun haloldir va sizlarning taomlaringiz ular uchun haloldir. Qachonki zino qilmay va yashirin o‘ynash tutmay mahrlarini berib uylansangiz, sizlar uchun mo‘minalar orasidan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar va sizlardan ilgari Kitob berilgan kimsalardan bo‘lgan o‘zlarini haromdan saqlagan ayollar ham haloldir. Kimki iymonidan qaytsa, uning qilgan amali behuda ketishi aniqdir va u oxiratda ziyon ko‘rguvchilar toifasidandir.

6. Ey mo‘minlar, namozga turganingizda yuzlaringizni hamda qo‘llaringizni chig‘anoqlarigacha yuvingiz, boshlaringizga masx tortingiz (ya’ni nam qo‘llaringiz bilan silangiz) va oyoqlaringizni oshiqlarigacha yuvingiz! Agar junub bo‘lsalaringiz, cho‘milingiz! Agar bemor yo musofir bo‘lsangiz yoki sizlardan birov hojatxonadan chiqqan bo‘lsa yoxud xotinlaringizga qo‘shilgan bo‘lsalaringiz va (mazkur holatlarda) suv topa olmasangiz, pokiza tuproq bilan tayammum qilingiz (ya’ni yuzingiz va qo‘llaringizni pokiza tuproq bilan silangiz). Alloh sizlarga mashaqqat qilmoqni istamaydi, balki sizlarni poklashni va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga O’z ne’matini komil qilib berishni istaydi.

7. Allohning sizlarga bergan ne’matini va: «Eshitdik va itoat qildik», degan paytingizda sizlar bilan bog‘lagan ahd-paymonini eslangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh dillarni egallagan (sirlarni) bilguvchidir.

8. Ey mo‘minlar, Allohning O’zi uchun haq yo‘lni tutguvchi, adolat bilan shahodat guvohlik berguvchi bo‘lingiz! Biron qavmni yomon ko‘rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shu taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.

9. Alloh iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun mag‘firat va ulug‘ ajr bo‘lishini va’da qildi.

10. Kofir bo‘lgan va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar esa jahannam egalaridir.

11. Ey mo‘minlar, Allohning sizlarga bergan ne’matini — bir qavm sizlarga qo‘l ko‘tarishni (ya’ni halok qilishni) qasd qilganida ularning qo‘llarini sizlardan qaytarganini eslangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Iymonli kishilar yolg‘iz Allohgagina suyansinlar!

I z o h . Ushbu oyat nozil bo‘lishining sababi xususida bir necha rivoyatlar mavjud. Shulardan biri «Sahihul-Buxoriy»da keltirilgan hadisdir: payg‘ambar alayhis-salom sahobalar bilan ketayotib bir daraxtzor manzilga qo‘ndilar. Dam olish uchun har kim har tarafga tarqalib ketdi. Rasululloh yolg‘iz o‘zlari bir daraxt soyasida yonboshlab, endi ko‘zlari ilinganda bir sharpadan uyg‘onib ketdilar. Qarasalar, tepalarida bir a’robiy (tog‘lik dinsiz arablardan) o‘zlarining qilichlarini yalang‘ochlab chopmoqchi bo‘lib turibdi. Rasululloh uyg‘onib ketganlarini ko‘rgach, u: «Endi seni mendan kim saqlay oladi?!» — dedi. Payg‘ambar alayhis-salom esa xotirjamlik bilan: «Alloh», deb javob qildilar. Shunda a’robiy birdan bo‘shashdi va qilichni tashlab, payg‘ambar alayhis-salom yonlariga o‘tirdi. Shovqinni eshitib yetib kelgan ayrim sahobalar esa bu holdan lolu hayron bo‘lib qoldilar. Mazkur oyat Allohning o‘ziga suyangan kishilarni Alloh saqlaydi, deb uqtiradi.

12. Alloh Bani Isroilning ahd-paymonini oldi va o‘zlaridan o‘n ikki boshliqni (Muso bilan birga, Shom zaminini maskan tutgan kofirlarga qarshi jang qilish uchun) jo‘natib, Alloh aytdi: «Albatta Men sizlar bilan birgaman. Qasamki, agar namozni to‘kis ado qilsangiz, zakotni (haqdorlarga) ato qilsangiz, payg‘ambarlarimga iymon keltirib, yordam bersangiz va (beva-bechoralarga yaxshilik — ehson qilish bilan) Allohga qarzi hasana bersangiz (yaxshilik bilan qarzdor qilsangiz), albatta yomonliklaringizni (ya’ni qilgan gunohlaringizni) o‘chirurman va albatta sizlarni ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga dohil qilurman. Mana shu ahd-paymondan keyin sizlardan kimki kofir bo‘lsa, uning to‘g‘ri yo‘ldan ozgani aniqdir».

13. So‘ng ahd-paymonlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va toshbag‘ir qilib qo‘ydik. Ular (Tavrotdagi Muhammad alayhis-salomning payg‘ambar bo‘lishlari haqidagi) so‘zlarini o‘z o‘rinlaridan o‘zgartiradilar, o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsalardan esa (ko‘p) hissasini unutib yuborganlar. (Ey Muhammad), siz mudom ular tarafidan qilingan biron xiyonat ustidan chiqasiz. Magar ulardan (Islomni qabul qilgan) ozchilik kishilargina xiyonat qilmaydilar, xolos. Bas, ularni afv etib, kechirib yuboravering. Albatta, Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi.


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:56:50 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
14. «Bizlar nasroniylarmiz», degan kimsalardan ham ahd-paymonlarini oldik. So‘ng o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsalardan (ko‘p) hissasini unutdilar. Bas, ularning o‘rtalarida to qiyomat kunigacha bug‘zu adovatni avj oldirdik. Yaqinda Alloh ularga qilib o‘tgan «hunar»larining xabarini berajak.

15-16. Ey axli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhis-salom) sizlar kitobingiz (Tavrot, Injil) orasidan yashirib kelgan (u zotning payg‘ambar bo‘lishlari va yana boshqa zarur masalalar xususidagi) ko‘p narsalarni sizlarga bayon etgan holda, (faqat sizlarning sirlaringizni ochib, sharmanda qilish uchungina ishlaydigan) ko‘p narsalarni tark etgan holda keldi. Sizlarga Alloh tarafidan Nur-Ochiq Kitob keldiki, Alloh u sababli o‘zining rizoligiga ergashgan zotlarni najot yo‘llariga hidoyat qilur va O’zi iznu irodasi bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va ularni To‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur.

17. «Alloh – Masih binni Maryamdir», degan kimsalarning kofir bo‘lganliklari aniqdir. (Ey Muhammad), ayting: «Agar Alloh Masih binni Maryamni, uning onasini va yerdagi barcha kishilarni halok etishni istasa, kim Alloh tarafidan bo‘lgan narsani (baloni) qaytarishga ega bo‘la oladi?!» Osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalar Allohning mulkidir. U o‘zi istagan narsasini O’zi istagan suratda yaratur. Alloh hamma narsaga qodirdir.

18. Yahudiy va nasroniylar: «Biz Allohning suyukli bolalarimiz», dedilar. Ayting: «U holda nega sizlarni gunoxlaringiz sababli azoblaydi?! Yo‘q! Sizlar ham U yaratgan barcha odamlar kabi odamsizlar. O’zi istagan kishisini mag‘firat qilur, istagan kishisiga azob berur». Osmonlar, Yer va ularning orasidagi bor narsalar Allohning mulkidir. Faqat uning O’ziga qaytilur.

19. Ey ahli kitob, mana, elchimiz (Muhammad alayhis-salom) avvalgi payg‘ambarlardan ancha zamon o‘tib: «Bizga na biron (jannat haqida) xushxabar berguvchi va na biron (do‘zax azobidan) qo‘rqitguvchi kelmagan», demasliklaringiz uchun sizlarga din hukmlarini bayon qilgan holda keldi. Mana, sizlarga xushxabar berguvchi va (do‘zaxdan) qo‘rqitguvchi bo‘lgan zot keldi. Alloh hamma narsaga qodirdir!

20. Eslang (ey Muhammad), Muso qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizlarga bergan ne’matini — orangizdan payg‘ambarlar chiqarganini, yana sizlarni mulku davlat egalari qilib, barcha olamlardan biron kishiga bermagan in’omlarini sizlarga ato etganini yodga olingiz.

21-22. Ey qavmim, Alloh sizlar uchun yozib qo‘ymish bu Muqaddas yerga (shaharga) doxil bo‘lingiz! Ortlaringizga qaytib ketmangiz, aks holda ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolursiz», deganida ular: «Yo Muso, u yerda zo‘ravon odamlar bor. To ular chiqmagunlaricha biz u yerga zinhor kira olmagaymiz. Agar ular chiqib ketsalargina biz doxil bo‘lurmiz», dedilar.

23. (Shunda o‘n ikki boshlik orasidan) Allohdan qo‘rqadigan va uning in’ommarhamatiga muyassar bo‘lgan ikki kishi: «Ularning ustiga darvozadan to‘satdan kiringiz, undan kirib olishingiz bilanoq shubhasiz g‘olib bo‘lursiz. Agar mo‘min bo‘lsangizlar, yolg‘iz Allohgagina suyaninglar!» dedilar.

24. (Qavm) aytdi: «Yo Muso, modomiki ular shu joyda ekan, biz hech qachon kira olmagaymiz. Bas, borgin, sen o‘zing va Parvardigoring ular bilan urishaveringlar. Biz esa mana shu yerda o‘tirib kuturmiz».

25. Muso aytdi: «Parvardigorim, men faqat o‘zimga va birodarim (Xorunga) egaman, xolos. Bas, O’zing biz bilan bu itoatsiz qavmning orasini ajratgin».

26. Alloh dedi: «Endi qirq yil mobaynida bu yer ular uchun haromdir. Ular yerda (sahrolarda) adashib-uloqib yururlar. Sen bu itoatsiz qavm (qilmishi)dan mahzun bo‘lmagin».

27. (Ey Muhammad), ularga Odamning ikki o‘g‘li haqidagi xabarni haqqirost tilovat qiling. O’shanda u ikkovi qurbonlik qilganlarida (qurbonliklari) birovlaridan qabul qilingan, ikkinchilaridan qabul qilinmagan edi. Shunda u «Qasamki, seni o‘ldirurman», deganida, birodari aytdi: «Alloh faqat taqvodorlardangina (qurbonliklarini) qabul qilur».

I z o h . Mufassirlar (Qur’onni tafsir, sharh qiluvchilar) yozishlaricha, voqea bunday bo‘lgan: Odamning ikki o‘g‘li Qobil va Hobil bir qizni talashib qoladilar. Shunda Odam ularga Tangri yo‘lida qurbonlik qilishni buyuradi va kimning qurbonligi Tangri dargohida qabul bo‘lsa, qizni o‘shanga nikohlab berishni aytadi. (Uning qabul bo‘lganining alomati — osmondan o‘t — chaqmoq tushib yondirib ketishi edi). Ular bu shartni qabul qildilar va Qobil o‘zining kasbi dehqonchilikdan eng sifatsiz — bemazasini topib, qurbonlik qiladi. Hobil esa qo‘ylari orasidan (u chorvador edi) eng yaxshi bir qo‘chqorni tanlab qurbonlik qiladi. Shunda Hobilning qurbonligi qabul qilingani ma’lum bo‘ladi. Bundan g‘azabga kelgan Qobil o‘z inisini o‘ldirmoqchi bo‘ladi.

28. Qasamki, agar sen meni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zsang, men seni o‘ldirish uchun qo‘l cho‘zguvchi emasman. Chunki men butun olamlar Parvardigori bo‘lmish Allohdan qo‘rqaman.

29. Men seni mening gunohim hamda o‘zingning gunohing bilan qaytib, do‘zax egalaridan bo‘lib qolishingni istayman. Zolimlarning jazosi shudir.

30. Bas, nafsi unga o‘z birodarini o‘ldirishni chiroyli qilib ko‘rsatib (Qobil) uni o‘ldirdi va ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qoldi.

31. So‘ngra Alloh unga birodarining murdasini qanday ko‘mishni ko‘rsatish uchun yer titadigan bir qarg‘a yubordi. U: «Menga o‘lim bo‘lsin, mana shu qarg‘achalik bo‘la olmadimmi — birodarimning murdasini o‘zim ko‘ma olmadimmi?!» deb nadomat qilguvchilardan bo‘lib qoldi.


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:57:06 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
32. Ana o‘sha (fojea) sababli Bani Isroil zimmasiga (shunday farmonni) yozib qo‘ydik: kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, guyo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa), demak; go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi. Ularga (Bani Isroilga) payg‘ambarlarimiz mana shunday hujjatlar keltirdilar. Shundan keyin ham ulardan ko‘plari yer yuzida (qon to‘kish bilan) haddan oshib yurguvchidirlar.

I z o h: Mazkur oyatda Islomning insonparvarligi ko‘zga tashlanadi. Ya’ni bir kishini nohaq o‘ldirish butun jamiyatni o‘ldirish, bir kishini halokatdan saqlab qolish esa butun jamiyatni asrab qolishdir, deb ta’kidlanadi.

33. Albatta, Alloh va payg‘ambariga qarshi urushadigan va yerda buzg‘unchilik qilish harakatida yuradigan kimsalarning jazosi – o‘ldirilish yo dorga osilish, yoki oyoq-qo‘llari teskarisiga (ya’ni o‘ng qo‘l va chap oyoq yoki chap qo‘l bilan o‘ng oyoq) kesilishi, yoxud o‘z yerlaridan surgun qilinishlaridir. Bu jazo ular uchun bu dunyoda rasvolik — sharmandalik bo‘lur. Oxiratda esa ular uchun ulug‘ azob bordir.

34. Magar sizlar qodir bo‘lishingizdan (qo‘lga tushishlaridan) ilgari tavba qilgan kishilar bo‘lsa, bilingizki, Alloh mag‘firatli, mehribon zotdir.

35. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va Unga yaqin bo‘lish yo‘lini izlangiz hamda Uning yo‘lida jihod qilingiz, shunda shoyad najot topursiz!

36. Kofir bo‘lgan kimsalar esa yerdagi bor narsa ikki barobar bo‘lib ularning mulkiga aylanib, o‘shani qiyomat kunidagi azobdan (najot topish uchun) sarf qilmoqchi bo‘lsalar, ulardan qabul qilinmas. Ular uchun alamli azob bordir.

37. Ular do‘zaxdan chiqmoqchi bo‘ladilar-u, hech undan chiquvchi bo‘la olmaydilar — ular uchun doimiy azob bordir.

38. O’g‘ri erkakni ham, o‘g‘ri ayolni ham qilmishlariga jazo bo‘lsin uchun, Alloh tomonidan azob bo‘lsin uchun qo‘llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir.

39. Ammo kim bunday jabru zulmidan keyin tavba qilib, o‘zini tuzatsa, albatta Alloh uning tavbasini qabul qilar. Albatta, Alloh mag‘firatli, mehribondur.

40. Axir Osmonlar va Yer Allohning mulki ekanini, U zot O’zi istagan kishisini azoblab, istagan kishisini mag‘firat qilishini bilmadingizmi? Alloh hamma narsaga qodirdir.

41. Ey payg‘ambar, og‘izlarida: «Iymon keltirdik», degan, ammo dillari iymon keltirmagan (munofiqlardan) va yahudiylardan bo‘lgan, kufr tomonga qarab chopayotgan kimsalar sizni mahzun qilmasin. Ular yolg‘onga quloq berguvchi va sizning oldingizga kelmagan, so‘zlarni o‘z o‘rinlariga qo‘yilgandan keyin o‘zgartiradigan boshqa qavmga (ya’ni yahudiylarga) quloq berguvchi kimsalardir. (Yahudiylar): «Agar (Muhammad tarafidan) sizlarga mana shu hukm berilsa, olinglar, bo‘lmasa, (ya’ni boshqa bir hukm aytilsa), ehtiyot bo‘linglar —olmanglar, deyishadi. Kimniki Alloh o‘zi adashtirishni istasa, bas, siz uning uchun Alloh tomonidan hech narsa qila olmassiz. Ular Alloh ko‘ngillarini poklashni istamagan kimsalardir. Ular uchun dunyoda rasvolik, oxiratda esa ulug‘ azob bordir.

I z o h. Mazkur oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqeani nisbat qiladilar. Tavrotda zinokorni toshbo‘ron qilish buyurilishiga qaramasdan yahudiylar zino qiluvchini darralab, yuziga qora chaplashni odat qilib olgan edilar. Madinada Islom davlati barpo bo‘lganidan keyin ular mana shu soxta hukmni Muhammad alayhis-salomdan ham tasdiqlatib olmoqchi bo‘lishib, madinalik ayrim munofiq kimsalarni, bir zinokor yahudiyni ko‘shib, u zotning huzuriga yuboradilar va ularga: «Agar Muhammad bizning odatimizni tasdiqlasa — qabul qilinglar, ammo toshbo‘ron qilishni buyursa — qabul qilmaysizlar», deb tayinlaydilar. Ular kelib, bu masalani so‘raganlarida Payg‘ambar alayhis-salom: «Bu haqda Tavrotda nima deyilgan?» — deb so‘raydilar. Ular: «Tavrotda ham darralash buyurilgan», deb noto‘g‘ri javob qiladilar. Shunda rasululloh yahudiy ulamolaridan birini toptirib, undan: «Alloh nomini o‘rtaga qo‘yib so‘rayman. Tavrotda zinokorga qanday jazo buyurilgan?» deb so‘raganlarida u: «Modomiki Alloh nomi bilan so‘rar ekansiz, rostini aytishga majburman — toshbo‘ron qilishga buyurilgan»,— deb javob beradi. Bu javobni eshitgach, Rasululloh zinokor yahudiyni toshbo‘ron qilishga buyuradilar. Ammo o‘zlari ularning Tavrotdagi Alloh xukmini o‘zgartirib yuborganlariga qattiq xafa bo‘ladilar. Shunda Alloh payg‘ambariga tasalli berish uchun mazkur oyatlarni nozil qildi.

42. Ular yolg‘onga quloq beruvchi haromxo‘r kimsalardir. Bas, agar Sizga kelsalar (xohlasangiz), o‘rtalarida hakamlik qiling, (xohlasangiz) ulardan yuz o‘giring. Agar ulardan yuz o‘girsangiz, zinhor Sizga biron zarar yetkaza olmaslar. Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling. Albatta, Alloh adolat qilguvchilarni sevadi.

43. Oldilarida Tavrot, unda Allohning hukmi bo‘lgani holda Sizdan hukm so‘rab, so‘ngra (ya’ni, hukm qilganingizdan keyin qanday) yuz o‘girib ketadilar-a? Ular hech mo‘min emaslar!

44. Albatta, Biz Tavrotni hidoyat va nurni o‘z ichiga olgan holda nozil qilganmiz. Allohga bo‘yinsunuvchi bo‘lgan payg‘ambarlar, ilohiy bilim egalari va donishmandlar o‘zlariga Allohning kitobi omonat qo‘yilgani sababli yahudiylarga u (ya’ni Tavrot hukmlari) bilan hukm qiladilar. Ular bu kitob ustida guvohdirlar. Bas, (ey yahudiy ulamolar), odamlardan qo‘rqmangiz, Mendan qo‘rqingiz va Mening oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmangiz! Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir.

45. Unda (ya’ni Tavrotda) yahudiylarga jonga jon, ko‘zga ko‘z, burunga burun, quloqqa quloq, tishga tish va (yana boshqa barcha) jarohatlarga ham qasos olinadi, deb yozib qo‘ydik. Endi kim uni (ya’ni qasosni) kechib yuborsa, o‘zi uchun kafforat (ya’ni gunohlarni o‘chirib yuboruvchi) bo‘lur. Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular zolimlardir.

46-47. Ularning izlaridan o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi bo‘lgan Iyso binni Maryamni ergashtirdik va unga hidoyat va nurni o‘z ichiga olgan, o‘zidan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchi va taqvodorlar uchun hidoyat, pand-nasihat bo‘lgan Injilni berdik hamda «Injil ahli unda Alloh nozil qilgan narsalar bilan hukm qilsinlar», dedik. Kimda-kim Alloh nozil etgan din bilan hukm etmas ekan, ular fosiqlardir.

48. Sizga esa (ey Muhammad), o‘zidan oldingi kitob(larni) tasdiqlaguvchi va u (kitoblar) ustida guvoh bo‘lgan bu Kitobni haqqirost nozil qildik. Bas, odamlar o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling va Sizga kelgan Haqdan yuz o‘girib, ularning havoyi nafslariga ergashmang! Sizlardan har bir millat (ya’ni din) uchun (alohida) shariat va yo‘l qilib qo‘ydik. Agar Alloh xohlasa edi, hammangizni bir millat qilib qo‘ygan bo‘lur edi. Lekin o‘zi ato etgan narsalarda sizlarni imtihon qilish uchun (har bir millatga alohida shariat yo‘l qilib qo‘ydi). Bas, yaxshi amallarga shoshilingiz! Barchangiz Allohga qaytishingiz bor. So‘ng u zot sizlarga ixtilof qilguvchi bo‘lgan narsalaringizning xabarini berur.

49. (Ey Muhammad), ular o‘rtasida Alloh nozil qilgan narsa bilan hukm qiling, ularning havoyi nafslariga ergashmang va Alloh Sizga nozil qilgan hukmlarning ayrimlaridan Sizni burib fitnaga solib qo‘yishlaridan ehtiyot bo‘ling! Agar (Sizning hukmingizdan) yuz o‘girsalar, bilingki, Alloh ularga ayrim gunohlari sababli musibat yetkazishni istamoqda. Shubhasiz, odamlardan ko‘plari itoatsizdirlar.

50. Dinsizlik hukmron bo‘lishini istaydilarmi?! Iymonlari komil bo‘lgan qavm uchun Allohdan ham go‘zalroq hukm qilguvchi kim bor?!

51. Ey mo‘minlar, yahudiylar va nasroniylarni do‘st tutmangiz! Ularning ba’zilari ba’zilariga do‘stdirlar. Sizlardan kim ularga do‘st bo‘lsa, bas, u o‘shalardandir. Albatta, Alloh zolim qavmni hidoyat qilmas.

52. Bas, Siz dillarida maraz bo‘lgan kimsalar: «Bizga biron balo yetishidan qo‘rqamiz», degan hollarida ular (kofirlar) tomonga shoshayotganlarini ko‘rasiz. Shoyad Alloh musulmonlarga g‘alaba bersa yoki o‘z huzuridan (bu munofiq kimsalarni sharmanda qiladigan) biron ishni keltirib, ular ichlarida yashirgan narsalariga nadomat qiluvchilarga aylanib qolsalar.

53. (Shunda) mo‘minlar (bir-birlariga): «Jon-jahdlari bilan «Sizlar bilan birgamiz», deb qasam ichganlar shularmi?» deydilar. U munofiqlarning qilgan amallari behuda ketdi va o‘zlari ziyon ko‘rguvchilarga aylanib qolishdi.

54. Ey mo‘minlar, sizlarning ichingizdan kimda-kim dinidan qaytsa, Alloh boshqa bir qavmni keltirurki, Alloh ularni yaxshi ko‘rur, ular Allohni yaxshi ko‘rurlar. Ular mo‘minlarga xoksor, kofirlarga esa qattiqqo‘l, biron malomatgo‘yning malomatidan qo‘rqmay Alloh yo‘lida kurashadigan kishilardir. Bu Allohning fazlu marhamati bo‘lib, O’zi xohlagan kishilarga berur. Alloh fazlu karami keng, bilguvchidir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:57:23 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
55. Sizlarning do‘stingiz faqat Alloh, Uning payg‘ambari va ta’zim-tavoze’ qilgan hollarida namozni to‘kis ado etadigan, zakotni (haqdorlarga) ato etadigan mo‘minlardir.

56. Kimki Allohni, uning payg‘ambarini va mo‘minlarni do‘st tutsa, (najot topgay), zero faqat Allohning guruhigina g‘olib bo‘lguvchidir

57. Ey mo‘minlar, sizlardan ilgari kitob berilganlar ichidan diningizni hazilmasxara qilib olgan kimsalarni va kofirlarni do‘st qilib olmangiz! Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Allohdan qo‘rqingiz!

58. Sizlar qachon namozga chaqirsangiz (azon aytsangiz), ular o‘sha (namozni) masxara o‘yin qilib oladilar. Bunga sabab ularning aqlsiz — johil qavm ekanliklaridir.

59. (Ey Muhammad), ayting: «Ey ahli kitob, sizlar bizni Allohga, bizga nozil qilingan Kitob (Qur’on)ga va ilgari nozil qilingan kitoblarga iymon keltirganimiz, sizlarning ko‘pchiligingiz esa itoatsiz bo‘lganingiz sababligina yomon ko‘rasizlar».

60. Ayting: «Sizlarga Allohning huzurida bundan ko‘ra yomonroq «savob» (jazo oladigan kimsalar) haqida xabar beraymi? Ular Allohning la’natiga duchor bo‘lgan, g‘azabiga giriftor bo‘lgan va maymun, to‘ng‘izlarga aylantirib qo‘yilganlar hamda shaytonga qul bo‘lgan kimsalardir. Ana o‘shalar eng yomon martabada bo‘lgan va butunlay to‘g‘ri yo‘ldan ozgan kimsalardir.

61. Ular sizlarning oldingizga kelganlarida: «Iymon keltirdik», deydilar. Holbuki, ular (ey Muhammad, sizning huzuringizga) kofir holda kirib, kofir holda chiqurlar. Alloh ular yashiruvchi bo‘lgan narsani, (ya’ni dillaridagi kufrni) juda yaxshi bilguvchidir.

62. Ularning ko‘plarini gunoh, zulm tomonga va haromxo‘rlikka chopayotganlarini ko‘rasiz. Qilayotgan ishlari naqadar yomon ish!

63. Olim va donishmandlari ularni gunoh so‘zlardan, haromxo‘rlikdan qaytarmaydilarmi?! Qilayotgan hunarlari naqadar yomon hunar.

64. Yahudiylar: «Allohning qo‘li bog‘liq (ya’ni baxil)», dedilar.— O’zlarining qo‘llari bog‘lanib qolgay va aytgan gaplari bilan la’natga uchragaylar.— Yo‘q! U zotning qo‘llari ochiqdir va O’zi istagandek infoq-ehson qilur. Sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsa (Qur’on) ulardan ko‘plariga tug‘yon va kufrni ziyoda qilishi shubhasizdir. Ularning oralariga to qiyomat kunigacha ketadigan bug‘zu adovatni tashlab qo‘yganmiz. Ular qachon (Sizga qarshi) urush olovini yoqsalar, Alloh uni o‘chirur. Ular yerda buzg‘unchilik qilib yururlar. Alloh esa buzg‘unchi kimsalarni sevmas.

65. Agar ahli kitob iymon keltirib, Allohdan qo‘rqsalar edi, Biz albatta yomonliklarini o‘chirgan va jannat ne’matlariga doxil qilgan bo‘lar edik.

66. Agar ular Tavrotga, Injilga va Parvardigorlari tomonidan nozil qilingan barcha narsalarga amal qilganlarida edi, ustlaridan (osmondan) ham, ostlaridan (erdan) ham rizqlangan bo‘lur edilar. Ularning oralarida adolat egalari bo‘lgan kishilar ham bor. Ammo ularning ko‘plari naqadar yomon amallarni qiladilar.

67. Ey payg‘ambar, sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsani yetkazing!, Agar (bu farmonga amal) qilmasangiz, Uning elchiligini (bandalariga) yetkazmagan bo‘lursiz, Alloh Sizni odamlardan (zararidan) saqlagay. Albatta Alloh kofir qavmni hidoyat qilmas.

68. Ayting: «Ey axli kitob, to Tavrotga, Injilga va sizlarga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan barcha narsalarga amal qilmaguningizcha, hech qanday dinda emassizlar. (Ey Muxammad), sizga Parvardigoringiz tomonidan nozil qilingan narsa ulardan ko‘plariga tug‘yon va kufrni ziyoda qilishi shubhasizdir. Bas, siz bu kofir qavm (qilmishi)dan mahzun bo‘lmang!

69. Albatta iymon keltirgan zotlar yahudiy bo‘lganlar, sobiiylar (farishtalarga sig‘inuvchilar) va nasroniylar — (ulardan) qaysilari (iymonga kelib) Allohga, oxirat kuniga ishonsa va yaxshi amallar qilsa, o‘shalar uchun xavfu xatar, g‘am-anduh yo‘qdur.

70. Biz Bani Isroilning ahd-paymonini oldik va ularga payg‘ambarlar yubordik. Qachon ularga bir payg‘ambar nafslari xohlamagan biron hukmni keltirsa, birovlarini yolg‘onchi qiladilar, birovlarini esa o‘ldiradilar.

71. Va (bu qilmishlari natijasida) hech qanday fitna bo‘lmaydi, deb o‘ylab ko‘ru kar bo‘lib oldilar. So‘ng (tavba qilganlarida) Alloh tavbalarini qabul qildi. Keyin ulardan ko‘plari yana ko‘r va kar bo‘lib oldilar. Alloh qilayotgan amallarini ko‘rguvchidir.

72. «Alloh - Masih binni Maryamdir», degan kimsalar aniq kofir bo‘ldilar. Holbuki, Masih: «Ey Bani Isroil, Parvardigorim va Parvardigoringiz bo‘lmish Allohga bandalik qilingiz!» — demishdir. Albatta kimda-kim Allohga shirk keltirsa, Alloh unga jannatni harom qilur va borar joyi do‘zax bo‘lur. Zulm qilguvchilar uchun biron yordamchi bo‘lmas.

73. «Alloh — Uchtaning (ya’ni Alloh, Maryam, Iysoning) biridir», degan kimsalar ham aniq kofir bo‘ladilar. Chunki yagona Ilohdan boshqa biron iloh yo‘qdir. Agar aytayotgan gaplaridan to‘xtamasalar, albatta ulardan kofir bo‘lgan kimsalarni alamli azob ushlaydi.

74. Axir, Allohga tavba qilib, mag‘firat qilishini so‘ramaydilarmi?! Alloh mag‘firatli, mehribon-ku!

75. Masih binni Maryam faqat bir payg‘ambar bo‘lib, undan ilgari ham ko‘p payg‘ambarlar o‘tgandir. Uning onasi esa siddiqa — Allohga haqqi-rost iymon keltirgan ayoldir. Ikkalalari ham taom yer edilar. (Ey Muhammad), oyathujjatlarni ularga qanday bayon qilishimizni ko‘ring, so‘ng ularni qanday bo‘hton tomonga og‘ayotganlarni ko‘ring!

76. Ayting: «Allohni qo‘yib, sizlar zarar ham, foyda ham berishga ega bo‘lmagan narsalarga ibodat qilasizmi? Alloh eshitguvchi, bilguvchidir».

YETTINCHI JUZ’

77. Ayting: «Ey ahli kitob, diningizda noto‘g‘ri tomonga tajovuz qilmang va (islom kelishidan) ilgari yo‘ldan ozgan va ko‘plarni yo‘ldan ozdirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chiqib ketgan qavmning nafsi havolariga ergashmang!

I z o h . Yahudiylar Isoni otasiz tug‘ilgani uchun «valadi zino», ya’ni «haromdan bo‘lgan bola», deb haqorat tuhmat qilar edilar. Nasroniylar esa «Iso — xudoning o‘g‘li» deyishar edi. Shuning uchun bu oyatda har ikki toifaga: «Diningizda noto‘g‘ri tomonga tajovuz qilmang», deb xitob etiladi.

78. Bani Isroil orasidan kofir bo‘lgan kimsalar Dovud va Iyso binni Maryam tilida la’natlangandirlar. Bunga sabab ularning qilgan isyonlari va tajovuzkor bo‘lganlaridir.

79. Ular bir-birlarini qilgan noloyiq ishlaridan qaytarmas edilar. Bu qilmishlari naqadar yomon ish!

80. Ulardan ko‘plari kofir bo‘lgan kimsalarni do‘st tutganlarini ko‘rasiz. Ularga nafsi havolari naqadar yomon narsani — Allohning g‘azabini keltirdi. Endi ular abadiy azobda qolguvchidirlar.

81. Agar Allohga, payg‘ambarga va unga nozil qilingan kitobga iymon keltirganlarida edi, ularni — kofirlarni do‘st tutmagan bo‘lur edilar. Lekin ulardan ko‘plari itoatsiz kimsalardir.

82. Iymon keltirgan zotlarga eng qattiq adovat qilguvchi odamlar yahudiylar va mushrik bo‘lgan kimsalar ekanini ko‘rasiz. Iymon keltirgan zotlarga eng yaqin do‘st bo‘lguvchilar esa: «Biz nasroniylarmiz», degan kishilar ekanini ko‘rasiz. Bunga sabab ularning orasida olimlar va rohiblar bor ekanligi va ularning kibrhavo qilmasliklaridir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:57:47 | Сообщение # 5
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
83. Ular payg‘ambarga nozil qilingan narsani (Qur’onni) eshitgan paytlarida, uning haq ekanini bilganlari sababli ko‘zlaridan yosh quyilayotganini ko‘rasiz. Ular: «Parvardigoro, iymon keltirdik. Bas, bizni guvoxlik berguvchilar qatoriga yozgin», deydilar.

I z o h . Ushbu oyatlar Habash davlatidagi nasroniylar haqida nozil bo‘lgan. Islomning ilk davrlarida Makka mushriklari payg‘ambar alayhis-salomga iymon keltirgan sahobalarga turli tazyiqlar o‘tkazib, musulmonlar uchun Makkada yashash nihoyat darajada qiyinlashib ketganida Rasululloh bir qancha sahobaga Habash yurtiga hijrat qilishni buyurdilar. U yerda nasroniylar yashar edilar. Musulmonlar borganlarida Habashiston podshohi Najoshiy ulardan kim ekanliklarini va qaysi dinga ishonishlarini so‘rabsurishtiradi. Bular o‘zlarining arab yurtidan kelganliklarini, dinlari Islom, payg‘ambarlari Muhammad alayhis-salom ekanini aytadilar. Najoshiy: «Bu qanday din va qaysi kitobga amal qiladi, u qanday payg‘ambar?» — deb so‘raganida, musulmonlar payg‘ambar alayhis-salom haqlarida ma’lumot berib, Islomning mohiyatini so‘zlab beradilar va Qur’on oyatlaridan tilovat qiladilar. Shunda Najoshiy va boshqa nasroniy ulamo va rohiblar Islom haq din ekaniga, Qur’onning esa ilohiy kitob ekaniga tan beradilar va bu kitob oyatlarining ta’siridan ko‘zyoshlarini to‘xtata olmay qoladilar. Najoshiy esa: «Bu kitob bilan bizning Injilimizning asli — manbai bittaga o‘xshaydi», deydi va musulmonlarga bu yurtda bemalol yashashlari uchun qulayliklar hozirlab berishni buyuradi. Bu voqealardan xabar topgan o‘sha yerlik yahudiylar: «Nasroniylar o‘z dinlaridan chiqib, musulmon bo‘lib ketdilar», deb malomat qilganlarida, nasroniy ulamo va rohiblari ularga javoban bunday deydilar:

84. «Bizga nima bo‘ldiki, o‘zimiz Allohga va bizga kelgan haq dinga ishonmaymiz-u, yana Parvardigorimiz bizni ham bu solih qavm bilan birga (jannatga) doxil kilishini tama’ qilamiz?!»

85. Bas, shu gaplari sababli Alloh ularni ostidan daryolar oqib turadigan, ular abadiy yashaydigan jannatlar bilan mukofotladi. Bu chiroyli amal qilguvchilarning mukofotidir.

86. Kofir bo‘lgan va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalar esa jahannam egalaridir.

87. Ey mo‘minlar, Alloh Sizlar uchun halol qilib qo‘ygan pokiza narsalarni harom demanglar va (Alloh belgilagan chegaradan) tajovuz qilmanglar! Albatta, Alloh tajovuzkor kimsalarni sevmas.

88. Alloh sizlarga rizq qilib bergan halol, pok narsalardan yenglar va o‘zlaringiz iymon keltirgan Allohdan qo‘rqinglar!

89. Alloh sizlarni tillaringizdagi behuda qasamlaringiz sababli jazolamaydi. Balki (dillaringizdagi) mahkam tuggan qasam sababli (agar shunday qasamni buzsangiz) jazolaydi. Bas, uning kafforati o‘z oilangizni boqadigan o‘rtacha taomlardan o‘nta miskinga taom berish yoki ularning sarposini qilish, yoxud bir qulni ozod qilishdir. Kim (bu narsalarni) topa olmasa, uch kun ro‘za tutsin! Mana shu — qasam ichgan (va uni buzgan) paytingizdagi qasamlaringiz kafforatidir. Qasamlaringizni (buzishdan) saqlaningiz. Shukr qilishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini mana shunday ochiq-oydin bayon qilur.

90. Ey mo‘minlar, aroq (mast qiladigan ichkilik ichish), qimor (o‘ynash), butlar (ya’ni ularga sig‘inish) va cho‘plar (ya’ni cho‘plar bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan harom ishdir. Bas, najot topishingiz uchun ularning xar biridan uzoq bo‘lingiz!

91. Ichkilik, qimor sababli shayton o‘rtalaringizga bug‘zu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!

I z o h. Bu hukm Qur’ondagi aroq, qimor... haqidagi oxirgi hukmdir, musulmonlar mana shu hukmga amal qilishlari farzdir. Qur’on odatdagidek bu narsalarni quruqdan-quruq harom deyish bilan kifoyalanmay, nima sababdan harom qilinganini ham bayon qiladi.

92. Allohga itoat qilingiz, payg‘ambarga buyinsuningiz va (haromdan) ehtiyot bo‘lingiz! Agar (itoatdan) bosh tortsangiz, bilingizki, payg‘ambarimiz zimmasida faqat (bizning hukmlarimizni) ochiq-ravshan qilib yetkazish bor, xolos.

93. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar uchun — agar (harom narsalardan) saqlanib, iymon va yaxshi amallarida sobit bo‘lsalar, so‘ngra o‘zlarini saqlab (u narsalarning haromligiga) iymon keltirsalar, so‘ngra Allohdan qo‘rqib, chiroyli amallar qilsalar — (ilgari) yeb-ichgan narsalarida gunoh, yo‘qdir. Alloh chiroyli amal qilguvchilarni sevadi.

94. Ey mo‘minlar, albatta Alloh g‘oyibda (ko‘rmay) turib o‘zidan qo‘rqadigan kishilarni bilish uchun sizlarni (haj safarida bo‘lgan chog‘ingizda) qo‘l va nayzalaringiz yetgudek ovlar bilan imtihon qilur. Mana shu (ogohlantirishdan) keyin kim haddidan oshsa (ihromda bo‘lgan holda ov ovlasa), uning uchun alamli azob bordir.

95. Ey mo‘minlar, ihromda bo‘lgan chog‘ingizda biron ovni o‘ldirmang! Sizlarning orangizdan kim qasddan biron ovni o‘ldirsa, (uning zimmasida) chorva mollaridan o‘ldirgan ovi barobarida jazo bordirki, u Ka’baga yetib borguvchi hadya bo‘lib, unga o‘zlaringdan ikki adolat egasi hakamlik qilur. Yoki (uning zimmasida) kafforat — (o‘sha ovning qiymati barobarida) miskinlarga taom berish yo o‘z ishining ziyonini totib ko‘rishi uchun shuning (ya’ni o‘sha qiymatning) barobarida ro‘za tutish bordir. Ilgari o‘tgan ovlarni Alloh afv etdi. Kim yana qaytib (ov) qilsa, undan Alloh intiqom olur. Alloh qudrat va intiqom sohibidir.

96. Sizlarga o‘zingiz va boshqa musofirlar foydalanishi uchun dengiz (suv) ovi va uning yemishlari (ya’ni sizlar ovlamay o‘zi sohilga chiqib qolgan narsalar) halol qilindi. Va modomiki ihromda ekansizlar, sizlarga quruqlik ovi harom qilindi. (Qiyomat kuni) dargohida to‘planadigan Allohdan qo‘rqingiz!

97. Alloh Ka’ba — Bayt-ul-haromni, urush harom etilgan oyni, hadya (qurbonliq) va hadya belgilarini (hadya uchun atalgan jonivorlarga osib qo‘yiladigan hadyalik alomatlarini) odamlar uchun to‘g‘rilik asosi qilib qo‘ydi.

I z o h . Odamlar Ka’bani muqaddas deb bilganlari uchun u yerda urushmas edilar. Agar Ka’baga biron-bir qotil kirib qolsa, to chiqmagunicha unga tegmaydilar. Urush harom qilingan oylarda (Zul-qa’da, Zul-hijja, Muharram va Rajab oylarida) esa odamlar uchun hech qanday urush xavfi yo‘qdir. Alloh yo‘liga hadya (qurbonlik) qilingan yoki hadyalik belgisi osib qo‘yilgan jonivorlarga ham hech kim tegmas, agar ochlikdan sillalari qurib qolsa ham u jonivorlarni so‘yib yeyishni gunoh deb bilardilar. Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar kishilarda to‘g‘rilik-rostlik xislatlarini tarbiyalashga qaratilgan. Bu (narsa) Alloh osmonlar va yerdagi bor narsani bilishini -- Alloh hamma narsani bilguvchi ekanini bilishinglar uchundir.

98. Albatta, Alloh azobi qattiq zot ekanini va albatta Alloh mag‘firatli, mehribon ekanini bilingiz!

99. Payg‘ambar zimmasida faqat yetkazish bor, xolos. Alloh oshkor etgan narsangizni ham, yashirgan narsangizni ham bilur.

100. (Ey Muhammad), ayting: «Garchi nopok narsaning ko‘pligi sizni qiziqtirsa ham, nopok narsa pok narsaga barobar bo‘lmas. Bas, axli donish, najot topishingiz uchun Allohdan qo‘rqingiz!




Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 7:58:35 | Сообщение # 6
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
101. Ey mo‘minlar (Alloh sizlardan kechib yuborgan), ochilganda sizlarni xafa qiladigan narsalar haqida so‘ramanglar! Qur’on nozil bo‘layotganda u narsalar haqida so‘rasangiz, sizlarga ochib beriladi (ya’ni zimmangizga yuklanadi). Holbuki, Alloh u narsalarni kechib yuborgan edi. Alloh mag‘firatli, haliymdir.
102. U narsalar haqida sizlardan oldingi qavm so‘ragan edi. So‘ngra esa u narsalarni inkor qiluvchilarga aylandilar.

I z o h . Bani Isroil qavmi o‘z payg‘ambarlaridan Alloh ularga buyurmagan narsalarni so‘rar edilar. Keyin payg‘ambar ularga o‘sha narsalarni qilishga amr qilganida esa bosh tortdilar. Shuning uchun Qur’on musulmonlarga Alloh buyurmagan ishlarni so‘rabsurishtiravermay, o‘zlariga buyurilgan ibodatlarni sidqidildan ado etaverishni uqtiradi.

103. Alloh na «bahiyra», na «soiba», na «vasiyla» va na «homiy» qilishga (buyurgani) yo‘q. Lekin kofir kimsalar Alloh sha’niga yolg‘on to‘qimoqdalar. Ularning ko‘plari aqlsizdirlar.

I z o h . Islom kelishidan ilgari arablarda shunday odat bor edi: beshta tuqqan tuyaning qulog‘ini kesib, butlarga hadya etardilar. Shundan keyin uni sog‘ish harom deb hisoblanar edi. Bunday tuyani «bahiyra» deb atashardi. Biron kishi betob bo‘lib qolsa: «Sog‘ayib ketsam, tuyamni Tangri yo‘lida haydab yuboraman», deb qasam ichardi. So‘ng sog‘aygach, tuyasini ko‘chaga haydab chiqarar va undan hech kim foydalanmas edi va uni «soiba» deb atashar edi. Arablar ketma-ket ikkita urg‘ochi bo‘taloq tuqqan ona tuyani ham «vasiyla» deb atab, butlarga qurbonlik qilar edilar. «Homiy» esa pushtidan o‘n bo‘taloq bo‘lgan erkak tuyadir. Arablarning odaticha, bunday tuya ham o‘z ishini qilib bo‘lgan deb hisoblanib, bo‘sh qo‘yib yuborilar edi. Mazkur oyat bu ishlarning birontasi Tangrining farmoni emasligini va xurofot ekanligini uqtiradi.

104. Qachon ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga va payg‘ambarga kelinglar», deyilsa, ular: «Biz uchun ota-bobolarimizni nimaning (ya’ni qaysi dinning) ustida topgan bo‘lsak, o‘sha yetarli», deyishadi. Agar ota-bobolari hech narsani bilmaydigan va haq yo‘lni topa olmaydigan bo‘lsalar ham-a?!

105. Ey mo‘minlar, o‘zingizni bilingiz! (Ya’ni gunohlardan saqlaningiz!) Modomiki, haq yo‘lni tutgan ekansiz, adashgan kimsalar sizlarga zarar yetkaza olmas. Barchangiz ham Allohga qaytishingiz bordir. Ana o‘shanda Alloh sizlarga qilib o‘tgan amallaringizning xabarini berur.

I z o h . Bu oyatni payg‘ambar alayhis-salom shunday sharxlagan ekanlar: «Yaxshilikka yuringiz, yomonlikdan qaytingiz. Qachon odamlarning baxillikka, nafsu havoga va molu dunyoga berilib ketganlarini ko‘rsangiz, o‘zingizni bu illatlardan saqlangiz, shunda ularning qilgan ishlarining sizga zarari bo‘lmaydi».

106. Ey mo‘minlar, birovingizga o‘lim kelganda — vasiyat qilar vaqtida o‘zingizdan (ya’ni musulmonlardan) bo‘lgan ikki adodat egasi yoki agar biror yerga safar qilib, o‘sha yerda sizga o‘lim yetgan bo‘lsa, o‘zgalardan bo‘lgan ikki kishi o‘rtalaringizda guvoh bo‘lsin! U guvohlarni namoz o‘qib chiqqanlaridan keyin tutasizlar. Agar (ularning adolat qilishiga) shubha qilsangiz, ular Alloh nomiga bunday qasam ichadilar: «Garchi guvohlik beriluvchi, ya’ni merosxo‘r qarindoshimiz bo‘lsa-da, bu qasamimizni ozgina qiymatga almashtirmaymiz va Alloh uchun bergan guvohligimizni yashirmaymiz. Zotan u holda biz hech shakshubhasiz gunohkorlardan bo‘lib qolamiz».

107. Agar ularning gunohkor bo‘lganlari (ya’ni yolg‘on guvoxlik berganlari) ma’lum bo‘lib qolsa, u holda ularning o‘rinlariga turadigan, merosga haqdor kishilardan bo‘lgan boshqa ikki kishi (guvohlik berish uchun) eng loyiq kishilardir. Bas, bu ikkovi ham: «Bizning bergan guvohligimiz ularning guvohligidan to‘g‘riroq, biz (bu guvohlik berishda) haqdan tajovuz qilganimiz yo‘q. Chunki u holda biz hech shak-shubhasiz zolimlardan bo‘lib qolurmiz», deb Alloh nomiga qasam ichadilar.

108. Mana shu rost guvoxlik berishlariga yoki qasamlaridan keyin yana qayta qasamlar ichilishidan (ya’ni sharmanda bo‘lishlaridan) qo‘rqishlariga yaqinroq hukmdir. (Ey mo‘minlar), Allohdan qo‘rqingiz va Unga quloq tutingiz! Zotan Alloh itoatsiz qavmni haq yo‘lga hidoyat qilmas.

109. Alloh payg‘ambarlarini to‘plab: «Sizlarga (ya’ni, qilgan da’vatingizga ummatlaringiz tomonidan) qanday javob bo‘ldi?» — deb so‘raydigan kunida, ular: «Biz bilmaymiz. Faqat Sening O’zinggina g‘ayb ilmlarining bilimdonisan», deydilar.

110. Eslang (ey Muhammad), Alloh aytgan edi: «Ey Iyso binni Maryam, senga va volidangga bergan ne’matimni — Seni Ruhul-Quds (Jabroil) bilan quvvatlantirganimda, odamlarga beshikda (go‘dakligingda) ham balog‘atga yetgan holingdagi kabi so‘zlaganingni, senga kitob — xat va hikmat — ilmni, Tavrot va Injilni bildirganimni va Mening iznim-ixtiyorim bilai loydan qush timsolini yasaganingni, so‘ngra unga puflaganingda, Mening iznim-ixtiyorim bilan rostakam qushga aylanganini, Mening iznim-ixtiyorim bilan ko‘r va peslarni tuzatganingni va Mening iznim-ixtiyorim bilan o‘liklarni (tiriltirib, qabrlaridan) chiqarganingni eslagin! Yana Bani Isroilga bu mo‘‘jizalarni keltirgan paytingda ularni seni (halok qilishdan) to‘sganimni eslagin! O’shanda ularning oralaridagi kofir bo‘lgan kimsa: “Bu ochiqdan-ochiq sehrdan o‘zga narsa emas”, deyishgan edi.

111. Yana havoriylarga (sen orqali): «Menga va payg‘ambarimga iymon keltiringlar», deb vahiy yuborganimda, ular: «Iymon keltirdik. (Ey Parvardigor), bizning itoat qilguvchilar ekanimizga O’zing shohid bo‘l», deganlarini eslagin!

112. Havoriylar: «Ey Iyso binni Maryam, Parvardigoring bizga osmondan bir dasturxon nozil qilishga qodirmi?» — degan paytlarida (Iyso ularga): «Agar mo‘min bo‘lsangizlar, Allohdan qo‘rqinglar», deb javob qildi.

113. Ular dedilar: «Biz (faqatgina) u dasturxondan yeyishni va ko‘ngillarimiz taskin topishini hamda sening rost so‘zlaganingni aniq bilib, u dasturxonga guvohlik beruvchilardan bo‘lishni istaymiz».

114-115. (Shunda) Iyso binni Maryam: «Ey Tangrim, Parvardigor, bizga osmondan bir dasturxon nozil qilginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram va Sening oyat-mo‘‘jizang bo‘lib qolgay. Bizni (shu ne’matdan) bahramand qilgil. O’zing eng yaxshi rizq berguvchisan», deganida, Alloh aytdi: «Men uni sizlarga tushirguvchiman. Ammo shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo‘lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki, butun olamlardan biron odamni unday azoblamagayman».

116. Eslang (ey Muhammad), Alloh: «Ey Iyso binni Maryam, odamlarga: «Allohni qo‘yib, meni va onamni xudo qilib olinglar», deb sen aytdingmi?» — deganida, (Iyso) aytdi: «Ey pok Parvardigor, haqqim bo‘lmagan narsani aytish men uchun durust emas-ku. Agar aytgan bo‘lganimda, Sen albatta bilar eding. Zotan Sen dilimdagi bor narsani bilursan. Ammo men Sening huzuringdagi hech narsani bilmasman. Faqat Sen O’zing g‘ayb ilmlarining bilimdonisan.

117. Men ularga faqat O’zing amr qilgan gapnigina aytdim: «Parvardigorim va Parvardigoringiz bo‘lmish Allohga ibodat qilingiz!» Va oralarida bo‘lgan muddatimda ularning ustida guvoh bo‘lib turdim. Meni O’z huzuringga chorlaganingdan keyin esa, Sen O’zing ularning ustida kuzatuvchi bo‘lding. Sen O’zing hamma narsaga guvohdirsan.

118. Agar ularni azoblasang, ular Sening ojiz bandalaring. Agar ularni mag‘firat qilsang, albatta Sen O’zing qudrat, hikmat egasidirsan».

119. Alloh aytdi: «Bu kun (ya’ni qiyomat kuni) haqqi-rost iymon keltirganlarga rost so‘zlari foyda beradigan kundir». Ular uchun ostidan daryolar oqib turadigan jannatlar bordir. Ular unda abadiy qolajaklar. Ulardan Alloh rozi bo‘ldi, ular ham Allohdan rozi bo‘ldilar. Bu esa ulug‘ baxtdir.

120. Osmonlar va yer hamda ulardagi bor narsa Allohning mulkidir. U hamma narsaga qodirdir.


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024