Чоршанба, 18.12.2024, 1:38:13

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 12. "Yusuf" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
12. "Yusuf"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:07:46 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
YUSUF SURASI
Bir yuz yigirma uch oyatdan iborat bu sura Makkada nozil bo‘lgan va payg‘ambarlar hayotidan hikoya qiluvchi suralardan biridir. Unda asosan Allohning payg‘ambarlaridan Yusuf ibn Ya’qubning hayoti zikr qilinib, u zotning boshiga tushgan balolar, og‘a-inilari va begonalardan ko‘rgan kulfatlari — chohga tashlanganlari, tuhmatga yo‘liqqanlari, zindonband bo‘lganlari... haqida va bunday og‘ir ko‘rgiliklarga sabr-toqat qilishlari natijasida oxir-oqibat zindon azobidan xalos qilinib, butun Misr zaminining mulku xazinasiga ega bo‘lganlari xususida so‘z boradi. Bu sura Hud surasidan keyin — Muhammad alayhis-salom hayotlarining eng qora kunlarida — yaqinlari Hadicha va Abu Tolibdan ajragan, mushriklar tomonidan ozoraziyatlar chekib qiynalib yurgan kezlarida nozil bo‘lgandir. Go‘yo Alloh taolo O’zining suyukli payg‘ambariga va qolaversa, u zotning barcha ummatlariga agar boshlariga tushgan baloyu kulfatlarga va diyonatsiz kimsalarning zulmu zo‘ravonliklariga sabrqanoat qilib o‘zlarining Haq yo‘lidagi kurashlaridan tolmay, Allohning dinidan qolmay sobitqadam bo‘lsalar, Parvardigori olam ularni zulmatlardan va toru tanglikdan xalos qilib, nurli, baxt-saodatli kunlarga yetkazajagini uqtirayotgandek. Bu suraning nazmu uslubida o‘zgacha latofat, ayricha joziba mavjudki, islom olamidagi eng buyuk qalam ahllari undan mutaassir bo‘lib, she’ru dostonlar bitganlar, ulamolar esa, bu sura xususida jild-jild kitoblar tasnif etganlar. Shunday asarlardan birida «Yusuf surasi jannat ahllari jannatda ham rohat bilan tilovat qilib yuradigan suralardandir», deyilgan bo‘lsa, yana birida: «Har Qanday g‘am-tashvishga botgan mahzun kishi Yusuf surasini eshitishi bilan orom-osoyish topur», deyiladi.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. Ushbu (oyatlar) ochiq-ravshan Kitob oyatlaridir.

2. Darhaqiqat, Biz uni (bu oyatlarni) aqllaringizni yurgizishingiz uchun arabiy Qur’on holida nozil qildik.

3. (Ey Muhammad), Biz sizga ushbu Qur’on (surasi)ni vahiy qilish bilan qissalarning eng go‘zalini so‘ylab berurmiz. Holbuki (Qur’on nozil bo‘lishi)dan ilgari, siz (bu qissadan) bexabar kishilardan (biri) edingiz!

4. Eslang, Yusuf otasiga degan edi: «Ey ota, men tushimda o‘n bir yulduzni, yana quyosh va oyni ko‘ribman. Hammalari menga sajda qilishayotgan emish».

I z o h. Bu tushni ko‘rganda Yusuf o‘n ikki yoshda edi. Tushdagi quyosh bilan oy uning ota-onasi, o‘n bir yulduz esa og‘a-inilari edi. Darvoqe, uning ota bir, ona boshqa o‘n og‘asi va ota ham ona ham bir Binyamin ismli bir og‘asi bo‘lgan. Yusufning bu ko‘rgan tushi o‘ngga aylanishiga hali qirq sana bor edi.

5. U (otasi) dedi: «Ey o‘g‘ilcham, bu tushingni og‘a-inilaringga hargiz ayta ko‘rma, toki ular senga qarshi biron hiyla qilmasinlar.Chunki shayton inson uchun ochiq dushmandir».

6. Shuningdek, (ya’ni, senga shunday ulug‘ tush ko‘rishni nasib etgan kabi) Parvardigoring seni (payg‘ambarlik uchun) tanlar va senga barcha tushlarning ta’birini bildirur hamda xuddi ilgari ajdodlaring Ibrohim va Ishoqqa komil qilib bergani kabi, senga va Ya’qubning (boshqa) farzandlariga ham, O’zining (payg‘ambarlik) ne’matini komil qilib berur. Albatta, Parvardigoring ilm va hikmat sohibidir.

7. Darhaqiqat, Yusuf va uning og‘a-inilari (haqidagi qissa)da so‘raguvchilar uchun oyat-ibratlar bordir.

8. O’shanda ular (Yusufning o‘gay og‘alari) aytgan edilar: «Garchi biz ko‘pchilik bo‘lsak-da, shak-shubhasiz, Yusuf va uning birodari (Binyamin) otamizga bizdan ko‘ra suyukliroqdir. Darhaqiqat otamiz ochiq zalolatdadir.

9. Yusufni o‘ldiringlar, yoki biron yerga olib borib tashlanglar, (shundagina) otalaringiz faqat sizlarga boqar. Keyin esa (tavba-tazarru qilib) yaxshi qavm bo‘lib olursizlar».

10. (Shunda) ulardan bir so‘zlaguvchi dedi: «Yusufni o‘ldirmanglar, balki agar (undan qutulish uchun) biron ish qilmoqchi bo‘lsangizlar, uni quduq qa’riga tashlab yuboringlar, yo‘lovchi karvonlar olib ketsin».

11. (Ular shunday qarorga kelganlaridan so‘ng, Ya’qub alayhis-salomning oldiga kelib) dedilar: «Ey ota, ne sababdan Yusufni bizga ishonmaysan? Axir biz uni, shak-shubhasiz, xolis yaxshi ko‘ruvchilarmiz-ku.

12. Uni ertaga biz bilan aylanishga yuborgin, o‘ynab-yozilib kelsin. Albatta, biz uni qo‘riqlab-muhofaza qilguvchilardirmiz».

13. (Ya’qub) dedi: «Uni olib ketishlaringiz meni mahzun qilur. Men, sizlar g‘aflatda qolib, uni bo‘ri yeb ketishidan qo‘rqurman».

I z o h. Naql qilishlaricha, Ya’qub payg‘ambar Yusufga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, undan biron lahza bo‘lsin, ajralishga toqat qila olmas edilar. Yuqoridagi oyatda mazkur bo‘lgan so‘zlari bilan u zot, bir tomondan, o‘g‘illariga uzr aytgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan o‘zlari sezmagan holda, ularning shum niyatlariga bahona topib berdilarki, bu haqda keyingi oyatlarda zikr qilinadi.

14. Ular dedilar: «Kasamki, agar biz butun bir jamoat bo‘lgan xolimizda (g‘aflatda qolib) uni bo‘ri yeb ketsa, demak, biz, shak-shubhasiz, ziyon ko‘rguvchi — halok bo‘lguvchilardirmiz».

15. Bas, kachonki uni olib ketishib, so‘ngra quduq qa’riga tashlashga qasd qilgan vaqtlarida, Biz unga (Yusufga): «Sen albatta (vaqti kelib) og‘ainilaringga bu qilmishlari haqida xabar berursan. Ular (o‘shanda, sen Yusuf ekaningni) sezmaydilar ham», deb vahiy qildik.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:08:04 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
16-17. Ular kechqurun otalari oldiga yig‘lagan hollarida kelishib: «Ey ota, bizlar Yusufni narsalarimiz oldida qoldirib quvlashib ketgan edik, uni bo‘ri yeb ketibdi. Endi rost gapirsak ham sen bizlarga aslo ishonmaysan», dedilar.

18. Va uning (Yusufning) ko‘ylagini yolg‘on qonga (ya’ni bir qo‘yni so‘yishib o‘shaning qoniga) bo‘yab keltirdilar. (Shunda Ya’qub) aytdi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi-nafslaring biron (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabr qilmoqdir. Sizlar so‘zlayotgan bu narsa (ayriliq-musibat) ustida madad so‘raladigan zot yolg‘iz Allohdir».

I z o h. Yuqoridagi oyatda iymonning asosiy ruknlaridan biri bo‘lmish «chiroyli sabr qilmoq» iborasi mazkur bo‘ldi. Odamzod shunday yaratilganki, boshiga kelgan balomusibatdan yig‘lab-siqtab besabrlik qiladi. Lekin har qanday odam ham asta-sekin kelgan ko‘rgulikka ko‘nikib, endi sabr qilish lozimligini anglab yetadi. Allohga va barcha yaxshi-yomon ishlar yolg‘iz Uning amri bilan bo‘lishiga sidqidildan iymon keltirgan kishilar esa musibat tushgan birinchi lahzadanoq dod-voysiz «chiroyli sabr» qila olar ekanlar. Bu xususida o‘zining yeru ko‘kka ishonmaydigan farzand-dilbandidan ajralib qolgani haqidagi xabarni eshitgan zahoti «chiroyli sabr» qilishga rozi bo‘lgan Ya’qub alayhis-salom to qiyomat iymon-e’tiqod egalari uchun ibratdir. Sabr nima ekanligi haqida payg‘ambarimiz Muhammad alayhis-salom esa shunday marhamat qilganlar: «Baloning birinchi zarbasi paytidagi sabrgina chin sabrdir».

19. (Yusuf quduqqa tashlanganining uchinchi kuni, u ochlikdan azoblanib yotganida) bir karvon kelib, o‘zlarining suv izlovchilarini (suv keltirgani) yuborganlarida, u chelakni (quduqqa) tashlagan edi, (suvning o‘rniga chelakka osilib Yusuf chiqdi. Shunda u): «Suyunchi beringlar, bu bola-ku!» deb yubordi. So‘ng uni sotiladigan narsalari qatori yashirib qo‘ydilar. Alloh ularning qilayotgan amallarini bilib turguvchidir.

20. (Keyin, karvon Misrga yetib kelgach), uni arzon bahoda — bir necha tangaga sotib (Chunki) ular (Yusufga) qiziqmagan edilar.

I z o h. Karvonning Yusufni arzon bahoda sotib yuborganiga yana bir sabab, uning egasi chiqib qolishidan qo‘rqishgani edi. Ammo Yusuf bir balodan — chohdan qutulib, ikkinchi baloga – tutqunlik, qullikka tutildi.

21. Uni Misrdan sotib olgan (Misr shahrining hokimi — Qitfiyr degan) kishi xotini (Zulayho)ga: «Uni yaxshilab joylashtirgan. Shoyad bizga biron foydasi tegib qolsa yoki o‘zimizga bola qilib olarmiz». dedi. Mana shunday qilib (ya’ni o‘limdan, chohdan qutqarib va Misr hokimining ko‘nglini moyil qilish bilan) Yusufni — unga barcha tushlarning ta’birini bildirish uchun,— o‘sha yerga (Misr hokimining uyiga) joylashtirib qo‘ydik. Alloh O’z ishida g‘olibdir (ya’ni, Uni O’zi xoxlagan ishni qilishdan hech kim man’ qila olmaydi), lekin odamlarning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

22. Qachonki (Yusuf) voyaga yetgach, unga hikmat va bilim berdik. Biz chiroyli amal qilguvchi zotlarni mana shunday mukofotlaymiz.

23. U (Yusuf) uyida bo‘lgan ayol (ya’ni, Zulayho, uning husnu malohatiga oshiqi beqaror bo‘lib) uni yo‘ldan urmoqchi bo‘ldi. Eshiklarni mahkam berkitib «kelaqolgin», deganida, (Yusuf) aytdi: «Alloh saqlasin. Axir u (ya’ni, ering) menga yaxshi joylar bergan hojam-ku! Albatta, zolim kimsalar (ya’ni, zinokorlar) aslo najot topmaslar».

24. Haqiqatan, (Zulayho) unga (ya’ni, Yusufning visoliga) intildi. Agar Parvardigorining ochiq hujjat-alomatini ko‘rmaganida, (Yusuf) ham unga (Zulayhoga) moyil bo‘lar edi. Undan (Yusufdan) yomonlik va buzuqlikni chetlatish uchun mana shunday qildik (ya’ni uni O’z hifzu himoyatimizda asradik). Zero, u pokiza bandalarimizdandir.

25. (Ikkalasi ham) eshik tomonga chopishdi va (Zulayho Yusufga yetib olib) uning ko‘ylagini orqa tomondan yirtib yubordi. Eshik oldida esa (Zulayhoning) hojasi — eriga yo‘liqib qolishdi. (Shunda Zulayho eriga qarab): «Sening oilangta yomonlik qilmoqchi bo‘lgan kimsaning jazosi yo zindon, yoki alamli azobdir», dedi.

26. (Yusuf) aytdi: «Uning o‘zi meni yo‘ldan urmoqchi bo‘ldi». (Shu payt Zulayhoning) urug‘laridan biri guvohlik berib (dedi): «Agar uning ko‘ylagi old tomondan yirtilgan bo‘lsa, u holda (Zulayhoning) gapi rostdir va (Yusuf) yolg‘onchilardandir.

27. Agar ko‘ylagi orqa tomondan yirtilgan bo‘lsa, u holda (Zulayho) ning gapi yolg‘ondir va (Yusuf) rostgo‘ylardan bo‘lur».

I z o h. Rivoyat qilishlaricha, mazkur guvohlik beruvchi Zulayhoning amakivachchasi bo‘lib, beshikdagi chaqaloq edi. Ne tongki, Tangri taolo O’zining ma’sum payg‘ambari Yusufni ma’sum bir go‘dak tili bilan oqlaydi.

28. Endi qachonki (Zulayhoning eri Yusufning) ko‘ylagi orqa tomonidan yirtilganini ko‘rgach: «(Ey ayollar-a), albatta bu (ish) sizlarning makrhiylalaringizdandir. Darhaqiqat, sizlarning makrlaringiz juda zo‘rdir».



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:08:19 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
29. «Yusuf, sen bu (ishni) unutgin, sen esa (ey Zulayho), qilgan gunohingga istig‘for ayt – tavba qil. Chunki sen adashgan kimsalardan bo‘lding», dedi.

I z o h. Yuqoridagi oyatda kofir jamiyatdagi hokim tabaqaning qanchalik nopok usti yaltiroq, mag‘zu-mohiyati esa chirik bo‘lishi ikki og‘iz so‘zda ilohiy qalam bilan chizib berilgan: «Yusuf, sen bu ishni unutgin». Er oilasidagi bevafolik, nopoklikdan xabardor bo‘lgach, uni faqat bir narsa tashvishga solib: «Odamlar bilmasin, sen buni unut, hech kimga ayta ko‘rma», dedi. Ma’naviyat inqirozini bundan yaqqolroq ifodalab bo‘lmas. Lekin odamlar bu mojarodan xabardor bo‘ladilar va...

30. Shahardagi ayollar: «Hokimning xotini o‘z xizmatkorini yo‘ldan urmoqchi bo‘libdi. Rosa yuragidan uribdi-da! Albatta bizlar uni ochiq zalolatda deb bilamiz», dedilar.

31. Endi qachonki (Zulayho) ularning ig‘volarini eshitgach, ularga odam yubordi va (kelganlaridan keyin) suyanib o‘tiradigan joy tayyorladi hamda (anvoyi meva-chevalar bilan dasturxonni to‘ldirib) ulardan har biriga bittadan pichoq berib qo‘ydi. Keyin (Yusufga) «ularning oldiga chiqqin», dedi. Bas, qachonki uni ko‘rishgach (ular beixtiyor uni) olqishladilar va (o‘zlari sezmagan hollarida, qo‘llaridagi pichoqlari bilan) o‘z qo‘llarini kesa boshladilar. Hamda: «Ey pok Alloh, bu bashar (farzandi) emas, bu asil farishtaning o‘zi-ku», deb yubordilar.

32. (Shunda Zulayho): dedi: «Mana shu yigit haqida sizlar meni malomat qilgan edingiz. Darhaqiqat, uni yo‘ldan urmoqni bo‘lganimda, u pokdomonlik qildi – bo‘yinsunmadi. Qasamki, agar mening amrimni bajarmas ekan, albatta zindonga tashlanur va xor-zor qilinur».

33. (Yusuf) dedi: «Parvardigorim, men uchun bular meni chorlayotgan narsadan ko‘ra zindon yaxshiroqdir. Agar O’zing mendan ularning makrlarini nari qilmasang, ularga ko‘ngil berib nodon kimsalardan bo‘lib qolurman».

34. Bas, Parvardigori (Yusufning duosini) ijobat qilib, ularning makrlarini undan nari qildi. U zot, shak-shubhasiz, eshitguvchi, bilguvchidir.

35. So‘ngra, ularga (ya’ni Misr hokimi va uning odamlariga Yusuf pok ekanligi haqidagi) oyat-alomatlarni ko‘rganlaridan keyin, uni bir vaqtgacha (ya’ni gapso‘ zlar tinguncha) zindonband qilib turish ma’qul ko‘rindi.

36. Zindonga u bilan birga yana ikki yigit tushgan edi. Ulardan biri (ya’ni, ilgari hokimning soqiysi bo‘lgan yigit): «Men tushimda sharob tayyorlayotgan emishman», dedi. Boshqasi esa (ya’ni, ilgari hokimning novvoyi bo‘lgan yigit): «Men boshim ustida non ko‘tarib turganmishman, qushlar undan yeyayotgan emishlar. Sen bizga shuning ta’birini aytib bersang. Biz sening chiroyli amallar qilguvchi kishi ekanligingni ko‘rib turibmiz», dedi.

37. (Yusuf) aytdi: «Men sizlarga rizq bo‘ladigan (har qanday) taom oldingizga kelishidan ilgari uning qanday taom ekanini ta’vilini aytib bera olaman. Bu Parvardigorim menga bildirgan narsalardandir. Chunki men Allohga iymon keltirmaydigan va oxiratni mutlaqo inkor qiluvchi qavmning millati – dinini tark etgan kishiman».

38. «Va men ajdodlarim Ibrohim, Ishoq va Ya’qublarning millati — diniga ergashganman. Biz (ya’ni payg‘ambarlar) uchun Allohga biron narsani sherik qilish joiz emasdir. Bu (ya’ni yolg‘iz Allohgagina bandalik qilish ne’mati) Allohning biz — payg‘ambarlarga va barcha odamlarga qilgan fazlmarhamatlaridandir. Lekin odamlarning ko‘plari shukr qilmaydilar.

39. Ey hamzindon do‘stlarim, tarqoq turli-tuman «xudolar» yaxshiroqmi yoki yagona va g‘olib Allohmi?

40. Sizlar esa, U zotni qo‘yib, o‘zlaringiz va ota-bobolaringiz atab olgan nomlarbutlargagina ibodat qilasizlar. Axir Alloh ularga (ibodat qilish haqida) biron hujjat tushirmagan-ku? Hukm-hokimlik faqat Allohnikidir. U zot sizlarni faqat O’zigagina ibodat qilishga buyurgandir. Eng to‘g‘ri din mana shudir. Lekin odamlarning ko‘plari buni bilmaydilar.

41. Ey hamzindon do‘stlarim, endi sizlarning birinchingizni aytsak, bas, u (bu zindondan xalos bo‘lib) yana hojasiga soqiylik qilur. Ammo ikkinchingiz esa dorga osilib, (o‘laksaxo‘r) qushlar uning boshidan cho‘qirlar. Sizlar ta’bir so‘rayotgan ish bitdi (ya’ni endi bu ta’birim hech hachon o‘zgarmaydi)».

42. (Yusuf) u ikkovining ichidan qutulib ketadi, deb o‘ylagan kishiga (ya’ni soqiyga): «Hojangning oldida men haqimda zikr qilgin (zora, u meni bu zulmdan ozod qilsa)», dedi. (Lekin) shayton hojasiga zikr qilishni uning yodidan chiqarib, (Yusuf) bir necha yil zindonda qolib ketdi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:08:34 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
43. (Kunlarning birida Misr mamlakatining) shohi (Rayyon binni-l-Valid): «Men tushimda yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa qurigan (etti boshoq) ni ko‘rdim. A’yonlarim, agar tushlarning tabirini ayta oluvchi bo‘lsangizlar, bu tushimning ta’birini (menga) aytinglar-chi», dedi.

44. Ular dedilar: «Bu aloq-chaloq tushlar ekan. Biz bunday tushlarning ta’birini bilguvchi emasmiz».

45. (Shunda) haligi ikki (mahbus)ning zindondan qutulib chiqqani, shuncha muddat o‘tgach, endi (Yusufning so‘zlari) yodiga tushib, dedi: «Uning ta’birini sizlarga men aytib berurman, faqat meni (zindonda yotgan Yusufning oldiga) yuboringlar».

46. (Unga ruxsat berilgach, zindonga Yusufning oldiga kirib aytdi): «Yusuf, ey rostgo‘y zot, bizga yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotgani hamda yettita yashil boshoq bilan birga turgan boshqa qurigan (etti boshoq) haqidagi (tush) ta’birini aytib bergin. Shoyad men odamlar oldiga qaytib borgach (buni ularga aytib bersam), ular ham bilib olishsa».

47. (Yusuf) dedi: «Sizlar paydar-pay yetti yil (don) ekinglar. Keyin o‘rib olgan hosilingizni (buzilmasin uchun) o‘z boshog‘ida qoldiringlar, magar yeydigan ozgina ozuqalaringiznigina (yanchib olinglar).

48. So‘ngra o‘sha (serhosil yetti yil) dan keyin yetti yil qahatchilik bo‘lib, ular uchun tayyorlab-asrab qo‘ygan bor hosilingizni yeb ketar. Magar ozgina (urug‘lik uchun) asrab qo‘ygan donlaringizgina qolur.

49. So‘ngra, o‘sha (qahatchilik yillari) dan keyin bir yil kelurki, unda odamlar yog‘ingarchilik ostida qolurlar va (turli mevalardan) sharoblar tayyorlab olurlar».

50. (Soqiy podshohning huzuriga qaytib, uning ko‘rgan tushini Yusuf qanday ta’bir qilganini aytgach), podshoh dedi: .«Uni mening oldimga keltiringiz!» Qachonki (Yusufning oldiga), shoh elchisi kelgach, u: «Hojangning yoniga qaytib borib, (avval) undan o‘z qo‘llarini kesgan ayollar nima bo‘lganini so‘ra. Albatta, Parvardigorim ularning makrlarini bilguvchidir», dedi.

I z o h. Bu oyatlar zamirida Yusufning naqadar pokiza qalbli inson ekanligini ko‘rsatib turgan uch nukta bordir. Birinchidan, podshoh tushining ta’biri haqida so‘ralganda: «Agar meni bu zindondan ozod qilsa, aytaman», demay, batafsil ta’bir qilib berishi; ikkinchidan, podshoh uni ozod qilishga amr qilganida ham, u zindonni darhol tark etmasdan, o‘zining begunohligini isbotlab berishlarini talab qilishi; uchinchidan, o‘zining begunohligini isbotlashda ham o‘zi tuz ichgan yerning hurmatini saqlab, «Borib meni shunday azobga duchor qilgan Zulayho nima bo‘lganini bilib kelgin», demay, «Qo‘llarini kesgan ayollar nima bo‘lganini so‘rab kel», deyishidir. Bu nuktalarda aql egalari uchun ibrat bordir.

51. (Shunda podshoh u ayollarni to‘plab) dedi: «Yusufni yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan vaqtingizda nima bo‘lgan edi (ya’ni, u ham sizlarga mayl ko‘rsatganmidi)?» (Ayollar) aytdilar: «Alloh saqlasin! Bizlar undan biron yomonlikni sezmaganmiz». (Misr shahri) hokimining xotini (Zulayho) dedi: «Mana endi haqiqat tantana qildi. Uni men yo‘ldan urmoqchi bo‘lgan edim. U, shak-shubhasiz, rostgo‘y zotlardandir».

52. (Elchi qaytib kelib, Yusufga bo‘lib o‘tgan gaplarni aytib bergach, u dedi): «Buni (ya’ni o‘zimning begunohligimni isbotlash talabini) men (shahar hokimi) yo‘qligida Unga xiyonat qilmaganimni va Alloh hech qachon xoinlarning ishini o‘nglamasligini (mamlakat shohi) bilishi uchun (qildim)».

O’N UCHINCHI JUZ’

53. «Men nafsimni oqlamayman. Chunki nafs agar Parvardigorimning O’zi rahm qilmasa - albatta barcha yomonliklarga buyurguvchidir. Darhaqiqat, Parvardigorim mag‘firatli, mehribondir».

54. Podshoh aytdi: «Uni huzurimga keltiringiz, o‘zimning xos kishilarimdan qilib olay». Bas, qachonki (Yusuf u bilan so‘zlashgach, «Sen bu kun bizning dargohimizda martabali, ishonchli kishidirsan», dedi.

55. (Yusuf) dedi: «Meni shu yerning xazinalari ustiga qo‘ygin. Chunki men (ularni) to‘la-to‘kis saqlaydigan va (to‘g‘ri tasarruf qilishni) biladigan kishiman»

56. Shunday qilib, Yusufni (Misr) yeridan o‘zi xoxlagan joyda manzil-maskan tutib yashaydigan maqomga erishtirdik. Biz fazlu marhamatimizni O’zimiz xohlagan kishilarga yetkazurmiz va chiroyli amal qilguvchi zotlarning ajrmukofotini zoe qilmasmiz.

57. Albatta, iymon keltirgan va taqvo egalari bo‘lgan zotlar uchun oxiratda ajrmukofot yanada yaxshiroq bo‘lur.

I z o h. Mamlakat shohi Rayyon binni-l-Valid Yusufning aqlu zakovati, uning halol, bilimdon ekanligini ko‘rib, Misr shahrining hokimi Qitfirning o‘rniga hokim qilib tayinladi va Qitfir vafot qilganidan keyin, uning bevasi Zulayhoga uni uylantirib qo‘ydi. Shunday qilib Yusuf Misr zaminining hukmdoriga aylanib qoldi. Nikoh kechasida Yusuf Zulayhoning yoniga kirar ekan: «Sen bir vaqtlar istagan harom xohishdan mana bu halol shar’iy nikoh yaxshiroq emasmi?» dedi. Ma’lum bo‘lishicha, Zulayho hali-hanuz bokira ekan. Alloh taolo ularga ikki farzand ato etdi. Shundan keyin Yusuf Misr taxtida adolat bilan hukm yurgiza boshladi. Ilgari o‘zi shohga bashorat qilgan mo‘l-ko‘lchilik yillarida juda ko‘p don hosili yig‘ib-o‘rib olinib, omborlarga g‘amlab qo‘yildi. Keyingi yetti yil esa xuddi Yusuf ta’bir qilganidek, qahatchilik yillari bo‘ldi. Bu yillarda butun atrof-javonibdagi yurtlarda qattiq ocharchilik bo‘lib, ko‘p joylardan Misrga oziq-ovqat izlab odamlar kela boshladilar. Misr mamlakatida oziq-ovqat serob ekanligi haqidagi xabarlar Kan’on zaminiga ham yetib borgach, Ya’qub alayhissalom o‘g‘illarini o‘sha tarafga yubordi. Quyidagi oyatda so‘z shu haqda boradi.

58. Yusufning og‘a-inilari (Misrga) kelishib, uning huzuri) kirganlarida, ularni tanidi. Ular esa (Yusuf)ni tanimagan edilar.

I z o h. Rivoyatlarga qaraganda, og‘a-inilari kirib kelganlarida Yusuf o‘zining taniganini ularga bildirmay: «Sizlar kimsizlar, qaerdan keldingiz?» deb so‘ragan ekan. Shunda U «Bizlar Shom mamlakatining Kan’on degan yurtidanmiz. O’zimiz chorvadorlardanmiz. Oziq-ovqat axtarib keldik», deb javob qiladilar. Yusuf: «Ehtimol, bizning yurtimizga josuslik uchun kelgandirsizlar», deydi. Ular aytadilar: «Alloh saqlasin! Bizlar o‘zining eng suyukli bolasidan ayrilib g‘am-anduhda kolgan bir payg‘ambarning o‘g‘illarimiz. Bizlar hammamiz o‘n ikki o‘g‘ilmiz. Bu yerga kelgan o‘ntamiz bir ota-onadanmiz. Yo‘qolgan inimiz bilan uning birodari esa bizning ota bir, ona boshqa inilarimiz bo‘ladi. O’sha inimiz biz bilan o‘ynab sahroga chiqqanida yo‘qolib qolgan edi, shu sababdan uning birodarini otamiz bizlarga ishonmay o‘zi bilan olib qoldi». Bu so‘zlarni eshitgach, Yusuf xodimlariga ularning barcha ehtiyojlarini qondirishni amr etadi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:09:23 | Сообщение # 5
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
59. Qachonki ularning hojatlarini ravon qilgach, (Yusuf) dedi: «O’sha ota bir bo‘lgan inilaringizni mening huzurimga keltiringiz. Axir men sizlarga eng yaxshi mezbon bo‘lib, (don-dunlarni) to‘la qilib o‘lchab berayotganimni ko‘rmayapsizlarmi?

60. Endi agar uni mening huzurimga olib kelmasangizlar (ya’ni meni aldasangizlar), u holda mening dargohimda — sizlar uchun bir qadoq ham narsa yo‘qdir, mening oldimga yaqin kelmay qo‘ya qolinglar».

61. Ular: «Otasidan u(ni biz bilan qo‘shib yuborishi) haqida o‘tinib so‘raymiz. Albatta, bizlar (shunday) qilguvchimiz», dedilar.

62. (Yusuf o‘zining tarozibon) yigitlariga buyurdi: «Ularning (donga almashtirish uchun) keltirgan narsalarini yuklarining ichiga (qaytarib) solib qo‘yinglar. Shoyad uylariga qaytgan vaqtlarida, u narsalarini tanib qolib yana qaytib kelsalar, ajab emas».

63. Endi qachonki ular otalarining oldiga qaytib kelishgach, dedilar: «Ey ota, (bundan keyin) bizlarga oziq-ovqat berilmaydigan bo‘ldi. Faqat biz bilan birga inimizni ham yuborsanggina oziq-ovqat ola bilamiz. Bizlar albatta uni muhofaza qilguvchimiz».

64. (Ya’qub) dedi: «Men uni sizlarga ishonmayman. Magar ilgari uning birodarini ishonganimdek ishonaman (ya’ni o‘shanda ham menga bergan va’dalaringizga xiyonat qilgan edingiz. Demak, men sizlarga uning inisini ham ishonib topshirolmayman. Lekin men yolg‘iz Allohning saqlashiga ishonaman, xolos). Zotan, Alloh eng yaxshi saqlaguvchidir va U zot mehribonlarning mehribonrog‘idir».

65. Qachonki ular (olib kelgan) yuklarini ochib ko‘rishgach, (oziq-ovqatga almashtirib kelish uchun olib borgan) narsalarini o‘zlariga qaytarilganini ko‘rib dedilar: «Ey ota, mana narsalarimiz o‘zimizga qaytarilibdi. Yana nimani istaymiz?» (Endi sen bizlarga inimizni ham qo‘shib yuborsang), yana oilamizga oziq-ovqat keltirurmiz, inimizni muhofaza qilib (borib kelurmiz) va (inimiz uchun ham) bir tuya yukni ortiqroq olurmiz. Bu (misrlik saxiy hokim nazdida) ozgina narsadir».

66. Ya’qub aytdi: «Agar (qaroqchilar yo boshqa to‘siqlarga duch kelib) mag‘lub bo‘lib, halokatga uchramasangizlar, albatta uni (Binyaminii) mening oldimga keltirishingiz haqida Allohdan vasiqa keltirmasangizlar, (ya’ni Alloh nomiga qasam ichmasangizlar) uni hargiz sizlar bilan birga yubormasman. Endi qachonki unga o‘z ahd-paymonlarini berishgach (Ya’qub): «Bu aytayotgan gaplarimizga Alloh vakil-guvohdir», dedi.

67. (So‘ng ularni safarga kuzatar ekan), aytdi: «Ey o‘g‘illarim (Misrga) bir darvozadan kirmanglar, balki boshqa-boshqa darvozalardan kiringlar! Men sizlardan Allohning biron hukmini qaytara olmayman. Hukm yolg‘iz Allohning izmidadir. Men faqat U zotning o‘ziga tavakkul qilganman-suyanganman. Barcha tavakkul qilguvchilar Uning O’zigagina tavakkul qilsinlar-suyansinlar».

68. Ular otalari buyurgan taraflardan (Misrga) kirishlari ulardan Allohning biron hukmini qaytaruvchi emasdir. (Bu) faqat Ya’qubning dilidagi (farzandlariga nisbatan mehr-shafqatdan paydo bo‘lgan) bir ehtiyoj ediki, u o‘zining shu ehtiyojini qondirgan edi, xolos. Zotan, u Biz (vahiy orqali) bergan ta’limimiz sababli chuqur bilim egasidir. Lekin odamlarning ko‘pi (buni) bilmaydilar.

69. Qachonki ular Yusufning huzuriga kirganlarida, u inisini o‘ziga tortib: «Men sening og‘angman. Endi ular (ya’ni og‘a-inilarimiz) qilguvchi bo‘lgan narsa (ya’ni ularning hasad-adovatlari)dan g‘amgin bo‘lmagin», dedi.

70. Bas, qachonki ularning hojatlarini ravon qilgach, inisining yuki orasiga (bildirmay) bir qadahni solib qo‘ydi. So‘ngra esa jarchi: «Ey karvon egalari, sizlar o‘g‘ridirsizlar», deb jar soldi.

71. Ular (jarchilar) o‘zlarining oldiga kelishgach: «Nima yo‘qotdingizlar?» dedilar.

72. (Jarchilardan biri) aytdi: «Podshohning qadahini yo‘qotdik. Uni topib keltirgan kishiga bir tuya yuk (mukofotdir). Men shunga vakilman».

73. Ular dedilar: «Allohga qasamki, bizlar o‘g‘ri emasmiz. Axir bizlar bu yerga buzg‘unchilik qilish uchun kelmaganimizni bilasizlar-ku! Bizlar o‘g‘ri emasmiz».

74. «Agar yolg‘on aytgan bo‘lsangizlar, (o‘g‘rining) jazosi nima bo‘lur?» so‘rashdi (jarchilar).

75. Ular dedilar: «Uning jazosi, kimning yuki orasidan topilsa, o‘sha kimsa jazolanur — qul qilinur. Bizlar (o‘g‘rilik qilish bilan o‘zgalarga) zulm qilgan kimsalarni mana shunday jazolaymiz».

76. Bas, (Yusufning xizmatkori axtarishni) uning birodari (Binyamin)ning idishidan ilgari ularning (ya’ni boshqa og‘a-inilarining) idishlaridan boshladi. So‘ngra uni (Yusufning) birodari idishidan «topib» oldi. Biz Yusufga mana shunday hiyla-tadbirni bildirdik. (Chunki Misr) podshohining dinida u birodarini (o‘g‘rilik qilgani uchun qul qilib) olib qola olmas edi. Magar Allohning xohishi bilan (mazkur hiyla-tadbir vositasidagina olib qoldi). Biz o‘zimiz xoxlagan kishilarni yuksak darajalarga ko‘tarurmiz. Har bir ilm sohibining ustida (undan ustunroq) bilimdon bordir.

77. Ular: «Agar bu (Binyamin) o‘g‘rilik qilgan bo‘lsa (ehtimol, chunki) ilgari uning birodari (Yusuf) ham o‘g‘rilik qilgan edi», dedilar. Bas, Yusuf bu gapni ichiga solib, ularga bildirmadi. Va: (o‘zicha) «Sizlar eng yomon-tuban martabadadirsizlar (ya’ni bir vaqtlar o‘g‘ilni otadan o‘g‘irlab ketgansizlar). Alloh sizlarning to‘qib chiqarayotgan gaplaringizni juda yaxshi bilguvchidir», dedi.

78. So‘ng ular dedilar: «Ey ulug‘ zot, uning bir keksa otasi bor. Sen uning (Binyaminning) o‘rniga bizlardan birimizni olib qolgin. Zotan bizlar sening chiroyli amallarni qilguvchi zotlardan ekanligingni ko‘rmoqdamiz».

79. (Yusuf) aytdi: «Narsamizni idishidan topib olgan kimsadan o‘zgani olib qolishdan Alloh saqlasin. Aks holda shak-shubhasiz, zolim kimsalardan bo‘lib qolurmiz».

80. Endi qachonki undan umidlari uzilgach, (og‘a-inilar) bir chetga chiqib xufyona maslahatlashdilar. Ularning kattalari aytdi: «Otalaringiz sizlarning ustingizda Allohdan vasiqa (ya’ni, ahd-paymoningizni) olib qolganini unutdingizmi?! Ilgari Yusuf to‘g‘risida ham shunday sustkashlik qilgan edinglar. Bas, to otam menga izn bermagunicha yoki Alloh mening foydamga hukm qilmagunicha (ya’ni, inimiz ozod bo‘lmagunicha) mana shu yerdan hargiz jilmayman. U zot (Alloh) hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idir».

81. «Sizlar otalaringiz oldiga qaytib, aytinglar: «Ey ota, darhaqiqat, o‘g‘ling o‘g‘rilik qildi. Bizlar faqat ko‘rgan-bilgan narsamizga guvohlik bermoqdamiz. (Oldin senga uni asrashni va’da qilganimizda) g‘aybni (ya’ni, kelajakda nima ishlar bo‘lishini) bilmagan edik.

82. Biz bo‘lib qaytgan shahardan va biz birga ketgan karvondan so‘rabsurishtirgin. Albatta, bizlar rost so‘zlaguvchilarmiz».



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:09:41 | Сообщение # 6
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
83. (Ular Ya’qub alayhis-salomning oldilariga kelib shu so‘zlarni aytishgach), u dedi: «Yo‘q! Sizlarga havoyi-nafsingiz biron (yomon) ishni chiroyli qilib ko‘rsatgan. Endi (mening ishim) chiroyli sabr qilmoqdir. Shoyadki, Alloh ularning (ya’ni Yusuf, Binyamin va katta o‘g‘limning) barchalarini bag‘rimga qaytarsa. Albatta, U zot bilim va hikmat sohibidir».

84. Keyin ulardan yuz o‘girib, dedi: «Ey bechora Yusuf-a!» G’am-alam yutaverib u zotning ko‘zlari oqardi (ojiz bo‘lib qoldi).

85. (Shunda o‘g‘illari): «Alloh nomiga qasamki, sen to ramaqijon bo‘lib qolguningcha yo bir yo‘la halok bo‘lguningcha Yusufni eslayveradigan bo‘lding», dedilar.

86. U aytdi: «Men g‘amu tashvishlarimdan yolg‘iz Allohgagina shikoyat qilib yig‘lamoqdaman va men Allohning (mehribon, rahmli ekanligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman».

87. «Ey o‘g‘illarim, boringlar, Yusuf va uning birodarini izlanglar va Allohning rahmatidan noumid bo‘lmanglar. Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur».

88. (Ular otalaridan bu so‘zlarni eshitgach, oziq-ovqatga almashtirish uchun bor bisotlarini olishib, yana Misr tomonga ravona bo‘lishdi). Endi qachonki (Misrga yetib kelib Yusufning) huzuriga kirishgach, dedilar: «Ey ulug‘ zot, bizni va ahli oilalarimizni ocharchilik ushladi. Bizlar bu safar huzuringga o‘tmas mollarni olib keldik. Bizlarga yetarli o‘lchovda (oziq-ovqat) bergin va bizlarga xayr-sadaqa qilgin. Alloh, shak-shubhasiz, (sendek) sadaqa berguvchi zotlarga mukofotlar ato etur».

89. (Yusuf og‘a-inilarini bunday zabun holatda ko‘rgach toqat qila olmasdan) dedi: «Yosh-nodon bo‘lgan paytingizda Yusuf va uning birodariga nima ishlar qilganlaringizni eslaysizlar-mi?»

90. Ular: «Sen Yusufmisan?» deb so‘radilar. «Ha, men Yusufman, bu esa birodarimdir. Alloh bizga marhamat ko‘rguzdi (ya’ni shuncha yillik ayriliq azobidan keyin bizni yana birlashtirdi). Darhaqiqat, kimda-kim Allohdan qo‘rqib, sabru qanoat qilsa, albatta Alloh bunday chiroyli amallarni qilguvchi kishilarning ajru mukofotini zoe qilmas», dedi u.

91. Ular dedilar: «Allohga qasamki, Alloh seni bizlardan afzal qilmishdir. Bizlar esa, shak-shubhasiz, adashguvchilardan bo‘ldik».

92. U dedi: «Bu kun sizlar ayblanmaysiz. Alloh sizlarni mag‘firat qilgay. U zot rahm qilguvchilarning rahmlirog‘idir».

93. «Sizlar mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlasangiz, uning ko‘zlari ochilur. So‘ng barcha ahli oilalaringiz bilan birga mening oldimga kelinglar».

94. Karvon (Misrdan) chiqishi bilanoq otalari (Ya’qub alayhis-salom o‘z uylarida turib, huzuridagi kishilarga): «Men Yusufning bo‘yini tuymoqdaman. Agar meni aqldan ozgan demasangizlar (Yusuf tirik, degan bo‘lur edim)», dedi.

95. (Ular) aytdilar: «Allohga qasamki, sen (hali ham) o‘sha eski xatoingda turibsan».

96. Endi qachonki xushxabarchi kelib, uni (ya’ni Yusufning ko‘ylagini Ya’qubning) yuziga tashlagach, uning ko‘zlari ochildi. «Sizlarga men Allohning (mehribon, rahmli ekanligi haqida) sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman, demaganmidim», dedi u.

97. Ular dedilar: «Ey ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘ragin. Albatta, bizlar xato qilguvchilardan bo‘ldik».

98. U aytdi: «Albatta, Parvardigorimdan sizlarni mag‘firat qilmog‘ini so‘rayman. Zotan yolg‘iz U zotgina mag‘firat qilguvchi, mehribondir».

I z o h. Ya’qub alayhis-salom Yusufning hayotligi haqidagi xushxabardan behad shod bo‘lib va Alloh taologa beadad shukrlar aytib, darhol o‘zining barcha ahli oila, qarindoshurug‘ lari bilan Misr tomon yo‘l oldilar. Yusuf ham Misr shahrining chetiga chodirlar tikib, ota-onasining yo‘llariga intizor bo‘lib turdi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:09:54 | Сообщение # 7
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
99. Endi qachonki (manzilga yetib kelishib) Yusufning huzuriga (chodiriga) kirganlarida, u o‘zini ota-onasining quchog‘iga otdi va «InshoAlloh, Misrga tinch-omon kiringlar», dedi.

100. (Keyin, Misrga kirib Yusufning saroyiga kelganlaridan so‘ng) u ota-onasini o‘zining taxtiga chiqardi va ular (ya’ni ota-ona va og‘a-ikilari Yusufga) sajda qilgan hollarida yiqildilar. U dedi: «Ey otajon, mana shu qirq yil ilgari ko‘rgan tushimning ta’biridir. Parvardigorim uni rost qildi. Darhaqiqat, U zot menga (buyuk) in’om qildi — meni zindondan chiqardi, shayton men bilan og‘a-inilarim orasini buzib ig‘vo qilganidan keyin, mana sizlarni cho‘lu sahrodan (Misrga eson-omon holingizda) keltirdi. Albatta, Parvardigorim O’zi xohlagan narsani sezdirmay amalga oshirguvchi zotdir. Albatta, Uning O’zigina bilim va hikmat sohibidir».

101. «Parvardigorim, menga podshohlikni ato etding, yana barcha tushlarning ta’vil-ta’birlaridan ta’lim berding. Ey osmonlar va yerni yaratgan zot, dunyoyu oxiratda O’zing hojamdirsan. (Umrim bitib, sen O’zing belgilab qo‘ygan ajalim yetganida) musulmon holimda jonimni olgin va meni ham solih bandalaring qatoriga qo‘shgin».

102. (Ey Muhammad), bu Biz sizga vahiy qilayotgan g‘ayb xabarlaridandir. (Chunki siz Yusufning og‘a-inilari) makr-hiyla bilan o‘zlarining rejalarini tuzib ittifoq qilishayotgan paytlarida ularning yonlarida hozir emasdingiz.

103. Garchi siz (barcha odamlarning iymon keltirishlarini) juda istasangiz-da, odamlarning ko‘plari mo‘min bo‘lmaydilar.

104. Siz ulardan bu (da’vatingiz) uchun biron ajr-haq so‘ramaysiz. Bu (Qur’on) faqatgina barcha olamlar uchun bir eslatmadir, xolos.

105. Osmonlar va yerda (Allohning borligi va birligiga dalolat qilguvchi) qanchadan-qancha oyat-alomatlar bordir. (Lekin) ular bu oyatlardan yuz o‘girgan hollarida o‘tib ketaveradilar.

106. Ularning ko‘plari Allohga faqat mushrik bo‘lgan hollaridagina iymon keltiradilar.

I z o h. Darhaqiqat, ba’zilar o‘zlari Allohga iymon keltirsalar-da, hayotlarida o‘sha yagona Alloh yaratgan quyosh, oy, olov kabi narsalarga sig‘inib yoki o‘zlarini «xudo» fahmlaydigan zolim hokimlarga bo‘yinsunib, ularning insoniyatni halokatga olib boruvchi «oydin yo‘llari»ga ergashib yashab o‘tadilar. Bu oyatlarda bunday kimsalarning mushrik ekanliklari uqtiriladi va ularga nogahoniy balo kelishidan yoki qiyomat qoyim bo‘lishidan ilgari o‘zlarini o‘nglab yagona Allohga qaytishlari tavsiya etiladi.

107. Yoki ular Allohning azobidan biron balo-ofat kelib qolishidan yo to‘satdan ular sezmagan hollarida qiyomat qoyim bo‘lishidan xotirjammilar?!

108. Ayting: «Mening yo‘lim shudir. Men Allohga da’vat qilaman. Men va menga ergashgan kishilar aniq hujjatga - ishonchga egamiz. (Har qanday sherikdan) Allohni poklayman. (Zero) men mushriklardan emasman».

109. (Ey Muhammad), Biz sizdan ilgari ham faqat shahar ahllaridan bo‘lgan (farishtalarni emas) kishilarni payg‘ambar qilib, ularga vahiy yuborganmiz. Axir (odamlar) yer yuzida sayru-sayohat etishib, o‘zlaridan avvalgi (iymonsiz) kimsalarning oqibatlari kanday bo‘lganini ko‘rsalar bo‘lmaydimi? (Allohdan) qo‘rqqan zotlar uchun, oxirat diyori (bu foniy dunyodan) yaxshiroqdir. Aql yurgizmaysizlarmi?!

110. Har qachon payg‘ambarlarimiz noumid bo‘lib: «Bizlar yolg‘onchi qilindik – payg‘ambar ekanligimizga ishonmadilar», deb o‘ylay boshlaganlarida, ularga Bizning madadimiz – g‘alabamiz kelib, Biz hohlagan kishilarga najot berilar edi. (Ammo) jinoatchi bo‘lgan qavmdan bizning azobimiz qaytarilmas!

111. Darhakiqat, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bordir. (Ushbu Qur’on) to‘qib chiqariladigan so‘z emas, balki o‘zidan avvalgi narsalarni (ya’ni samoviy kitoblarni) tasdiq etuvchi, unga iymon keltiradigan qavm uchun barcha narsalarni mufassal bayon qilib beruvchi hidoyat va rahmat (bo‘lgan bir Kitobdir).


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024