Чоршанба, 18.12.2024, 7:50:11

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 14. "Ibrohim" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
14. "Ibrohim"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:22:31 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
IBROHIM SURASI
Makkada nozil qilingan bu sura ellik ikki oyatdir. Bu surada ham Makka suralarining aksarisida bo‘lgani kabi e’tiqod, vahiy, tavhid — Allohning birligiga iymon keltirish, qayta tirilish va xususan qiyomat kunida bo‘ladigan hisob-kitob va jazo-mukofot to‘g‘rilarida batafsil so‘z yurtiladi. Sura payg‘ambarlar zimmasiga yuklatilgan vazifa insoniyatni zulmatlardan nurga olib chiqish ekanini bayon etuvchi oyat bilan boshlanadi. Bu bilan birinchidan, hayotda zulmatlar – egri-noto‘g‘ri yo‘llar ko‘p, nur — haqiqat yo‘li esa tanho bo‘lishi bayon qilinsa, ikkinchidan, o‘sha yagona nurga faqat payg‘ambarlar — Allohning elchilariga nozil bo‘lgan vahiy vositasidagina yetish mumkinligi uqtiriladi. Yana bu suradan Muso payg‘ambarning o‘z qavmi bilan bo‘lgan muloqotlaridan biri haqidagi oyatlar ham joy olgandir. Suraning «Ibrohim» deb atilishiga sabab unda payg‘ambarlar otasi Ibrohim alayhissalomning Makkaga kelishlari va u yerda Tangri taologa qilgan duo-iltijolari xususida mufassal hikoya qilinganidir.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Ro. (Ey Muhammad, bu Qur’on) Biz sizga, odamlarni Parvardigorlarining izni-irodasi bilan zulmatlardan nurga — qudrat va hamdu sano egasi bo‘lgan zotning yo‘liga — olib chiqishingiz uchun nozil qilgan Kitobdir.

2. Alloh osmonlar va yerdagi bor narsa O’ziniki bo‘lgan zotdir. Kofirlar uchun qattiq azob — halokat bo‘lgay.

3. Ular hayoti dunyoni oxiratdan afzal biladigan, (odamlarni) Allohning yo‘lidan to‘sadigan va uni (egishni-buzishni istaydigan) kimsalardir. Ular (haq yo‘ldan) yiroq bo‘lgan gumrohlikdadirlar.

4. Biz har bir payg‘ambarni (hukmlarimizni) bayon qilib berishi uchun o‘z qavmining tili bilan (so‘zlaydigan qilib) yuborganmiz. So‘ngra Alloh xohlagan kimsani yo‘ldan ozdidur va O’zi xohlagan kishini qilur. U qudratli, hikmatli zotdir.

I z o h . Payg‘ambarlarning vazifasi da’vatdir, Biron kishini yo‘ldan ozdirish yoki Haq yo‘lga hidoyat qilish esa hech qaysi payg‘ambarning qo‘lidan kelmaydi — bu yolg‘iz Alloh taoloning xohishiga bog‘liq ishdir.

5. Darhaqiqat, Biz Musoni (Bani Isroil qavmiga) O’z oyatlarimiz bilan yuborib (unga dedik): «Qavmingni (kufr) zulmatlaridan (iymon) nuriga olib chiqqin va ularga Allohning ne’matlarini eslatgin! Albatta, bu (ne’matlar)da har bir sabrqanoatli, shukr qilguvchi kishi uchun oyat-ibratlar bordir».

6. O’shanda Muso qavmiga aytdi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini – sizlarni og‘ir azoblar bilan qiynayotgan, o‘g‘illaringizni so‘yib, xotinlaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslangiz. Ana o‘sha ishlarda Parvardigoringiz tomonidan buyuk sinov bordir.

7. Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlarni) eslangiz: «Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Endi agar kufroni (ne’mat) qilsangizlar, albatta azobim ham juda qattiqdir».

8. Muso yana dedi: «Agar sizlar o‘zingiz va Yer yuzidagi barcha kishilar kofir bo‘lsalar ham (Allohga biron ziyon yetkaza olmaysizlar). Zero, Alloh (sizlarning shukr qilishingizdan) behojat, hamdu sano egasidir».

9. Sizlarga ilgari o‘tgan kishilarning — Nuh qavmining, Od, Samud (qabilalarining) va ulardan keyin o‘tgan, (sonu sanoqlarini) faqat Allohgina biladigan qavmlarning xabari kelmadimi? Ularga payg‘ambarlari (o‘zlarining haq payg‘ambar ekanliklarini bildiruvchi) hujjatlar keltirganlarida, ular qo‘llari bilan (payg‘ambarlarning) og‘izlarini to‘sib, dedilar.: «Biz sizlar elchi qilib yuborilgan dinga kofir bo‘ldik. Chunki biz sizlar bizni da’vat qilayotgan diningizdan shak-shubhadadirmiz».

10. Payg‘ambarlari aytdilar: «Osmonlar va Yerning yaratuvchisi bo‘lmish Alloh(ning borligi va birligi) hususida shak-shubha bo‘lishi mumkinmi?! U zot sizlarning gunohlaringizni mag‘firat qilish va o‘zlaringizni ma’lum muddatgacha (halok qilmay) qoldirish uchun (iymonga) da’vat qilmoqda-ku!» Ular dedilar: «Sizlar ham xuddi o‘zimizga o‘xshagan odamlarsiz, faqat bizni ota-bobolarimiz ibodat qilib o‘tgan narsadan (sanamlarga sig‘inishdan) to‘smoqchisizlar, xolos. Bas, (agar chin payg‘ambar bo‘lsangizlar) bizga aniq bir hujjat dalil keltiringlar-chi?!»

11. Payg‘ambarlari ularga aytdilar: «(Ha), biz ham xuddi sizlarga o‘xshagan odamlarmiz, lekin Alloh O’zi xohlagan bandalariga (payg‘ambarlik) in’om qilur. Biz sizlarga biron hujjat keltira olmaymiz, magar Allohning izni-irodasi bilangina (keltirishimiz mumkin). Iymon keltirgan kishilar yolg‘iz Allohgagina tavakkul qilsinlar.

12. (Axir) bizni (to‘g‘ri) yo‘limizga hidoyat qilgan Allohga nechun tavakkul qilmaymiz. Albatta, biz sizlar yetkazgan ozorlarga sabr qilurmiz. Tavakkul qilguvchilar yolg‘iz Allohga tavakkul qilsinlar»



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:22:45 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
I z o h. Ibn al-Javziy aytishlaricha, Muhammad alayhis-salomga o‘tgan payg‘ambarlarning qissalari bu tarzda so‘ylab berilishiga sabab, birinchidan, u zotga o‘zidan avvalgi salaflarining holi-xabarlarini yetkazish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘zlarining boshlariga ham u payg‘ambarlar o‘z ummatlari tarafidan ko‘rgan ko‘rguliklar tushishi mumkinligi va bunday holatda ular kabi sabr-toqat qilish lozimligini uqtirishdir. Tavakkul,— ulamolardan Abu Turobning ta’riflashicha,— o‘zini mudom ibodatga chog‘lash, dilni yolg‘iz Parvardigorga bog‘lash, safoli kunlarda shukr qilish, baloli kunlarda sabr qilishdir.

13-14. Kufr yo‘lini tutgan kimsalar o‘zlarining payg‘ambarlariga: «Albatta, biz sizlarni yerimizdan haydab chiqarurmiz yoki sizlar bizning dinimizga qaytursizlar», dedilar. Shunda Parvardigorlari ularga (ya’ni payg‘ambarlarga): «Albatta, Biz bu zolimlarni halok qilurmiz va ulardan so‘ng shu yerni sizlar uchun maskan qilurmiz. Bu (va’da) Mening huzurimda (so‘roq-savol berib) turishdan qo‘rquvchi va Mening (kofirlarni do‘zaxga giriftor qilish xususidagi) va’damdan xavf qilguvchi kishilar uchundir», deb vahiy yubordi.

15. (So‘ngra payg‘ambarlar Allohdan) madad tiladilar va barcha jabrkorsarkash kimsalar baxtsizlikka duchor bo‘ldilar.

16-17. Uning (ya’ni, har bir kofir bo‘lgan kimsaning) oldida jahannam bordir. (Jahannamda) unga yiringli suvdan berilganida, uni yutmoqchi bo‘ladi-yu, (tomog‘idan) o‘tkazolmaydi, unga har tomondan o‘lim keladi-yu, u o‘lolmaydi. Uning ortida (bundan-da) og‘ir azob bordir.

18. Parvardigorlariga kofir bo‘lgan kimsalar qilgan amallarining misoli xuddi bo‘ronli kunda qattiq shamol uchirib ketgan kulga o‘xshaydi — ular qilgan amallaridan biron foydaga ega bo‘la olmaydilar. Bu – yo‘ldan ozishning o‘zidir.

19. (Ey inson), Alloh osmonlar va yerni haq (qonun) bilan yaratib qo‘yganini ko‘rmadingmi?! Agar U zot xohlasa sizlarni ketkazib, (o‘rningizga o‘zgalarni) yangitdan yaratur.

20. Bu (ish) Alloh uchun qiyin emasdir.

21. (Qiyomat kunida) barcha (xaloyiq) Allohga ro‘baro‘ bo‘lib, bechora (ergashuvchi)lar mutakabbir kimsalarga (ya’ni, o‘zlarining sobiq yo‘lboshchilariga): «Bizlar sizlarga ergashgan edik, endi sizlar bizlarni Allohning biron azobidan qutqara olurmisizlar?!» deganlarida, ular aytdilar: «Agar Alloh bizni (haq yo‘lga) hidoyat qilganida biz ham sizlarni hidoyat qilgan bo‘lur edik. (Endi esa) dod-voy qilamizmi, sabr-qanoat qilamizmi, biz uchun barobardir – hech qanday najot yo‘qdir».

22. Qachonki, ish tugagach (ya’ni, jannat yahli jannatga sazovor bo‘lib, do‘zaxilar do‘zaxga hukm qilingach), shayton dedi: «Albatta, Alloh sizlarga xaq va’da qilgan edi. Men esa (yolg‘on) va’dalar berib, sizlarni aldagan edim. (Lekin) men uchun sizlarning ustingizda hech qanday hukmronlik yo‘q edi, illo men sizlarni (kufr yo‘liga) chaqirishim bilanoq o‘zingiz menga itoat etdingiz. Endi meni emas, o‘zlaringizni malomat qilingiz. Men sizlarga yordam bera olmayman, sizlar ham menga yordam berguvchi emassiz. Albatta, men sizlar ilgari (Allohga) meni sherik qilganingizni inkor qilurman. Albatta, zolimlar (ya’ni kofirlar) uchun alamli azob bordir.

23. Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar ostidan daryolar oqib turadigan jannatlarga kiritilib, Parvardigorlarining izni-irodasi bilan u joyda mangu qoldilar. Ularning (jannatdagi) salom-aliklari bir-birlariga tinchlikomonlik tilashdir.

I z o h . Muhtaram o‘quvchi e’tibor bergan bo‘lsa, yuqoridagi oyatlarda qiyomat kuni bo‘ladigan voqea-hodisalarning hammasi o‘tgan zamon fe’li bilan ifodalandi. Mufassirlarning ta’kidlashlaricha, bu qiyomat qoyim bo‘lishi ayon haqiqat ekanligiga bir ishoradir. Zero, bo‘lishi yo kelishi aniq bo‘lgan ish-voqealar haqida o‘tgan zamon tilida gapirish hamma xalqlarda ham bor bo‘lgan uslubdir. Masalan, o‘lim jazosiga mustahiq bo‘ladigan jinoyatni qilgan kimsaga: «Endi o‘lding», deyiladi va hokazo.

24-25. (Ey inson), Alloh yaxshi So‘zga (ya’ni, iymon kalimasiga) qanday misol keltirganini ko‘rgin: u so‘z xuddi bir asil daraxtga o‘xshaydiki, uning ildizi (er ostiga) mahkam o‘rnashgan, shoxlari esa osmonda bo‘lib, Parvardigorining izni-irodasi bilan mudom meva berur. Alloh odamlar eslatma-ibrat olishlari uchun mana shunday misollar keltirur.

26. Yomon so‘zning (ya’ni, kufr so‘zning) misoli esa yerdan (ildizi) uzilib qolgan, bir joyda (o‘rnashib) qo‘nim topmaydigan nopok daraxtga o‘xshar.

27. Alloh iymon keltirgan kishilarni hayoti dunyoda ham, oxiratda ham ustivor So‘z (iymon kalimasi) bilan sobitqadam qilur. Zolimlarni esa Alloh (haq) yo‘ldan ozdirur. Alloh O’zi xohlagan ishni qilur.

28-29. (Ey inson), Allohning ne’matini (ya’ni iymonni) kufrga almashtirib yuborgan va qavmlarini (ya’ni o‘zining ortidan ergashganlarni) halokat chohiga — o‘zi kiradigan jahannamga qulatgan kimsalarni ko‘rmadingmi?! Naqadar yomon joy u!

30. Ular (odamlarni) Alloh yo‘lidan ozdirish uchun U zotga “teng”larni (o‘ylab) topdilar. (Ey Muhammad), ayting: «Foydalanib qolinglar! Hech shubha yo‘qki, oqibat boradigan joyingiz do‘zaxdir».

31. (Ey Muhammad), iymon keltirgan bandalarimga ayting, namozni to‘kis ado qilsinlar hamda oldi-sotdi va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan Kun (qiyomat) kelib qolishidan ilgari Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan maxfiy va oshkora infoq-ehson qilsinlar.

32. Alloh osmonlar va yerni yaratgan va osmondan suv (yomg‘ir-qor) yog‘dirib, uning yordamida sizlarga rizq bo‘ladigan mevalarni chiqargan zotdir. U O’z amri bilan dengizda suzib yurishi uchun kemalarni sizlarga bo‘yinsundirdi. Yana daryolarni ham sizlarga bo‘yinsundirdi.

33. U doimo aylanib turuvchi quyosh va oyni ham sizlar uchun bo‘yinsundirdi (ya’ni, sizlar yaxshi yashashingiz uchun tartib-intizomga solib qo‘ydi). Yana kecha va kunduzni sizlar uchun bo‘yinsundirdi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:23:03 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
34. Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yetolmaysizlar. Haqiqatan, inson zoti o‘ta zolim va juda noshukrdir.

35. (Ey Muhammad), eslang, Ibrohim aytgan edi: «Parvardigorim, bu shaharni (ya’ni Makkani) tinch shahar qilgin, meni va bolalarimni butlarga bandalik qilishdan yiroq qilgin.

36. Parvardigorim, u butlar ko‘pdan-ko‘p odamlarni yo‘ldan ozdirdilar. Bas, kim menga ergashsa, ana o‘sha mendandir (ya’ni mening dinimdadir). Kim menga isyon qilsa, yana O’zing mag‘firatli, mehribonsan (ya’ni, unday kimsalarni ham haq yo‘lga hidoyat qilishga qodirsan).

37. Parvardigoro, albatta men zurriyotimdan (bir bo‘lagini — o‘g‘lim Ismoil va uning onasi Hojarni) Sening hurmatli Bayting huzuridagi ekin o‘smaydigan bir vodiyga joylashtirdim.

I z o h . Rivoyat qilinishicha, Ibrohim alayhis-salomning Hojar ismli xotinlari Ismoil alayhis-salomni tuqqanlarida, Sora (Ibrohim payg‘ambarning boshqa xotinlari) bundan g‘ashlanib, Hojarga rashk qila boshlagan ekan. Shunda Ibrohim alayhis-salom Alloh taolo amri bilan o‘g‘illari Ismoil va uning onasi Hojarni olib, Shomdan Makkaga borib, ularni o‘sha joyga joylashtirib qaytayotib, Tangri taologa iltijo qilib mana shu oyatlarda mazkur bo‘layotgan duolarni o‘qigan ekanlar. Hadisi sharifda zikr qilinishicha, Alloh taolo O’z payg‘ambari Ibrohim alayhis-salomning duolarini ijobat qilib, o‘sha sahrodan «zamzam » chashmasini chiqarib, u yerda qolganlarga obi hayot ato etgan ekan. Parvardigoro, (ular) namozni to‘kis ado qilsinlar deb (shunday qildim). Bas, Sen O’zing odamlarning dillarini ularga moyil qilib qo‘ygil va ularni (barcha) mevalardan bahramand etgil. Shoyad shukr qilsalar.

38. Parvardigoro, albatta Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan, Alloh uchun yeru osmondagi biron narsa maxfiy emasdir.

39. Menga keksalik paytimda Ismoil va Ishoqni hadya qilgan zot — Allohga hamdu sanolar bo‘lsin. Albatta, Parvardigorim barcha duolarni eshitguvchidir.

40. Parvardigorim, meni va zurriyotimdan (bo‘lgan bolalarimni) namozni to‘kis ado etguvchi qilgil. Parvardigoro, duoimni qabul ayla.

41. Parvardigoro, hisob-kitob qilinadigan (qiyomat) kuni meni, ota-onamni va barcha mo‘minlarni mag‘firat qilgil.

42. (Ey Muhammzd), siz hargiz: «Alloh zolim kimsalarning qilayotgan amallaridan g‘ofil», deb o‘ylamang! Faqat Alloh ularni(ng jazolarini) ko‘zlar (dahshatdan) qotib qoladigan (qo‘rqinchli qiyomat) kuniga qoldirmoqda, xolos.

43. (U kuni) ular boshlarini (osmonga) ko‘targan hollarida (chorlangan tomongga xisob-kitob uchun) chopurlar. Ko‘zlari o‘zlariga qaytmaydi (ya’ni, qo‘rquvdan qotib qolib, o‘zlarining qanday holda ekanliklarini ham ko‘rmaydilar). Dillari (dahshatdan) bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolur.

44. (Ey Muhammad), odamlarni ogohlantirib qo‘yingki, ularga azob kelar kunda (qiyomatda) zolim-kimsalar: «Parvardigoro, bizlarga ozgina muhlat bergin, (ya’ni, bizlarni dunyoga qaytarib, ozgina hayot bergin, albatta) Sening da’vatingni qabul qilurmiz va payg‘ambarlaringga ergashurmiz», deydilar. (Shunda ularga javob qilinur): «Ilgari (hayot paytlaringizda) hech qachon zavolga yuz tutmasligingiz (ya’ni, hech qachon o‘lmasligingiz va oxirat jazosiga duchor bo‘lmasligingiz) haqida qasam ichmagan edingizlarmi?!

45. (Axir) sizlar o‘zlariga zulm qilgan kimsalarning maskanlariga (ular zavolga yuz tutganlaridan keyin) joylashgan edingizlar. Ularni qanday (halok) qilganimiz ham sizlarga aniq ma’lum edi. Biz sizlar uchun (qanchadan-qancha) misollar keltirgan edik (lekin sizlar bu ko‘rgan bilganlaringizdan ibrat olmadingiz, haq yo‘lga yurmadingiz)».

46. Darhaqiqat, ular (ya’ni Makka mushriklari) o‘zlarining makr-hiylalarini qildilar. (Lekin) agar ularning makrlari sababli tog‘lar yemirilib ketadigan bo‘lsa-da, ularning (bu) makr-hiylalari Alloh huzurida (ma’lumdir).

I z o h. Bu oyatda mushriklarning Muhammad alayhis-salomga qarshi qilgan hiylanayranglariga va Alloh taolo ularning barcha urinishlarini behuda ketkazganiga ishora qilinmoqda.

47-48. (Ey Muhammad), siz hargiz Allohni o‘z payg‘ambarlariga bergan («Biz albatta payg‘ambarlarimizni g‘olib qilurmiz», degan) va’dasiga xilof qiluvchi, deb o‘ylamang. Albatta, Alloh g‘olibdir va (u) yer boshqa yerga, osmonlar (o‘zga osmonlarga) aylanib qoladigan hamda (barcha odamlar) yolg‘iz va qudratli Allohga rubaro‘ bo‘ladigan kunda (qiyomatda) intiqom olguvchidir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 9:23:19 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
49. (Ey Muhammad), u kunda jinoyatchi kimsalarni kishanlar bilan bog‘langan hollarida ko‘rursiz.

50. Ularning kiyimlari qora moydan bo‘lib, yuzlarini olov o‘rab olur.

51. Alloh har bir jonga qilgan ishiga yarasha jazo berish uchun (mana shunday qayta tiriltirur). Albatta, Alloh juda tez hisob-kitob qilguvchidir.

52. (Qur’on) odamlar ogohlantirilishlari va (Alloh) yagona iloh ekanini bilishlari hamda aql egalari eslatma-ibrat olishlari uchun (Alloh tarafidan nozil qilingan) bir bayonot – xabardir.


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024