Чоршанба, 18.12.2024, 2:06:02

Вы вошли как Mehmon | Группа "Mehmon"Приветствую Вас Mehmon | RSS
Бош сахифа | 07. "A'rof" - Форум | Мой профиль | Регистрация | Выход | Вход
[ Новые сообщения · Участники · Правила форума · Поиск · RSS ]
  • Страница 1 из 1
  • 1
07. "A'rof"
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:02:19 | Сообщение # 1
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
A'ROF SURASI
Makkada nozil bo‘lgan bu sura ikki yuz olti oyatdan tashkil topgan. U payg‘ambarlar haqida batafsil hikoya qilgan birinchi suradir, Unda Nuh, Hud, Solih, Lut, Shuayb va Muso payg‘ambarlarning qissalari so‘zlanadi. Avvalo shayx ul-anbiyo – payg‘ambarlar oqsoqoli Nuh qissasi hikoya qilinib, u zotga o‘z qavmlari tarafidan bo‘lgan qaysarlik va isyonlar natijasida ularning to‘fon balosiga giriftor etilganliklari eslatib o‘tiladi. Bu surada payg‘ambarlardan, xususan, Muso alayhis-salomning qissalari batafsil zikr qilinib, u zot bilan zolim Fir’avn o‘rtasida bo‘lib o‘tgan mojarolarga to‘xtab o‘tiladi va bani Isroilga berilgan noz-ne’matlar, Allohning amr-farmonlaridan bosh tortganlaridan keyin esa boshlariga tushgan balo-musibatlar hikoya qilinadi. Bu surada ham boshqa Makka suralarida bo‘lgani kabi so‘z islomning asosi – mohiyati bo‘lmish Allohning birligi, tirilish va jazo haq ekani hamda vahiy va payg‘ambarlik haqiqati ustida boradi. Suraning avvalida Muhammad alayhis-salomga tushgan mo‘‘jiza — Qur’on haqida so‘zlanib, u butun insoniyat unun buyuk ilohiy ne’mat ekanligi, binobarin, dunyo va oxirat saodatiga erishish uchun uning yo‘l-yo‘riq va pandnasihatlariga amal qilib borish lozimligi uqtiriladi. Yana bu surada Alloh bergan ilmni mol-dunyo topish uchun birovlarga ziyon yetkazish yo‘lida su’iiste’mol qilgan olimlar qattiq qoralanib, ular tillari osilib, hansirab turadigan itlarga o‘xshatiladi. Va nihoyat, bu surada qiyomat kunidagi holat tasvirlanadi. U kuni kishilar uch toifaga bo‘linadilar: hayotlarini iymon va yaxshi amallar bilan o‘tkazgan kishilar ahli jannat, kofirlik va o‘zlariga ham, o‘zgalarga ham yomonlik qilish bilan o‘tgan kimsalar do‘zax egalari bo‘ladilar; qilgan yaxshiliklari bilan yomonliklari barobar kimsalar esa «A’rof» egalari bo‘ladilar. A’rof – jannat bilan do‘zax o‘rtasini ajratib turadigan devor bo‘lib, uchinchi toifaga mansub odamlar uning ustida Alloh o‘zlarini jannatgami yoki do‘zaxgami hukm qilishini kutib turadilar. Bu surada mana shu holatning tasviri o‘z ifodasini topgani uchun «A’rof» deb atalgan.

Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).

1. Alif, Lom, Mim, Sod.

2. (Bu Qur’on) sizga uning yordamida kofirlarni (Allohning azobidan) ogohlantirishingiz uchun nozil qilingan Kitobdir — bas, ko‘nglingizda u sababli tanglik (shubhalanish) bo‘lmasin! — va u mo‘minlar uchun bir eslatmadir.

3. (Ey insonlar), sizlarga Parvardigoringizdan nozil qilingan narsaga (Kitobga) ergashingiz, undan o‘zga «do‘stlarga» ergashmangiz! Kamdan-kam pandnasihat olursizlar.

4. (Bizning amrimizga itoat qilmagan) qanchadan-qancha qishloqni halok qildik – bas, ularga azobimiz tun uyqusida yoki tush uyqusida (ya’ni kunduzi) keldi.

5. Bizning azobimiz kelgan vaqtida ular biron da’vo qila olmadilar, magar «Bizlar o‘zimizga zulm qildik», deya oldilar, xolos.

6. Endi albatta payg‘ambar yuborilgan kishilar bilan ham, yuborilgan payg‘ambarlar bilan ham savol-javob qilurmiz.

7. Endi albatta ularga, bilgan holimizda, (qilib o‘tgan ishlari haqida) so‘ylab berurmiz. (Zotan) Biz g‘oyib — yo‘q emas edik, (balki barcha narsaga guvoh bo‘lib turgan edik).

8. (Amallarni) to‘g‘ri tortishlik o‘sha kuni bo‘lur. Bas, kimning tortilgan (yaxshi amallari) og‘ir kelsa, ana o‘shalar najot topguvchilardir.

9. Kimning tortilgan (yaxshi amallari) yengil bo‘lsa, bas, ular (Bizning oyatlarimizni inkor qilish bilan) zulm qilib o‘tganlari sababli o‘zlariga ziyon qilgan kimsalardir.

10. Aniqki, Biz sizlarni yerda barqaror etib, sizlar uchun unda tirikchilik vositalarini paydo qildik. Kamdan-kam shukr qilursizlar.

11. Aniqki, Biz sizlarni yaratdik, so‘ng sizlarga surat berdik, so‘ngra farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», deyishimiz bilan ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qilguvchilardan bo‘lmadi.

12. (Alloh) dedi: «Senga buyurgan paytimda nima seni sajda qilishdan to‘sdi?» «Men undan (Odamdan) yaxshiroqman. Meni olovdan yaratgansan. Uni esa loydan yaratding», dedi u.

13. (Alloh) dedi: «U holda undan (jannatdan) tushgin! Sen uchun unda kibru havo qilib yurish joiz emas. Bas, chiq! Albatta sen xor bo‘lguvchilardandirsan!»

14. «Menga ular tiriladigan Kungacha (qiyomatgacha yashash uchun) muhlat ber», dedi u.

15. (Alloh) dedi: «Sen muhlat berilganlardansan».

16. U aytdi: «Qasamki, endi meni yo‘ldan ozdirganing sababli mudom Sening to‘g‘ri yo‘ling ustida ularni (Odam bolalarini) kutib o‘tirurman.

17. So‘ngra ularga oldilaridan va ortlaridan, o‘ngu so‘llaridan kelib (to‘g‘ri yo‘ldan ozdirurman) va (oqibatda) ularning ko‘plarini (bergan ne’matlaringga) shukr qilgan hollarida topmaysan».

18. (Alloh) aytdi: «Undan (jannatdan) jirkanch va mag‘lub holda chiq! Qasamki, ulardan kimda-kim senga ergashsa, albatta jahannamni sizlarning barchalaringiz (sen va senga ergashganlar) bilan to‘ldirurman.

19. Ey Odam, sen esa jufting (Havvo) bilan jannatni maskan tutib, xohlagan joyingizdan taomlaning. Faqat mana bu daraxtga yaqinlashmangki, u holda zolimlardan bo‘lib qolursiz.

20. So‘ng shayton ularni berkitilgan avratlarini ochib yuborish uchun vasvasaga soldi va: «Parvardigoringiz faqat farishtalarga aylanmasligingiz yoki (jannatda) abadiy yashab qolmasligingiz uchungina sizlarni bu daraxtdan qaytardi», dedi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:02:41 | Сообщение # 2
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
21. Va ularga: «Albatta men sizlarga xolislardanman», deb qasam ichdi.

22. Bas, aldov bilan ularni (tuban holatga) tushirib qo‘ydi. O’sha daraxtdan totib ko‘rishlari bilanoq avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. (Shunda) ularga Parvardigorlari nido qilib (dedi): «Sizlarni bu daraxtdan qaytarmaganmidim va albatta shayton sizlarning ochiq dushmaningiz demaganmidim?!»

23. Ular: «Parvardigoro, bizlar o‘z jonimizga jabr-zulm qildik. Agar bizlarni mag‘firat va rahm qilmasang, shubhasiz, ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurmiz», dedilar.

24. Alloh aytdi: «Bir-biringizga (ya’ni shayton insonga, inson shaytonga) dushman bo‘lgan holingizda (jannatdan) tushingiz! Endi sizlar uchun ma’lum bir vaqtgacha (ya’ni ajalingiz yetguncha) yerda qaror topib foydalanish bor.

25. Unda yashaysizlar va unda o‘lursizlar va undan (hisob-kitob uchun) chiqarilursizlar, dedi U.

26. Ey Odam bolalari, Biz sizlarga avratlaringizni berkitadigan libosni ham, yasan-tusan (libosini) ham tushirdik. (Hammasidan) yaxshiroq libos taqvo libosidir. Bu — Allohning (fazlu marhamatiga dalolat qilguvchi) oyatlaridandir. Shoyad eslatma (pand-nasihat) olsalar.

27. Ey Odam bolalari, shayton Otalaringizning avratlarini o‘zlariga ko‘rsatish (ya’ni uyatli ahvolga solib qo‘yish) uchun liboslarini yechib, jannatdan chiqargani kabi sizlarni ham aldab qo‘ymasin! Chunki u va uning malaylari sizlarni o‘zingiz bilmaydigan tarafdan ko‘rib turadilar (ya’ni qanday aldashganini sezmay qolishingiz mumkin). Albatta Biz shaytonni iymonsiz kimsalarga do‘st qilib qo‘yganmiz.

28. Ular qachon biron buzuq ish qilsalar (masalan, ular Ka’bani yalang‘och hollarida tavof qilar edilar): «Ota-bobolarimizni shunday holda topganmiz. Buni bizga Alloh buyurgan, deydilar. Ayting (ey Muhammad): «Alloh hech qachon bunday buzuq ishlarga buyurmaydi. Alloh sha’niga (o‘zingiz) bilmaydigan narsalarni aytaverasizlarmi?!

29. Ayting: «Parvardigorim adolatga buyurgandir. Har bir sajda chog‘ida o‘zlaringizni tikib qo‘yingiz (ya’ni bor vujudingiz bilan sidqidildan sajda qilingiz) va U zotga diningizni xolis qilgan holda iltijo etingiz. Sizlarni boshlab yaratgan holiga qaytursiz. (Ya’ni avval sizlardan yo‘qdan bor qilgani kabi qiyomat kunida yana hisob-kitob uchun qabrlaringizdan chiqarur.)

30. U bir guruhni hidoyat qildi, boshqa bir guruhga esa yo‘ldan ozish haq bo‘ldi. Chunki ular Allohni qo‘yib, shaytonni do‘st tutinib olganlar-da, yana o‘zlarini hidoyat topguvchilar, deb hisoblaydilar.

31. Ey Odam bolalari, har bir sajda chog‘ida ziynatlaningiz (ya’ni toza libosda bo‘lingiz) hamda (xoxlaganingizcha) yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar. Zotan, U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas.

32. Ayting: (ey Muhammad): «Alloh bandalari uchun chiqargan bezak (liboslarni) va halol-pok rizqlarni kim harom qildi?!» Ayting: «Ular (ya’ni bezak va halol rizqlar) hayoti do‘nyoda iymon egalari uchun (bo‘lib, kofirlar ham ularga sherik bo‘lur), qiyomat kunida esa faqat (mo‘minlarning) o‘zlariga xosdir». Biladigan qavm uchun oyatlarni mana shunday mufassal qilurmiz.

33. Ayting: «Parvardigorim faqatgina oshkor va yashirin buzuqliklarni, (barcha) gunoh ishlarni, nohaq zulm qilishni va Allohga (sherik ekanligiga) hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni Unga sherik qilib olishingizni hamda Alloh sha’niga bilmaydigan narsalarni gapirishingizni harom qilgan, xolos.

34. Har bir jamoat uchun ajal bordir. Bas, qachon ularga ajallari kelsa, uni biron soatga ketga ham, ilgariga ham sura olmaydilar.

35. Ey Odam bolalari, har qachon sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan payg‘ambarlar Mening oyatlarimni so‘zlagan hollarida kelganlarida kimda-kim (shirkdan) saqlanib, o‘zini o‘nglab olsa, ularga xavf-xatar yo‘qdir va ular g‘amgin bo‘lmaydilar.

36. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan va ulardan kibru havo bilan (yuz o‘girgan) kimsalar esa do‘zax egalaridir. Ular u joyda (do‘zaxda) abadiy qolguvchidirlar.

37. Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘on degan kimsadan ham zolimroq kim bor?! Ularga yozilmish — kitobdan bo‘lgan rizqro‘ zlari yetib-bitgach, jonlarini olguvchi elchilarimiz — o‘lim farishtalari kelib: «Allohni qo‘yib, iltijo qilib o‘tgan butlaringiz qani (kelib sizlarny o‘limdan qutqarmaydilarmi?)», deganlarida, ular: «Bizdan g‘oyib bo‘lib qoldilar», deyishadi va o‘zlarining ziyonlariga — kofir bo‘lganliklariga guvohlik berishadi.

38. (Alloh) aytur: «Sizlardan ilgari o‘tgan jin va insdan iborat (kofir) millatlar bilan birga do‘zaxga kiringiz!» Qachon bir jamoat (o‘sha do‘zaxga) kirganida, sherigini (ya’ni o‘zini yo‘ldan urganlarni) la’natlaydi. Qachonki unda (do‘zaxda) hammalari topishishgach, keyingilari (ergashganlar) avvalgilari (boshliqlari) haqida: «Parvardigoro, ana o‘shalar bizlarni yo‘ldan ozdirganlar, bas, ularga do‘zax azobini ikki barobar qilgin», deydilar. (Alloh) aytur: «Har biringiz uchun ikki barobar azob bo‘lur, lekin sizlar bilmaysizlar».

39. Avvalgilari esa keyingilariga: “Sizlarning bizdan biron afzallik tomonlaringiz yo‘qdir, bas, qilib o‘tgan gunohlaringizga yarasha azobingizni totaveringlar” deydilar.

40. Albatta, oyatlarimizni yolg‘on degan va ulardan kibr-havo bilan (yuz o‘girgan) kimsalar uchun hargiz samo eshiklari ochilmas va toki tuya igna teshigidan o‘tmas ekan, ular ham jannatga kira olmaslar (ya’ni hech qachon kirmaslar). Jinoyatkor — osiylarni mana shunday jazolagaymiz.

41. Ular uchun jahannamdan to‘shak, ustlaridan esa (olovdan bo‘lgan) choyshablar bo‘lur. Zolimlarni mana shunday jazolagaymiz.

42. Iymon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlar — hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz – ular jannat egalari bo‘lib, unda abadiy qolajaklar.

43. Ostlaridan daryolar oqib turar ekan, ularning ko‘ngillaridan (bir-birlariga nisbatan bo‘lgan) g‘illu g‘ashliklarni tortib olurmiz va ular: «Bizlarni bu (ne’matlarga) yo‘llagan zot — Allohga hamdu-sano bo‘lgay. Agar bizni Alloh hidoyat qilmaganida, hargiz yo‘l topa olmas edik. Haqiqatan Parvardigorimizning payg‘ambarlari haq dinni keltirgan ekanlar», deydilar va ularga: «Qilib o‘tgan (yaxshi) amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir», deb nido qilinur.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:04:44 | Сообщение # 3
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
44-45. (Shunda) jannat egalari do‘zax egalariga qarab: «Bizlar parvardigorimiz bergan va’daning (ya’ni jannat va undagi ne’matlarning) haq ekanini ko‘rdik, sizlar ham Parvardigoringiz va’da qilgan narsaning (ya’ni do‘zax va undagi azob-uqubatlarnish) xaq ekanini ko‘rdingizmi?!» deganlarida, ular: «Ha», deydilar. Bas, ularning o‘rtalarida bir jarchi: «Allohning yo‘lidan to‘sadigan va uni buzishni istaydigan, o‘zlari oxiratga ishonmaydigan kimsalar bo‘lgan zolimlarga Allohning la’nati bo‘lgay», deb jar solur.

46. Ularning (jannat egalari bilan do‘zax egalarining) o‘rtalarida to‘siq bo‘lib, u devorlar ustida hammani (ya’ni jannatilarni ham, duzaxilarni ham) siymolaridan tanib oladigan kishilar bo‘lur. Ular jannat egalariga: “Sizlarga tinchlik bo‘lgay”, deydilar. O’zlari esa tama’ qilgan — istagan hollarida, unga (jannatga) kira olmaydilar.

47. Qachon ko‘zlari do‘zax egalari tarafga burilib qolsa: “Parvardigoro, bizlarni bu zolim qavm bilan birga qilib qo‘ymagaysan”, deydilar.

48-49, A’rof egalari (ya’ni qilgan yaxshi amallari bilan yomon amallari barobar kelib, jannati ham, do‘zaxi ham bo‘lmay o‘rtada a’rof – devorlar ustida turgan kishilar) siymolaridan tanib olgan kishilariga (ya’ni do‘zaxilarga) nido qilib dedilar: «To‘plagan molu dunyoingiz va qilgan kibru havoyingiz sizlarga asqotmabdi-ku! Sizlar: «Alloh ularga biron rahmat-marhamat yetkazmaydi, deb qasam ichgan kishilar ana u (hayoti dunyodan kambag‘al-bechoralik bilan o‘tgan mo‘min-musulmon)larmi? (Axir ularga) «Sizlar uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q va sizlar hech g‘amgin bo‘lmaysizlar» (deyildi-ku)?!

50-51. Do‘zax egalari jannat egalariga: “Bizlarga ham suvdan yo Alloh sizlarni bahramand qilgan narsalardan to‘kinglar», deb nido qilganlarida, ular: «Alloh bu ne’matlarini dinlarini hazil-mazax qilib olgan va hayoti dunyoga aldanib qolgan kofirlarga harom qilgandir», dedilar. Bas bu KUN ular bugungi uchrashuvni unutib qo‘yganlari va Bizning oyatlarimizni inkor qiluvchi bo‘lganlari kabi Biz ham ularni «unutib qo‘yarmiz».

52. Haqiqatan Biz ularga (Makka axolisiga) iymon keltiruvchi qavm uchun hidoyat va rahmat bo‘lgan va O’z bilimimiz bilan mufassal qilgan bir Kitob (Qur’on) keltirdik.

53. Ular esa (bu Kitobning) ta’viyl-oqibatini (ya’ni undagi oyatlar haq ekanligi isbotlanishini) kutadilar, xolos. Uning ta’viyli keladigan KUNda ilgari uni unutgan (ya’ni undan yuz o‘girgan) kimsalar: «Parvardigorimizning payg‘ambarlari haq dinni keltirgan ekanlar, endi bizni oqlaydigan oqlovchilar bormikan yoki qilib o‘tgan (yomon) ishlarimizdan boshqa (ezgu) amallarni qilish uchun (yana dunyoga) qaytarilarmikanmiz», deb qoladilar. Ular haqiqatan o‘zlariga ziyon qildilar va o‘zlari to‘qib olgan butlari ulardan g‘oyib bo‘ldi.

54. Albatta, Parvardigoringiz – Alloh shunday zotdirki, osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra O’z arshiga o‘rnashdi. U kechani (qorong‘ulikni) kunduzga o‘rar (va kecha kunduzni) shoshilgan holda quvib yurar. U quyosh, oy va yulduzlarni O’z amriga bo‘ysundirilgan holda (yaratdi). Ogoh bo‘lingizkim, yaratish va buyurish faqat Unikidir. Barcha olamlar Parvardigori — Alloh buyukdir.

55. Parvardigoringizga tazarru bilan ichingizda (maxfiy) iltijo qilingiz! Zotan, u haddan oshuvchi kimsalarni (ya’ni el ko‘ziga ko‘rsatish uchun riyokorlik qiluvchilarni) sevmas.

56. Va (Allohning dini bilan) o‘nglab qo‘yilganidan keyin, yerda (kufr yo‘lini tutib) buzgunchilik qilmang! U zotga (azobidan) qo‘rqib, (rahmatidan) umidvor bo‘lgan holingizda ibodat qilingiz! Zero Allohning rahmati chiroyli amal qiluvchilarga yaqindir.

57. U shunday zotki, O’z rahmatining (ya’ni yomg‘irning) oldidan xushxabar qilib shamollarni yuborur. Qachonki ular vazmin bulutlarni ko‘tarib kelgach, Biz uni (bulutni, chanqoq) o‘lik shaharga yog‘dirurmiz. Bas, unga suv-yomg‘ir yog‘dirib, uning yordamida har turli mevalar chiqarurmiz. O’liklarni ham (o‘z joylaridan) mana shunday chiqarurmiz. Shoyad eslatma-ibrat olsangizlar.

58. Pok shahar yerning giyohi Parvardigorining izni-irodasi bilan (oson) unib chiqur. Nopok (ya’ni sho‘r, toshloq) yerniki esa faqat qiyinchilik – mashaqqat bilangina chiqur. Shukr qiladigan qavm uchun oyat-alomatlarimizni mana shunday bayon qilib berurmiz.

I z o h . Mazkur oyat pand-nasihatni olib, unga amal qilguvchi iymonli kishi bilan nasihatni olmaydigan va eshitgan gapidan ta’sirlanmaydigan diyonatsiz kimsa haqidagi ibratli misoldir.

59. Qasamki, Nuhni o‘z qavmiga payg‘ambar qildik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar! Sizlar uchun Undan o‘zga biron Iloh yo‘qdir. Albatta, men sizlarning buyuk KUN (qiyomat kunining) azobiga giriftor bo‘lishingizdan qo‘rqaman», dedi.

60. (Shunda) uning qavmidan (zodagon) odamlar: «Biz sening ochiq zalolatda ekanligingni ko‘rmoqdamiz», deyishdi.

61. U aytdi: «Ey qavmim, men mutlaqo zalolatda emasman, balki men barcha olamlarning Parvardigori tarafidan yuborilgan payg‘ambarman!

62. Men sizlarga Parvardigorimning vazifalarini (buyurganlarini) yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman hamda Alloh tarafidan sizlar bilmaydigan narsalarni bilurman.

63. Sizlarni (oxirat azobidan) ogoxlantirish uchun va taqvodor bo‘lishingiz hamda (Allohning) rahmatiga erishishingiz uchun Sizlarga Parvardigoringizdan bo‘lgan eslatma (ogohlantirish) o‘zingizdan bo‘lgan bir kishi zimmasida (ya’ni mening zimmamda) kelganidan ajablandingizmi?»

64. Bas, uni yolg‘onchi qildilar. Shunda Biz uni va u bilan birga bo‘lgan (unga iymon keltirgan) zotlarni kemada qutqardik va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarni g‘arq qilib yubordik. Chunki ular (ko‘ngillari) ko‘r bo‘lgan qavm edilar.

65. Od qavmiga o‘z birodarlari Hudni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Uning azobidan qo‘rqmaysizlarmi?!»

66. (Shunda) uning qavmidan kofir bo‘lgan odamlar: «Biz sening nodon ekaningni ko‘rib turibmiz va albatta biz seni yolg‘onchilardan, deb gumon qilmoqdamiz», deyishdi.

67. U aytdi: «Ey qavmim, men nodon emasman, balki men barcha olamlar Parvardigori tarafidan yuborilgan payg‘ambarman.

68. Men sizlarga Parvardigorimning vazifalarini (buyurganlarini) yetkazurman va men sizlar uchun ishonchli nasihat qilguvchiman.

69. Sizlarga Parvardigoringizdan bo‘lgan eslatma (sizlarni oxirat azobidan) ogoxlantirish uchun o‘zingizdan bo‘lgan bir kishi zimmasida kelganidan ajablandingizmi? (Alloh) sizlarni Nuh qavmidan keyin xalifa (o‘rinbosar) qilib qo‘yganini va kuch-quvvatingizni ziyoda qilib yaratganini eslangiz! Bas, Allohning ne’matlarini eslangiz, shoyad najot topursiz.

70. Ular: «Sen bizga, yolg‘iz Allohga ibodat qilishimiz va ota-bobolarimiz sig‘inib o‘tgan butlarni tark qilishimiz uchun keldingmi? U xolda, agar rostgo‘y kishilardan bo‘lsang, bizga va’da qilayotgan narsangni (ya’ni Allohning azobini) keltirgin-chi?» dedilar.

71. U aytdi: «Endi ustingizga Parvardigoringiz tomonidan azob va g‘azab tushishi aniq bo‘ldi. Men bilan o‘zingiz va ota-bobolaringiz qo‘yib olgan (butlaringizning nomlari haqida bahslashmoqchimisizlar? Axir Alloh (ularga ibodat qilish haqida) biron hujjat tushirmagan-ku?! U holda (Allohning azobiga) ko‘z tutaveringlar, men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman»

72. Bas, unga (Hudga) va u bilan birga bo‘lgan (mo‘min zotlarga) O’z rahmatmarhamatimiz bilan najot berdik va Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarning dumlarini qirqdik (halok qildik). Ular mo‘min emas edilar.

73. Samud qavmiga o‘z birodarlari Solihni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlarga Parvardigoringiz tomonidan hujjat — mana bu Alloh (yuborgan) tuya sizlar uchun oyat — mo‘‘jiza bo‘lib keldi. Bas, uni Allohning yerida yeb-ichib yurgan holida qo‘yib yuboringlar va unga biron yomonlik yetkazmanglarki, u holda sizlarni alamli azob ushlaydi (azobga yo‘liqasizlar)».


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:05:07 | Сообщение # 4
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
z o h . Rivoyat qilishlaricha, Solih payg‘ambarning qavmi undan haq payg‘ambar ekanligini tasdiqlovchi biron mo‘‘jiza ko‘rsatishni talab qilganlarida payg‘ambar ularning ko‘z o‘nglarida bir xarsang toshni tirik tuyaga aylantiradilar va uni so‘ymay-o‘ldirmay o‘z holiga tashlab qo‘yishlarini buyuradilar. Aks holda, boshlariga balo kelishi haqida ularni ogohlantiradilar.

74. «Sizlarni Od (qavmi)dan keyin xalifa qilib qo‘yganini va sizlarga yerning tekisliklarida (yozlik) qasrlar qurib olishingiz, tog‘lik joylarida (qishlik) boshpanalar yo‘nib (tiklab) olishingiz uchun maskan berganini eslangiz! Bas, Allohning ne’matlarini eslangiz va yerda buzg‘unchilik qilib sanqib yurmangiz!»

75. (Shunda) uning qavmidan bo‘lgan mutakabbir kimsalar bechoralariga — ularning oralaridagi mo‘min bo‘lgan zotlarga: «Solihni Parvardigori tarafidan yuborilgan payg‘ambar deb bilurmisiz?» deyishdi. Ular aytdilar: «Albatta, biz uning vositasida yuborilgan narsaga (dinga) iymon keltirguvchimiz».

76-77. Mutakabbir kimsalar esa: «Biz sizlar iymon keltirgan dinga kofirmiz», deyishdi-da, tuyani so‘yib yuborishdi va Parvardigorlarining amridan yuz o‘girishdi, keyin: «Ey Solih, agar payg‘ambarlardan bo‘lsang, bizga va’da qilgan narsangni (ya’ni Allohning azobini) keltir-chi?» deyishdi.

78. Bas, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida to‘kildilar (halok bo‘ldilar).

79. Keyin (Solih) ulardan yuz o‘girib (o‘zicha) dedi: «Ey qavmim, mana, men sizlarga Parvardigorimning dinini yetkazdim va sizlarga nasihatlar qildim. Lekin sizlar xolis nasihat qilguvchilarni sevmaysiz».

80-81. Lut (payg‘ambar) o‘z qavmiga: «Shunday buzuqlik qilasizlarmi? Axir sizlardan ilgari butun olamlardan biron kimsa bunday qilmagan edi-ku?! (Nahotki) sizlar xotinlaringizni qo‘yib, nafsingizni qondirish uchun erkaklarga borsangiz?! Yo‘q, sizlar haddan oshuvchi qavmdirsiz», deganini eslang!

82. Qavmning javobi esa faqat mana bundan iborat bo‘ldi: «Ularni (ya’ni Lut va tobe’larini) qishlog‘ingizdan chiqarib yuboringiz! Chunki ular haddan ortiq pokiza odamlar ekan».

83. Bas, unga va ahliga (ya’ni Lut va unga tobe’ bo‘lgan zotlarga) najot berdik. Magar uning xotini (najot topmadi, chunki u) qolib halok bo‘lguvchilardan edi.

84. Ularning ustiga dahshatli yomg‘ir — tosh yog‘dirdik. Ana endi jinoyatchi — osiy qavmning oqibati (qismati) qanday bo‘lganini ko‘ring.

85. Madyan qavmiga o‘z birodarlari Shuaybni (payg‘ambar qildik). U aytdi: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilingiz! Sizlar uchun Undan o‘zga biron iloh yo‘qdir. Sizlarga Parvardigoringiz tarafidan hujjat (ya’ni din) keldi. Bas, o‘lchov va tarozini komil qilib (tortingiz) va odamlarning haqlaridan urib qolmangiz hamda yer (payg‘ambarlar yuborish bilan) o‘nglab qo‘yilganidan keyin, unda (kofirlik bilan) buzg‘unchilik qilib yurmanglar. Agar mo‘min bo‘lsangizlar, mana shu o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir.

86. Har ko‘chada (kishilarni) qo‘rqitib va Allohga iymon keltirgan zotlarni Uning yo‘lida to‘sib hamda u yo‘lni buzishga harakat qilib o‘tirmangiz! Ozchilik (ya’ni kuch-quvvatsiz, nochor) bo‘lgan paytingizda sizlarni ko‘paytirganini (ya’ni kuch-qudratli, aziz qilganini) eslang va buzg‘unchi kimsalarning oqibati (qismati) qanday bo‘lganini ko‘ring.

87. Agar sizlardan bir toifa men bilan yuborilgan dinga iymon keltiruvchi bo‘lib, boshqa bir toifa esa iymon keltirmasa, u holda to Alloh o‘rtamizda O’z hukmini chiqargunicha (ya’ni kim haq, kim nohaq ekanligi ma’lum bo‘lgunicha) sabr qilingiz. U hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idir».

TO'QQIZINCHI JUZ’

88—89. (Shunda) uning qavmidan bo‘lgan mutakabbir kimsalar: «Ey Shuayb, yo seni va sen bilan birga iymon keltirgan kishilarni qishlog‘imizdan haydab chiqaramiz, yoki sizlar bizning dinimizga qaytasizlar», deyishdi. U aytdi: «Agar (diningizni) yomon ko‘rsak ham-a? Agar Alloh bizga o‘sha diningizdan najot berganidan keyin yana unga qaytsak, Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan bo‘lamizku? (Ya’ni aslida bo‘lmagan narsalarni Allohga sherik qilgan bo‘lamiz-ku?) Biz uchun u dinga qaytish joiz emas, magar Parvardigorimiz — Alloh (bizni yo‘ldan ozdirishni) xoxlasagina (qaytishimiz mumkin). Parvardigorimizning ilmi hamma narsani qamrab olgandir. Allohning O’ziga tavakkul qildik (suyandik). Parvardigoro, biz bilan qavmimiz o‘rtasida haq hukm qilgaysan. O’zing hukm qilguvchilarning yaxshirog‘idirsan».

90. (Shunda uning) qavmidan kofir bo‘lgan kimsalar: «Qasamki, agar Shuaybga ergashsanglar, albatta ziyon ko‘rguvchi bo‘lursizlar», deyishdi.

91. Bas, ularni dahshatli zilzila tutib, turgan joylarida to‘kildilar (xalok bo‘ldilar).

92 Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalar go‘yo u yerda yashamagandek bo‘lib qoldilar. Shuaybni yolg‘onchi qilgan kimsalarning o‘zlari ziyon ko‘rguvchi bo‘ldilar.

93. Keyin (Shuayb) ulardan yuz o‘girib, (o‘zicha) dedi: «Ey qavmim, mana, men Parvardigorimning dinini sizlarga yetkazdim va nasihatlar qildim. Endi shuncha va’z-nasihatlardan keyin ham kofir (bo‘lgan) qavmga qanday qayg‘ururman?

94. Biz biron qishloqqa (joyga) payg‘ambar yuborsak (va u yerdagi odamlar biz yuborgan payg‘ambarga iymon keltirishmasa) albatta uning ahlini tavbatazarru qilishlari uchun qashshoqlik va musibatlar bilan ushlaganmiz.

95. So‘ngra o‘sha yomonlik o‘rniga yaxshilikni (boy-badavlatlik va xotirjamlikni) almashtirib qo‘ydik. Hatto ko‘payishib ketganlarida va: «Bunday qiyinchilik va kengchiliklar ota-bobolarimizga ham yetgay (ya’ni bizning dinsizligimizning bu ishlarga hech qanday aloqasi yo‘q, balki dunyoning tartibi o‘zi shunaqa – bir tanglik kelsa, bir mo‘l-ko‘lchilik bo‘ladi)», deyishgach, ularni o‘zlari sezmagan hollarida to‘satdan (biron balo-halokat bilan) ushladik.

96. Agar u qishloqlarning (joyning) axli iymon keltirib, taqvodor bo‘lganlarida edi, albatta Biz ularga osmonu yerdan barakot (darvozalarini) ochib qo‘ygan bo‘lur edik. Lekin ular (payg‘ambarlarimizni) yolg‘onchi qildilar, bas, ularni o‘zlari qilgan gunoxlari sababli ushladik.

97. U qishloqlarning axli balo-qazoyimiz tunda, uxlayotgan hollarida kelib qolishidan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? (Kutmaganmidilar?)

98. Yoki u qishloqlarning ahli balo-qazoyimiz choshgoh paytida, o‘yin-kulgi qilayotgan hollarida kelib qolishidan xotirjammilar?

99. Ular Allohning «makri»dan xotirjam bo‘lib qoldilarmi? Bas, Allohning «makri»dan faqat ziyon ko‘rguvchi qavmgina xotirjam bo‘lur.

100. Bu yerga (ilgarigi) egalaridan keyin merosxo‘r bo‘layotgan kimsalarni, agar xohlasak, gunoxlari sababli musibat yetkazib qo‘yishimiz ma’lum emasmi? Biz ularning dillarini (ana shunday) muhrlab qo‘yurmiz. So‘ng ular (hech qanday pand-nasihatga) quloq solmay qo‘yadilar.

101. (Ey Muhammad), sizga o‘sha qishloqlar — ularning xabarlaridan so‘ylayotirmiz. Albatta ularga payg‘ambarlari hujjat-mo‘‘jizalar keltirganlar, ammo ular ilgari (ya’ni mo‘‘jizalar kelmay turib, payg‘ambarlarini) yolg‘onchi qilganlari sababli (mo‘‘jizalar kelgandan keyin ham) iymon keltiruvchi bo‘lmadilar. Alloh kofirlarning ko‘ngillarini ana shunday muhrlab qo‘yur.

102. Ularning aksarida biron ahd (ya’ni ahdga vafodorlikni) topmadik va mudom ularning aksarini itoatsiz holda topdik.

103. So‘ngra – ulardan keyin Musoni O’z oyatlarimiz bilan Fir’avn va uning odamlariga yuborgan edik, ular (u oyatlarga) zolim-kofir bo‘ldilar. Ana endi buzg‘unchilarning oqibatlari qanday bo‘lganini ko‘ring.

104. (Muso) dedi: «Ey Fir’avn, albatta men barcha olamlarning Parvardigoridan elchiman.

105. Mening zimmamda Alloh sha’niga faqat haqni aytish bordir. Mana, sizlarga parvardigoringizdan hujjat keltirdim. Bas, endi bani Isroilni men bilan birga (o‘z yurtlariga) jo‘natgin».

I z o h . Mufassirlarning yozishlaricha, asli avlodlari Muqaddas Zamin (Shom)dan bo‘lgan bani Isroil qavmining Misrga o‘rnashib qolishlariga sabab — Yusuf alayhis-salomning zamonlarida Ya’qub alayhis-salomning urug‘-avlodlari Misrga kelishib, shu yerda uy-joy, bola-chaqa qilib qolib ketadilar. Qachonki davlat ustiga Fir’avn kelgach, ularni qul qilib, eng og‘ir ishlarda ishlata boshladi. Shunda Muso payg‘ambar bani Isroilni bu asirlikdan qutqarib, ota-bobolarining vatani Muqaddas Zamin (Shom)ga olib ketmoqchi bo‘ladi. Endi quyidagi oyatlarda Muso keltirgan mo‘‘jizalar bayon qilinadi.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:05:25 | Сообщение # 5
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
106. (Fir’avn): «Agar rostgo‘y kishilardan bo‘lib, oyat-mo‘‘jiza bilan kelgan bo‘lsang, qani, uni keltir», dedi.

107. Shunda (Muso tutib turgan) asosini tashlagan edi, banogoh u aso rostakam ajdarga aylandi.

108. Keyin qo‘lini (cho‘ntagidan) chiqargan edi, banogoh u qarab turganlarga (kundan ham) oq bo‘lib ko‘rindi (holbuki, Muso qoramag‘iz odam edi).

109. Fir’avn qavmidan (ya’ni qibtiylardan) bo‘lgan kimsalar: «Shubhasiz, bu (Muso o‘tkir sehrgardir)», dedilar.

110. Fir’avn aytdi: «U sizlarni o‘z yerlaringizdan chiqarmoqchi, nima deysizlar?»

111-112. Ular dedilar: «Uni va akasi (Horun)ni qo‘yib turgin-da, hamma shaharlarga (sehrgarlarni) yig‘ib keladigan kishilarni yuborgin, ular senga jami o‘tkir sehrgarlarni keltirsinlar».

113. (Shundan keyin) sehrgarlar Fir’avn oldiga kelishib: «Agar biz g‘olib bo‘lsak, albatta (katta) mukofot (berursan)», deyishdi.

114. U: «Ha, (agar g‘olib bo‘lsangizlar), albatta sizlar mening yaqinlarimdan bo‘lursizlar», dedi.

115. Ular aytdilar: «Ey Muso, yo sen (qo‘lingdagi asoni) tashla, yoki biz (o‘zimizning qo‘limizdagi narsalarimizni) tashlaymiz».

116. U (Muso): «Sizlar tashlanglar», dedi. Bas, ular tashlaganlarida, odamlarni ko‘zlarini bo‘yab dahshatga solib qo‘ydilar va zo‘r sehr ko‘rsatdilar.

I z o h . Hikoya qilishlaricha, shahar chetidagi bir vodiyga to‘plangan xaloyiq oldida minglab sehrgarlar qo‘llaridagi tayoqcha va iplarini tashlaganlarida butun vodiy ustmaust mingashib-qalashib yotgan ilonlarga to‘lib ketgan ekan. Odamlar bu holdan dahshatga tushib qoladilar, hatto Muso payg‘ambarni ham xavotir egallab oladi shunda...

117. Biz Musoga: «Asoyingni tashlagin», deb vahiy yubordik. Banogoh u (ajdarga aylangan hassa) ularning «uydirma»larini yuta boshladi.

118. Bas, haqiqat qaror topdi, ularning qilgan harakatlari esa botil bo‘ldi.

119. Bas, u yerda (Fir’avn va uning tarafdorlari) mag‘lub bo‘lishib, beobro‘ bo‘lgan hollarida (shaharga) qaytdilar.

120-121-122. (Shu payt) u sexrgarlar sajda qilgan hollarida yerga tashlanib: «Barcha olamlarning Parvardigoriga — Muso va Horunning Parvardigoriga iymon keltirdik», dedilar.

123-124. Fir’avn aytdi: «Men izn bermay turib unga iymon keltirdingizmi?! Shubhasiz, bu (qilmishingiz) ushbu shahardan uning aholisini chiqarish uchun qilgan makringizdir. Endi yaqinda bilursiz — albatta oyoq-qo‘llaringizni qarama-qarshisiga (o‘ng qo‘l, chap oyog‘ingizni) kesurman, so‘ngra sizlarning barchangizni dorga osurman».

125. Ular dedilar: «Albatta bizlar Parvardigorimizga qaytguvchimiz (bas, sen bizni o‘lim bilan qo‘rqita olmaysan).

126. Sen bizdan faqatgina Parvardigorimizning oyatlari kelganda ularga iymon keltirganimiz uchungina o‘ch olmoqdasan. Parvardigoro, ustimizdan sabru toqatni yog‘dirgaysan va bizlarni faqat musulmon bo‘lgan holimizda o‘ldirgaysan!»

I z o h . Islom ta’limotiga ko‘ra, Odam Atodan tortib to Muhammad alayhis-salomgacha barcha payg‘ambarlar musulmonlikka, ya’ni yagona Allohning O’ziga bandalik qilib bo‘yinsunishga da’vat qilganlar. Ular go‘yo bir zanjir bo‘lib, u zanjirning birinchi halqasi Odam alayhis-salom bo‘lsalar, oxirgi halqasi Muhammad alayhis-salomdir. Shuning uchun Muso payg‘ambarga iymon keltirgan kishilar ham Alloh taolodan faqat uning O’ziga bo‘yinsunuvchi, ya’ni musulmon bo‘lgan hollarida jonlarini olishni iltijo qildilar.

127. (Shunda) Fir’avn qavmidan bo‘lgan odamlar: «Ey Fir’avn), Muso va qavmining yerda buzg‘unchilik qilib yurishiga hamda seni va xudolaringni tark etishiga qo‘yib berasanmi?» deyishganida, u dedi: «Ularning o‘g‘illarini o‘ldirib, ayollarini tirik qoldirajakmiz. Albatta, biz ularning ustida g‘olibdurmiz».

128. (Fir’avnning so‘zlaridan dahshatga tushib ketganlarida,) Muso qavmiga dedi: «Allohdan madad tilab, sabr-toqat qilingiz! Bu yer shak-shubhasiz Allohnikidir. Uni O’zi xohlagan bandalariga meros qilib berur. Oqibat-natija esa taqvodorlarniki (Allohdan qo‘rqqanlarniki) bo‘lur».

129. Ular aytdilar: «Sen bizga (payg‘ambar bo‘lib) kelishingdan ilgari ham (ya’ni o‘shanda ham Fir’avn o‘g‘illarimizni o‘ldirib, ayollarimizni tirik qoldirib, zulm qilgan edi), sen kelganingdan keyin ham ozor ko‘rdik». U (Muso) dedi: «Shoyad Parvardigoringiz dushmanlaringizni halok etib, sizlarni bu yerga xalifa qilsa va qanday amallar qilishingizni ko‘rsa».

130-131. Qasamki, Biz Fir’avn odamlarini pand-nasihat olishlari uchun (qahatchilik) yillari bilan va meva-chevalarning hosilini kamaytirish bilan ushladik. Shundan keyin ham qachon ularga yaxshiligimiz (osoyishta hayot, unumdorlik) kelsa: «Bunga o‘zimiz haqdormiz», deyishdi. Agar ularga biron yomonlik yetib qolsa, Muso va u bilan birga (unga iymon keltirgan) kishilardan badgumon bo‘ldilar. Ogoh bo‘lsinlarki, albatta ularning rizqu nasibalari faqat Allohning huzuridadir. Lekin ularning ko‘plari (buni) bilmaydilar.

132-133. Ular (Musoga): «Bizlarni sehrlash uchun qanday oyat-mo‘‘jiza keltirsang ham biz senga hargiz iymon keltirguvchi emasmiz», deganlaridan keyin ustlariga to‘fon (sel), chigirtka, bit, baqa va qon (balolarini) ochiq oyatmo‘‘ jizalar qilib yubordik. (Lekin) ular kibr-havo qildilar va jinoyatchi — osiy qavm bo‘ldilar.

134. Qachonki ularning ustiga bu azob tushgach: «Ey Muso, senga bergan va’dasi haqqi-hurmati, Parvardigoringta duo qil. Qasamki, agar bizlardan shu azobni ko‘tarsang, albatta senga (payg‘ambarligingga) iymon keltirurmiz va bani Isroilni sen bilan birga (o‘z vatanlariga) jo‘naturmiz», dedilar.

135. Endi ulardan bu azobimizni (ular) o‘zlari yetib borguvchi bo‘lgan muddatgacha (ya’ni qiyomat kunigacha) ko‘targanimizda esa, banogoh (ichgan qasamlarini) buzib turibdilar.

136. Bas, Biz ulardan intiqom oldik — oyatlarimizni yolg‘on deganlari va ulardan g‘ofil bo‘lganliklari sababli dengizga g‘arq qildik.

137. (Misr va Shomdagi) yerning O’zimiz barakotli qilgan mashriq va mag‘riblariga bechora qavmni (ya’ni bani Isroilni) voris qilib qo‘ydik. Sabrtoqat qilganlari sababli bani Isroilga Parvardigoringizning («Bu yerdan bechora bo‘lgan zotlarga in’om qilishni va ularni odamlarga yetakchi qilib qo‘yishni istaymiz», degan) go‘zal so‘zlari to‘la-to‘kis bo‘ldi. Fir’avn va qavmi qurib olgan imoratlarni va baland qilib ko‘targan qasrlarni esa vayron qildik.

138-139. (Keyin) bani Isroilni dengizdan o‘tkazganimizdan so‘ng, ular butlariga sig‘inib turgan bir qavm oldidan o‘tdilar va: «Ey Muso, bizlarga ham ularning ilohlari kabi xudo qilib (yasab) ber», dedilar. U aytdi: «Albatta, sizlar bilmaydigan qavmdirsizlar. Axir ularning (ibodat qilib) turgan narsalari yo‘q bo‘lguvchi, qilib turgan amallari esa botil-ku?»

140. (Yana) aytdi: «Men, sizlarni butun olamlardan afzal qilib qo‘ygan Allohdan o‘zgani (ya’ni jonsiz butni) sizlarga xudo qilib beramanmi?!»

141. (Ey bani Isroil), sizlarni yomon azob qiynayotgan, o‘g‘illaringizni o‘ldirib, ayollaringizni tirik qoldirayotgan Fir’avn odamlaridan qutqarganimizni eslangiz! Bu ishlarda (ya’ni bu azob va najotda) Parvardigoringiz tarafidan ulug‘ imtihon bordir.

142. Muso bilan o‘ttiz kechaga va’dalashgan edik. So‘ngra uni yana o‘n (kecha) bilan to‘ldirdik. Bas, Parvardigorining (uning uchun belgilagan) vaqti komil qirq kecha bo‘ldi. (Alloh Tur tog‘ida Musoga shuncha muddat tanho ibodat qilishni buyurdi. (Alloh taologa munojot qilish uchun ketar ekan), Muso akasi Horunga dedi: «Qavmim ustida mening o‘rinbosarim bo‘lgin va (agar ular yomon amal qilsalar) tuzatgin. Buzg‘unchi kimsalarning yo‘liga ergashmagin».

143. Qachonki Muso (va’dalashgan) vaqtimizda (Tur tog‘iga) kelib, Parvardigori unga (bevosita) so‘zlagach, u: «Parvardigorim, menga (jamolingni) ko‘rsatgin. Senga bir qaray», dedi. (Alloh) aytdi: «Sen Meni (bu dunyoda) hargiz ko‘rolmaysan. Ammo mana bu tog‘ga boq. (Men unga ko‘rinurman.) Bas, agar u (Men ko‘ringanimda) o‘rnashgan joyida tura olsa, sen ham Meni ko‘rajaksan». Qachonki, Parvardigori u tog‘ga ko‘ringan edi, uni mayda-mayda qilib tashladi va (bu holni ko‘rgan) Muso hushsiz holda yiqildi. O’ziga kelganidan keyin esa dedi: «Pok Parvardigor (noo‘rin savol so‘rashdan), O’zingga tavba qildim. Endi men (Sening naqadar buyuk zot ekaningga) iymon keltiruvchilarning avvali — peshqadamiman».



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.


Сообщение отредактировал MoniKa - Шанба, 09.05.2009, 8:05:52
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:06:11 | Сообщение # 6
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
144. Alloh aytdi: «Ey Muso, haqiqatan Men seni odamlar ustida payg‘ambarim bo‘lishga va (bevosita) kalomimni eshitishga tanlab oldim. Bas, senga ato etgan narsamni (ya’ni payg‘ambarlikni) olgin va shukr qilguvchilardan bo‘lgin!»

145. Uning uchun lavhlarga (ya’ni Tavrot varaqlariga) hamma narsani — pandQur’oni karim. Alouddin Mansur tarjimasi nasihat va barcha narsalarning tafsilotini yozib qo‘ydik va: «Ularni mahkam ushlagan hamda qavmingni u pand-nasihatlarning eng go‘zallarini olishlariga buyurgin» (dedik). Endi sizlarga itoatsiz kimsalarning diyorini ko‘rsaturman.

146. Endi yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyatmo‘‘ jizalarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, to‘g‘ri - haq yo‘lni ko‘rsalar uni (o‘zlar uchun) yo‘l qilib olmaydigan, agar zalolat — noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni yo‘l qilib oladigan kimsalarni O’z oyat-mo‘‘jizalarimdan burib yuborurman (ya’ni anglab yetmaydigan qilib qo‘yurman). Bunga sabab ular Bizning oyatlarimizni yolg‘on deganlari va u oyatlardan g‘ofil bo‘lib olganlaridir.

147. Bizning oyatlarimizni va oxiratdagi muloqot (qiyomat)ni yolg‘on degan kimsalarning qilgan amallari behuda ketar. Ular faqat o‘zlarining amallari (ya’ni kufru isyonlari) bilan jazolanurlar.

148. Musoning qavmi undan keyin (ya’ni u Tur tog‘iga Allohga munojot qilish uchun ketganidan keyin) o‘zlarining bezak buyumlaridan bir buzoqni — ma’raydigan bir buzoq jasadi(ning shaklini yasab) oldilar (va unga ibodat qila boshladilar) — u o‘zlariga so‘zlamasligini va hidoyat ham qila olmasligini bilmadilarmi?! — ular o‘shani (ibodat qilish uchun) ushlab, (o‘zlariga) zulm qilguvchi bo‘ldilar.

149. Qachonki qo‘lga tushishgach (ya’ni buzoq xudo emasligini bilishib, hafsalalari sovugach) va o‘zlarining yo‘ldan ozganliklarini bilgach, aytdilar: «Qasamki, agar Parvardigorimiz bizga rahm etmasa va (bu gunohimizni) mag‘firat qilmasa, albatta ziyon ko‘rguvchilardan bo‘lib qolurmiz».



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:12:18 | Сообщение # 7
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
150. Qachonki Muso qavmiga (Ularning buzoqqa sig‘inganliklaridan) g‘azablangan va g‘amgin bo‘lgan holda qaytgach: «Mening ortimdan naqadar yomon (ishlar qilib) qoluvchi (xalifa) bo‘ldingiz. Parvardigoringizning amrfarmonidan (u yetib kelgunicha sabr qilmay) shoshib ketdingizmi?» deb (g‘azablanganidan qo‘lidagi) lavxlarni tushirib yubordi va akasining boshidan (sochidan) ushlab o‘ziga torta boshladi. (Horun) dedi: «Ey onamning bolasi — birodarim», bu qavm meni xo‘rlab, o‘ldirishlariga oz qoldi, endi sen ham bu dushmanlarni mening ustimdan kuldirmagin va meni bu zolim qavm bilan birga deb bilmagin.
151. (Muso) dedi: «Parvardigorim, meni va birodarimni O’zing mag‘firat qilgaysan va bizni O’z rahmatingga doxil qilgaysan. O’zing rahm qilguvchilarning rahmlirog‘isan».

152. Shubhasiz, buzoqni («xudo» qilib) ushlab olgan kimsalarga Parvardigorlari tarafidan g‘azab va hayoti dunyoda xor-zorlik yetar. (Alloh sha’niga) yolg‘on to‘quvchi kimsalarni mana shunday jazolaymiz.

153. Gunoh ishlarni qilib, keyin ularning ortidan tavba qilgan va iymon keltirgan kishilar uchun esa albatta Parvardigoringiz o‘shandan keyin ham mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

154. Qachonki Musoning g‘azabi bosilgach, haligi lavhlarni (erdan) oldi — unda Parvardigoridan qo‘rqadigan kishilar uchun hidoyat va rahmat bo‘lur, deb bitilgan edi.

155. Muso Bizning belgilagan vaqtimizga (huzurimizga) olib kelish uchun o‘z qavmidan (buzoqqa sig‘inmagan) yetmish kishini tanlab oldi. Shu payt ularni dahshatli zilzila tutgan edi, aytdi: «Parvardigorim, agar xohlasang ularni ham, meni ham ilgari (ya’ni ular buzoqqa sig‘inayotgan paytlarida) halok qilsang bo‘lur edi. Oramizdagi aqlsiz kimsalarning qilmishlari sababli (endi) bizlarni halok qilasanmi? Axir bu (ya’ni ularning buzoqqa sig‘inishlari) faqatgina O’zing xohlagan kishingni u sababli adashtiradigan, xohlagan kishini hidoyat qiladigan bir imtihoning edi-ku? O’zing hojamizsan, bas, bizni mag‘firat qil, bizlarga rahm ayla. O’zing mag‘firat qilguvchilarning eng yaxshisidirsan.

156-157. Bizlar uchun bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik yozgin. O’zingga tavba qildik». (Alloh) aytdi: «Azobimni o‘zim xohlagan kimsaga yetkazurman. Rahmatim — mehribonligim esa hamma narsadan kengdir. Men uni (rahmatimni) taqvo qiladigan, zakotni beradigan zotlarga va Bizning oyatlarimizga iymon keltirguvchi bo‘lgan kishilarga yozurman. Ular shunday kishilardirki, ummiy (savodsiz) payg‘ambarga — nomini o‘z oldilaridagi Tavrot va Injilda yozilgan holda topishadigan — elchimizga ergashadilar. U payg‘ambar ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni ular uchun halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ulardan yuklarini va ustlaridagi kishanlarini olib tashlaydi (ya’ni islom dinidan avvalgi dinlarda bo‘lgan og‘ir, mashaqqatli ibodatlarni olib tashlab, ularning o‘rniga oson va yengillarini keltiradi). Bas, unga iymon keltirgan, uni ulug‘lab, unga yordam qilgan hamda uning (kelishi) bilan nozil qilingan nurga (ya’ni Qur’onga) ergashgan zotlar — ana o‘shalargina najot topguvchilardir.

158. Ayting (ey Muhammad): «Ey odamlar, albatta men sizlarning barchangizga Alloh (yuborgan) elchiman. U shunday zotki, samovot va yer Uning mulkidir. Hech qanday iloh yo‘q, faqat Uning O’zi bordir. Hayot va o‘lim beradigan ham Uning O’zidir. Bas, Allohga va Uning elchisiga — Alloh va Uning so‘zlariga ishonadigan ummiy payg‘ambarga iymon keltiringiz va unga ergashingiz— shoyad hidoyat topursiz».

159, Muso qavmidan shunday jamoat ham borki, haq (so‘z) bilan (odamlarni) to‘g‘ri yo‘lga boshlarlar va haq (hukmlar) bilan adolat kilurlar.

160. Ularni (ya’ni Muso qavmini) jamoa-jamoa qilib o‘n ikki urug‘ — avlodga bo‘lib yubordik va Musoga qavmi undan suv so‘ragan paytida: «Asoing bilan toshni urgin!» deb vahiy yubordik. Bas, undan (toshdan) o‘n ikki chashma otilib chiqdi — hamma odamlar o‘z suvlarini bildilar. Ularga (sahroda) bulutni soyabon qildik va ustlaridan shirinlik va bedanalar yog‘dirib: «Sizlarni bahramand qilgan pok narsalarimizdan yenglar», dedik. Ular (bergan ne’matlarimizga noshukr bo‘lishlari bilan) Bizga jabr qilmadilar, balki o‘zlariga jabr qilguvchi bo‘ldilar.

161. Ularga: «Mana shu shaharni (Bayt-ul-Muqaddasni) maskan tutingiz va undan xoxlagan joyingizda taomlaningiz hamda «kechirgin» deb shaharga darvozadan sajda qilgan holingizda kiringiz! (Shunda) gunoxlaringizni mag‘firat qilurmiz, chiroyli amal qilguvchilarga esa (marhamatimizni) ziyoda qilurmiz», degan paytimizni eslang!

162. Bas, ulardan zolim bo‘lgan kimsalar o‘zlariga aytilgan («kechirgin») so‘zini butunlay boshqa bir so‘zga almashtirdilar. (Shundan keyin) ularga zolim bo‘lganlari sababli osmondan azob yubordik.

163. (Ey Muhammad), ulardan (yahudiylardan) dengiz oldidagi qishloq haqida — shanba kuni haddan oshganlari haqida (ya’ni man’ qilinganiga qaramasdan shanba kuni baliq ovlaganlari haqida) so‘rang. O’shanda, shanbalik qilgan (ya’ni baliq ovlamagan) kunlarida baliqlar (suv yuzida) ochiq kelar edi, shanbalik qilmagan kunlarida (ya’ni shanbadan boshqa kunlarda) esa kelmas edi. Ularni itoatsiz bo‘lganlari sababli mana shunday imtihon qilurmiz.

I z o h . Mufassirlardan Qurtubiyning yozishlaricha, bu voqea Dovud alayhis-salom zamonlarida bo‘lgan ekan. O’shanda shanba kunlari baliqlar son-sanoqsiz bo‘lib suv yuzida oqib kelar, ertasiga esa daryoda bironta baliq qolmas ekan. Bu fursatdan foydalangan iblis ayrim yaxudiylarni vasvasaga solib, ular daryo chetlarida tez xovuzlar kavlashib, shanba kunlari baliqlarni qamab olishadigan, ertasiga esa o‘sha hovuzlardan tutib ketadigan bo‘lgan edilar. Bu qilmishlari oqibatida ular Tangrining imtihonidan o‘ta olmagan ekanlar. Yuqoridagi oyatda e’tiqodsizlarni Tangri o‘tib bo‘lmaydigan baloimtihonlarga giriftor qilishiga ham ishora bordir. O’shanda yahudiylar uch toifaga bo‘linib qolgan ekanlar: bir toifa yuqorida aytilgan shanba kunlari baliq ovlayveradigan itoatsizlar, ikkinchi toifa o‘zlarini bu jinoyatdan saqlab, o‘zgalarni ham undan qaytaradiganlar, uchinchi toifa esa o‘zlari u kunda baliq tutmay, o‘zgalarni ham undan qaytarmaydiganlar edi. Quyidagi oyatda mana shu uchinchi va ikkinchi toifa o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob zikr etiladi.

164. O’shanda ulardan bir jamoat: “Ne sababdan Allohning O’zi halok etadigan yoki qattiq azoblaydigan qavmga pand-nasihat qilursizlar?» deganlarida, ular (ya’ni ikkinchi toifadagi odamlar) aytdilar: «Parvardigoringizga (qiyomat kunida) uzrimizni aytish uchun va shoyad (ular) Allohdan qo‘rqsalar, deb (nasihat qilmoqdamiz)».

165. Bas, qachon ular (ya’ni itoatsiz kishilar) o‘zlariga eslatma qilib berilgan narsani unutishgach, bu gunoh ishdan qaytargan zotlarga najot berdik va zolim kimsalarni itoatsiz bo‘lganlari sababli qattiq azob bilan ushladik.

166. Endi qachonki o‘zlari qaytarilgan ishdan (qaytmasdan) kibru havo qilganlaridan keyin ularga: «Badbaxt maymunlarga aylaningiz», dedik.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:12:45 | Сообщение # 8
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
167. O’shanda Parvardigoringiz albatta ularning ustiga qiyomat kunigacha yomon azob bilan azoblaydigan zotlarni yuborishini bildirgan edi. Shubhasiz, Parvardigoringiz (kofirlar uchun) azobi qattiq, (mo‘minlarni zsa) mag‘firat qilguvchi, mehribondir.

168. Ularni (yahudiylarni) butun yer yuziga jamoa-jamoa qilib bo‘lib yubordik. Ularning oralarida yaxshilari (iymonga kelganlari) ham, unday emaslari (iymonsizlari) ham bordir. Ularni (kufr va isyondan) qaytishlari uchun ko‘p yaxshilik (ne’matlar) va yomonliklar (balolar) bilan sinab ko‘rdik.

169. Ulardan so‘ng Kitobga (Tavrotga) merosxo‘r bo‘lgan bir avlod keldiki, ular bu tuban (dunyo) narsalarini (halol, haromligiga qaramay) oladilar va «Albatta bizlar mag‘firat qilinurmiz», deydilar. Holbuki, agar yana o‘shanga o‘xshagan narsa kelib qolsa, uni ham olaveradilar. Axir ulardan Kitobda (Tavrotda) Alloh sha’niga faqat haqni aytishlari borasida ahd-paymon olinmaganmidi? Undagi oyatlarni o‘qib o‘rgangan edilar-ku! Allohdan qo‘rqadigan zotlar uchun (bu dunyo matolaridan) oxirat diyori yaxshiroq-ku! Aql yurgazmaysizlarmi?!

170. (Ularning oralarida) Kitobni mahkam ushlagan va namozni to‘kis ado qilgan zotlar ham borki, albatta Biz o‘zlarini tuzatguvchi kishilarning ajrmukofotlarini zoe qilmagaymiz.

171. (Ey, Muhammad), Tur tog‘ini ko‘chirib olib, ularning ustlarida go‘yo bir soyabondek ko‘tarib turib, ular uni ustlariga qulab tushadi, deb gumon qilgan hollarida: «Biz sizlarga ato etgan narsani (Tavrotni) mahkam ushlangiz va taqvodor bo‘lishingiz uchun undagi oyatlarni yodda tutingiz!» degan paytimizni eslang.

172. Parvardigoringiz Odam bolalarining bellaridan (ya’ni pushti kamarlaridan to qiyomat kunigacha dunyoga keladigan barcha) zurriyotlarini olib: «Men Parvardigoringiz emasmanmi?», deb, o‘zlariga qarshi guvoh qilganida, ular: «Haqiqatan Sen Parvardigorimizsan, bizlar bunga shohidmiz», deganlarini eslang! (Sizlardan bunday guvoxlik – ahd-paymon olishimiz) qiyomat kunida: «Bizlar bundan bexabar edik», demasliklaringiz uchundir.

173. Yoki: «Axir ilgari ota-bobolarimiz mushrik bo‘lgan esalar, bizlar ulardan keyin kelgan (va ularning o‘rgatgan yo‘llariga ergashgan) avlod bo‘lsak, o‘sha nohaq yo‘lda o‘tgan kimsalarning qilmishlari sababli bizlarni halok qilurmisan», demasliklaringiz uchundir.

I z o h . Xalq orasida mashhur bo‘lgan «almisoq, almisoqdan qolgan» degan iboralarning asl mazmuni yuqoridagi ikki oyatda mazkur bo‘ldi. Qur’on bizga uqtirishicha, Tangri taolo o‘z qudrati bilan Odam alayhis-salomning belidan undan tarqaydigan barcha zurriyotlarini chiqarib, ularga O’zining mo‘‘jizalarini ko‘rsatgach: «Aytinglar-chi, Men Sizlarning rabbingiz emasmanmi», deganida, ular: «Parvardigoro, O’zing barchamizning rabbimizsan, bizlar bunga guvoh bo‘ldik», deb Tangriga ahdu paymon, ya’ni misoq bergan ekanlar. Shuning uchun islom ulamolari: «Kimda-kim kofir bo‘lsa yoki dinidan qaytsa, o‘zining Tangriga bergan misoqidan qaytgan bo‘ladi», deydilar. Muhammad alayhis-salomning: «Har bir tug‘ilgan bola toza holda — islomda tug‘iladi. Keyin otaonasi uni yo yahudiy, yo nasroniy, yo majusiy qilib buzuq tarbiya berishadi», degan hadislarining mazmuni ham yuqoridagi oyatlarga hamohangdir.

174. Shoyad (kufrlaridan) qaytsalar deb oyatlarni mana shunday mufassal qilurmiz.

175. (Ey Muhammad), ularga (yahudiylarga) bir kimsaning xabarini tilovat qiling — u qimsaga oyatlarimizni bildirgan edik. Bas, u o‘sha oyatlarimizdan chetlangach (ya’ni ularga amal qilmagach), uni shayton ergashtirib ketib, yo‘ldan ozguvchilardan bo‘lib qoldi.

176. Agar xoxlasak uni o‘sha oyatlar sababli (yuqori darajalarga) ko‘targan bo‘lur edik. Lekin u yerga (ya’ni molu dunyoga) berildi va havoyi-nafsiga ergashdi. Bas, uning misoli xuddi bir itga o‘xshaydiki, uni haydasang ham tilini osiltirib turaveradi yoki (o‘z holiga) qo‘ysang ham tilini osiltirib turaveradi. Bu Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarning misolidir. Ular tafakkur qilsinlar uchun bu qissalarni so‘ylang.

I z o h . Ushbu ikki oyat garchi Muso payg‘ambar davridagi mol-dunyoga berilgan bir yahudiy «olim» haqida nozil bo‘lgan esa-da, bu oyatlarning hukmi bilgan ilmiga amal qilmay dinfurushlik bilan kun o‘tkazadigan «ulamolar»ning barchasiga taalluqlidir. Zotan, ilm kishining diyonat va e’tiqodini ziyoda qilish o‘rniga ahli davlat, ahli dunyolarga qul qilib qo‘ysa, u ilm emas, balki jaholat — ilmsizlikdir.

177. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarning misoli naqadar yomon bo‘ldi va ular o‘zlariga zulm qilguvchi bo‘ldilar.

178. Alloh kimni hidoyat qilsa, bas, o‘sha hidoyat topguvchidir. U zot kimni yo‘ldan ozdirsa, bas, ana o‘shalar ziyon ko‘rguvchidirlar.

179. Biz jin va insdan ko‘plarini jahannam uchun yaratganimiz muhaqqaqdir. Ularning dillari boru anglay olmaydilar, ko‘zlari boru ko‘ra olmaydilar, quloqlari boru eshitmaydilar. Ular chorvalar kabidirlar, yo‘q, ular (beaql, befahmlikda) chorvalardan ham battardirlar. Ana o‘shalar g‘aflatda qolgan kimsalardir.

180. Allohning go‘zal ismlari bordir. Bas, Uni o‘sha ismlar bilan chorlanglar (yod etinglar). Uning ismlarida haqdan og‘ib (noo‘rin joylarda ularni qo‘llaydigan mushrik) kimsalarni tark qilinglar. Ular yaqinda qilib o‘tgan amallariga yarasha jazolanurlar.

181. Biz yaratgan zotlar orasida (odamlarni) haq (din) bilan hidoyat qiladigan va haq (hukm) bilan adolat qiladigan bir jamoat ham bordir.

182. Bizning oyatlarimizni yolg‘on degan kimsalarni esa o‘zlari bilmay qoladigan tarafdan sekin-asta halokatga olib borurmiz.

183. (Hozircha) ularga muhlat berib qo‘yurman. Albatta, Mening «makrim» qattiqdir.

184. Ular hamroxlarida (ya’ni Muhammad alayhis-salomda) hech qanday junun yo‘qligini o‘ylamaydilarmi?! U faqat (Allohning azobidan) oshkora ogohlantirguvchi zotdir.



Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
MoniKaДата: Шанба, 09.05.2009, 8:13:05 | Сообщение # 9
Eng tajribali
Группа: Foydalanuvchi
Сообщений: 335
Статус: Offline
185. Samovot va Yer mamlakatlari haqida, Alloh yaratgan narsalar to‘g‘risida va ajallari yaqinlashib qolgan bo‘lishi mumkinligi xususida o‘ylamaydilarmi?! Undan (Qur’ondan) so‘ng (ya’ni unga ishonmaganlaridan keyin) yana qanday gapga ishonadilar-a?!

186. Kimni Alloh adashtirib qo‘ysa, uning uchun biron hidoyat qilguvchi bo‘lmas. (Alloh) undaylarni o‘z tug‘yonlarida adashib-uloqib yurgan hollarida tark qilur.

187. (Ey Muhammad), sizdan Soat (ya’ni qiyomat) qachon voqe bo‘ladi, deb so‘raydilar. Ayting: «Uning bilimi faqatgina Parvardigorim dargohidadir. Vaqtisoati kelganida ham faqat O’zi oshkor qilur. U (ya’ni qiyomat) samovot va yer uchun juda og‘ir (dahshatli) bir ishdir. U sizlarga faqat to‘satdan — kutilmaganda kelur». Go‘yo siz u haqda yaxshi biladigandek so‘raydilar. Ayting: «Uning bilimi faqatgina Alloh dargohidadir. Lekin juda ko‘p odamlar uni bilmaydilar».

188. Ayting: «Men o‘zim uchun ham na foyda va na ziyon yetkazishga ega bo‘la olaman. Magar Allohning xohlagani bo‘lur. Agar g‘aybni bilganimda edi, yaxshi amallarni ko‘paytirgan bo‘lur edim va menga biron ziyon yetmagan bo‘lur edi. Men faqat iymon keltiradigan qavm uchun (do‘zax azobidan) ogoxlantirguvchi va (jannat ne’matlari haqida) xushxabar berguvchiman, xolos».

189. U (Alloh) shunday zotki, sizlarni bir jondan (Odamdan) yaratdi va u oromosoyish topsin deb uning o‘zidan juftini vujudga keltirdi. Unga qo‘shilganidan keyin u (Havvo) yengil yuk (homila) bilan yukli bo‘lib, o‘sha (yuk) bilan yurdi. Bas, qachonki, og‘irlashganida, (ular) Parvardigorlari bo‘lmish, Allohga duo qildilar: «Qasamki, agar bizga solih farzand ato qilsang, albatta shukr qilguvchilardan bo‘lurmiz».

190. Endi (Alloh) ularga solih (farzand) ato etganidan keyin Unga (Uning) O’zi ato etgan narsada (ya’ni bolaga nom qo‘yishda), shirk keltira boshladilar. Bas, Alloh ularning shirk keltirgan narsalaridan yuksakdir.

I z o h . Rivoyat qilishlaricha, Havvo farzand ko‘rganida iblis kelib uni yo‘ldan ozdirib, bolasiga Abdulxars, ya’ni Xarsning — yerning bandasi, deb nom qo‘yadi. Allohdan o‘zgaga bandalik qilish joiz bo‘lmagani uchun Qur’on Havvoning bu qilmishini shirk deb ataydi.

191. Hech narsani yarata olmaydigan, balki o‘zi yaratiluvchi bo‘lgan narsalarni (Allohga) sherik qiladilarmi?!

192. Ular uchun biron yordam qilishga qodir bo‘lmaydigan, hatto o‘ziga o‘zi yordam qila olmaydigan (narsalarni Allohga sherik qiladilarmi?!)

193. Agar ularni (ya’ni butlarni) hidoyatga chaqirsangiz, sizlarga ergashmaydilar (ya’ni ular jonsizdirlar). Sizlar uchun ularni chaqirishingiz yoki sukut qilib turishingiz barobardir (ya’ni baribir ular javob bera olmaydilar).

194. Shubhasiz, Allohdan o‘zga sizlar iltijo qilayotgan narsalar xuddi (sizning) o‘zlaringiz kabi bandadirlar. Bas, agar rostgo‘y bo‘lsangizlar, sizlar ularni chaqiringlar, ular sizlarga javob qilsinlar-chi?!

195. Ularning oyoqlari bormiki, yursalar, yo qo‘llari bormiki tutsalar, yoki ko‘zlari bormiki ko‘rsalar, yoxud quloqlari bormiki tinglasalar?! Ayting (Ey Muhammad): «Usha butlaringizni chaqiringlar-da, so‘ngra menga bir lahza muxlat bermay bor hiyla-nayrangingizni qilaveringlar». (Qanday hunar ko‘rsatmang, natijasi hechdir.)

196. Zotan, mening egam shu Kitobni nozil qilgan Allohdir. U solih bandalarga yor bo‘lur.

197. Undan o‘zga sizlar iltijo qilayotgan narsalar sizlarga yordam qilishga qodir emaslar va ular o‘zlariga ham yordam qila olmaslar.

198. Agar ularni hidoyatga chorlasangiz, eshitmaydilar. Ular o‘zlari ko‘rmagan hollarida sizga (boqib) turganlarini ko‘rursiz.

199. (Ey Muhammad), marhamatli bo‘ling, yaxshilikka buyuring va johillardan yuz o‘giring!

200. Agar sizni shaytonning vasvasasi yo‘ldan urmoqchi bo‘lsa, Allohdan panoh so‘rang! Albatta, U eshituvchi, bilguvchidir.

201. Taqvo qilguvchi zotlarni qachon shayton tomonidan biron vasvasa ushlasa, (Allohni) eslaydilar, bas (to‘g‘ri yo‘lni) ko‘ra boshlaydilar.

202. Ularning (shaytonlarning) do‘stlari esa yo‘ldan ozdirishda ularga (shaytonlarga) yordam beradilar, so‘ng (bu ig‘volarini) to‘xtatmaydilar.

203. Qachon ularga biron oyat keltirmasangiz, «O’zing to‘qiy qolmaysanmi?» deyishadi. Ayting: “Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman. Bu (Qur’on) iymon keltiradigan kavm uchun Parvardigoringiz tarafidan ko‘rsatma, hidoyat va rahmatdir».

204. Qachonki Qur’on qiroat qilinsa, unga quloq tutingiz va jim turingiz — shoyad (Alloh tarafidan) rahmatga sazovor bo‘lsangizlar.

205. Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, dildan ertayu-kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang!

206. Albatta Parvardigoringizning huzuridagi zotlar (ya’ni farishtalar) Unga ibodat qilishdan or qilmaydilar. Uni poklaydilar va Ungagina sajda qiladilar”.

I z o h . Qur’onda bir necha suralarda sajda oyatlari mavjud bo‘lib, mazkur suraning so‘nggi oyati ham o‘sha sajda oyatlarining avvalgisidir. Bunday oyat o‘qilganda o‘quvchiga ham, tinglovchiga ham bir marta Allohga sajda qilish vojib bo‘ladi.


Gul bo'lsayu, hid bo'lmasa chaman hayf
Rabbisiga ishq bo'lmasa tana hayf
Peshonasi sajda ko'rmay o'lib ketsa
U bandaga janozayu, kafan hayf.
 
  • Страница 1 из 1
  • 1
Поиск:

Copyright MyCorp © 2024